Atrof muhitning yuqori haroratida mushak faoliyati
Litosferadagi o'zgarishlar — tuproqlarning ifloslanishi. Davrlar o'tishi bilan, umuman, Yer yuzasi qatlamlarining tarkib-tuzilmasi va sifat ko'rsatkichlari ham o'zgarib borayotgani kuzatilmoqda. Odamlarning Yer yuzida ko'payishi, ya'ni demografik omil sabab, hozir inson oyog'i yetmagan joy qolmadi ham desak, aslo xato bo'lmaydi. Boshqacha aytganda, odamzod yashamaydigan tabiiy holatdagi hududlar yildan — yilga keskin kamaymoqda. Shu narsa ham yaxshi ma'lumki, inson qayerda yashamasin —o'z ehtiyojlarini, asosan, tabiat hisobiga qondirishga harakat qiladi. Shu bilan birga. turli-tuman ishlab chiqarish korxonalarini barpo etadi va turli xil texnika vositalari, turli ko'rinishdagi transportlardan foydalana boshlaydi. Buni natijasi nimalarga olib kelishi esa, yuqorida bayon qilingan ma'lumotlardan juda yaxshi ko'rinib turibdi.
Masalaning boshqa tomoni, ya'ni insoniyat faoliyati (antropogen omil) natijasida, nafaqat litosferaning tarkib — tuzilmasi, Yerdagi barcha tabiiy manbalar holati, shuningdek, yer landshaft manzarasida ham keskin o'zgarishlar sodir bo'lmoqda. Fikrimiz isboti uchun quyida misollar keltiramiz.
Ko'pchilikka yaxshi ayonki, hozirgi davrda, turli — tuman sanoat korxonalari, energetika tarmog'i va boshqa sohalarni xomashyo bilan ta'minlash maqsadida litosfera qa'ridan tabiiy gaz, neft, ko'mir va boshqa har xil ma'danli va ma'dansiz minerallar qazib olinmoqda. Xuddi shuningdek, yer osti suvlaridan ham jadal sur'atlarda foydalanilmoqda. Natijada, nafaqat tabiiy manbalar zahiralarining kamayishi, hatto, litosfera qatlamlari tarkibida har xil ko;rinish va hajmlarda bo'shliqlar paydo bo'lishi bilan Yer qatlamlari siljishlari kuzatilmoqda ham.
Yuqoridagidek o'zgarishlar tufayli, yer osti qatlamlariga xos tektonik kuch va jarayonlarning har xil ko'rinishda ta'siri ham namoyon bo'lmoqda. Yer ko'chmalari, har xil darajadagi silkinish (zilzila) lar va boshqa turdagi abiotik voqea - hodisalar borgan sari ko'plab kuzatilayotganini ham ko'rsatish mumkin. Boz ustiga, ayniqsa, biosfera uchun o'ta xavfli chiqit moddalar (yadroviy chiqitlar) ham litosfera tarkibiga joylashtirilmoqda. Bular hammasi hozirning o'zida yangi-yangi ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Litosferaga chiqarib tashlanayotgan chiqit moddalar miqdori bo'yicha bir qator ma'lumotlarni keltiramiz. XX asr oxirlarida faqat 1 yilda 100 mln t.dan ortiq turli xil tarkibidagi qattiq chiqitlar hosil bo'lgan va atrof - muhitga chiqarib tashlangan. Xuddi shunday chiqitlar Fransiyada 600 mln t.. AQSh da 5 mlrd. t. dan ortiq darajada bo'lgan. Endi, dunyo bo'yicha 200 dan ortiq davlat borligi inobatga olinsa, 1 yilning o'zida qancha miqdorda qattiq chiqit moddalarning paydo etilishini tasavvur qilish unchalik qiyin emas. Ana shunday chiqindi moddalarning aksariyati qayta ishlanmay, tozalanmay, zararsizlantirilmasdan litosferaga tashlanishi, tabiiyki, kelgusida ko'plab yangi ekologik muammolarni keltirib chiqarishi muqarrar.