Alanga (gaz oqimlarining) haroratini o‘lchash Alanga haroratini o‘lchashning o‘ziga xos xususiyatlari va qiyinchiliklari bor. O‘lchash usulini tanlashda o‘lchanayotgan haroratlar darajasi, maqbul aniqlik va alanga turi tahlil qilinadi. Alanga harorati ko‘pgina sanoat qurilmalarida 1600...1900°S atrofida bo‘ladi. Uni nurlanish pirometrlari yoki kontaktli termometrlar yordamida o‘lchanadi. Bu haroratni nurlanish bo‘yicha o‘lchaganda uni pirometrning vizirlash o‘qi bo‘ylab fazoviy o‘rtalashtirish yuz beradi. O‘lchash natijalariga alangadagi nurlanish komponentlari ta'sir etadi. Pirometr qabul qiladigan to‘lqinlar uzunligini tanlash katta ahamiyat kasb etadi. Gazlarning nur tarqatmaydigan issiq yoki sovuq qismlarini maxsus bo‘yamasdan turib, pirometrlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
Bunday o‘lchashning kamchiliklaridan biri haroratni optik o‘q bo‘ylab o‘rtalashtirishdir. Shuning uchun, topilgan natija alanganing qaysi nuqtasiga tegishli ekanini aniqlab bo‘lmaydi. Bu jihatdan o‘lchamlari uncha katta bo‘lmagan termoelektr termometrlarni qo‘llash katta afzaliklarga ega. Ammo bunday termometrning harorati gaz haroratidan ancha (1OO...2OO°S ga) farq qilishi mumkin, chunki u termometrning issiqlik balansi bo‘yicha aniqlanadi.
Eritmaning haroratini o‘lchash Eritmalarning haroratini o‘lchash murakkabligi asosan termometr himoya g‘ilofining zanglashi bilan bog‘lik. Tuz eritmalarining haroratini o‘lchashda himoya g‘iloflari bir necha o‘n soatdan keyin eritmaning agressiv ta'siri sababli ishdan chiqadi. Shuning uchun, ko‘pincha g‘ilofni sifatsiz, arzon, osonlik bilan almashtiriladigan, bir vaqtda termojuft elektrodidan iborat bo‘ladigan po‘latdan yasaladi. Shisha eritmalari haroratini o‘lchash uchun himoya g‘iloflari uglerodli yoki qimmatbaho metallardan yasaladi.
Qovushoq muhitlar haroratini o‘lchashda ma'lum qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Bu hollarda issiqlikka sezgir elementni osongina tozalashni, ko‘pincha almashtirishni ham ta'minlash zarur. Bunda sezgir element bilan o‘lchanayotgan muhit orasida yetarli darajada yaxshi kontakt ta'minlangan bo‘lishi kerak.
Biror o‘lchash usulini tanlash va uning konstruktiv bajarilishi eritma haroratini o‘lchashning konkret sharoitlari, ularning turli materiallar bilan o‘zaro ta'sirlashuvi, nurlanish qobiliyati va boshqa fizik hamda kimyoviy xossalari bilan belgilanadi.