O‘lim va o‘lmaslik . O‘lim va o‘lmaslik ahloqshunoslikdagi eng murakkab tushunchalar.
Avvalo shuni aytish kerakki, o‘lim shu paytgacha ahloqiy tushuncha sifatida «rasmiy» olib
qaralmagan. Vaxolanki uni eng katta yovuzlik, eng ulkan baxtsizlik tarzida talqin etish odat tusiga
kirgan. Mantiqan olib qaralganda, ezgulik va baxtning ziddi bo‘lgan bu tushuncha axloqqa
taaluqli, ya’ni illatdir. Zero o‘lim oliy qadriyat bo‘lmish inson hayotini kesib qo‘yadi, uning
ezguliklar, yaxshiliklar qilishga bo‘lgan imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. Masalan, Ibn Sino, juda
bo‘lmaganda, yana o‘n yil yashaganida, 67 yoshga kirganida qanchadan–qancha ezgu ishlar
qilgan, falsafa, tibbiyot va badiiy adabiyot sohasida ko‘plab buyuk asarlar yaratgan bo‘lur edi.
O‘lim uni, u orqali bizni ham ana shu ma’naviy ezguliklaridan mahrum qildi. Demak, o‘lim, faqat
biologik yoki tabiiy tushuncha emas, uning mohiyati ahloqiylik bilan chambaras bog‘liq. To‘g‘ri,
o‘lim – haq. Lekin bu erda o‘limning turlari mavjudligini unutmaslik lozim.
O‘limning birinchi turi, bu tabiiy, tashqi tabiat va inson ichki tabiati bilan bog‘liq o‘lim. U
ikki xil bo‘ladi: birinchisi – odatiy o‘lim, u qarilik tufayli, inson a’zolarining hayotni davom
ettirishga yaroqsizligi tufayli ro‘y beradi. Ikkinchisi – halokat, u biror bir tabiiy ofat, yoki tasodiflar
tufayli voqe bo‘ladigan o‘lim.
Ikkinchi turdagi o‘lim – jamiyat bilan bog‘liq, u ham ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – majburiy
o‘lim, u odatda jazo shaklida amalga oshiriladi. Ikkinchi xili – bu dunyodagi azob–uqubatlardan,
ular hoh ruhiy, hoh jismoniy bo‘lsin, qutilib, uyqu bilan mangu orom olish uchun ixtiyoriy tarzda
amalga oshiriladigan o‘lim, totli o‘lim yoki evtanaziya deb ataladi. Ayni ana shu ikkinchi turdagi
o‘lim ahloq bilan bog‘liq. CHunonchi ikkinchi turdagi o‘limning birinchi xili – ulkan yovuzlik
hisoblanadi. SHunga ko‘ra, o‘lim jazosi yovuzlikka qarshi yovuzlik ko‘rsatishdir. Bu haqda
keyinroq bafurja to‘xtalamiz.