hech kimdan ayamaydi, ochiqko‘ngil, ochiqqo‘l, doimo o‘z bilimini oshirib borishga intiladi,
tirishqoq, oila a’zolariga mehribon va h.k. Unday odamni biz xushxulq inson deymiz va unga
mahallamizning namunasi sifatida qaraymiz. Bordi-yu, aksincha bo‘lsa, u qo‘ni-qo‘shnilar bilan
qo‘pol muomala qilsa, to‘y-ma’rakalarda janjal ko‘tarsa, sal gapga o‘dag‘aylab, musht o‘qtalsa,
ichib kelib, oilada xotin-bolalarini urib, haqoratlasa, uni badxulq deymiz. Uning badxulqliligidan
oilasi, tevarak-atrofdagi ba’zi shaxslar jabr ko‘radi, mahalladagilarning tinchi buziladi, lekin xatti-
harakatlari jamiyat ijtimoiy hayotiga yoki insoniyat tarixiga biror-bir ko‘zga tashlanadigan ta’sir
o‘tkazmaydi.
Biroq, bu fikrlardan odob va xulqning jamiyatdagi roli u qadar ahamiyatli emas ekan, degan
xulosa chiqmasligi kerak; fuqarolar orasida odoblilik va xushxulqlilikning keng yoyilishi jamiyat
axloqiy hayotigagina emas, balki butunisicha ijtimoiy taraqqiyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu ta’sir tufayli garchand jamiyat birdaniga yuksalib ketmasa-da, asta-sekinlik bilan, muntazam
ravishda yaxshilanib, ravnaq topib boradi.
Axloqqa kelsak, masala o‘ta jiddiy mohiyat kasb etadi: deylik, bir tuman yoxud viloyat
prokurori o‘zi mas’ul hududda doimo qonun ustuvorligini ta’minlash uchun intiladi, adolat qaror
topishini ko‘zlab ish yuritadi, lozim bo‘lsa, hokimning noqonuniy farmoyishlariga qarshi chiqib,
ularning bekor qilinishiga erishadi; oddiy fuqaro nazdida nafaqat o‘z kasbini e’zozlovchi shaxs,
balki haqiqiy huquq posboni, adolatli tuzum timsoli tarzida gavdalanadi; u-umrini millat, Vatan
va inson manfaatiga bag‘ishlagan yuksak axloq egasi; u, o‘zi yashayotgan
jamiyat uchun namuna
bo‘laroq, o‘sha jamiyatning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Agar mazkur prokuror,
aksincha, qonun himoyachisi degan nomi bo‘laturib, o‘zi qonunni buzsa, shaxsiy manfaati yo‘lida
oqni qora, qorani oq deb tursa, u axloqsizlik qilgan bo‘ladi: oddiy fuqaro nazdida birgina kishi-
prokuror-amaldor emas, balki butun jamiyat adolatsiz ekan, degan tasavvur uyg‘onadi. Bunday
tasavvurlarning muntazam kuchayib borishi esa oxir-oqibat o‘sha jamiyat yoki tuzumni tanazzulga
olib keladi.
Albatta, har uchala axloqiy hodisa va ularning ziddi nisbiylikka ega. Chunonchi, hozirgina
misol keltirganimiz prokurorning axloqsizligi darajasi bilan o‘z yakka hukmronligi yo‘lida
millionlab begunoh insonlarni o‘limga mahkum etgan Lenin, Stalin, Hitler, Pol Pot singari
shaxslar axloqsizligi orasida farq bor: agar prokurorning axloqsizligi bir millat yoki mamlakat
uchun zarar qilsa, totalitar tuzum hukmdorlari xatti-harakatlari
umumbashariy miqyosdagi
fojealarga olib keladi.
Axloqshunoslik qadimda fizika, metafizika va mantiq bilan birgalikda falsafaning uzviy
(uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) u alohida falsafiy yo‘nalishdagi
fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki,
falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan
umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. SHundan kelib chiqqan holda,
falsafaning predmetini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy
tafakkur taraqqiyotini, uning nazariy muammolarini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik
orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafasi
deb ham atash mumkin.
Bugungi kunda falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqshunoslik
axloqni: 1)
bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. SHunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy,
falsafiy-nazariy va mezoniy-me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar.
Zero, sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali
erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi,
kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy
xulosalar chiqaradi. Ya’ni axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Sitseron, Seneka,
Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy , Nasafiy, Spinoza, Kant, Hegel, SHopengauer, Foerbax,
Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar
yaratgan axloq nazariyasiga
doir ta’limotlar bilan birgalikda «Panchatantra», «Qutadg‘u bilik», «Qobusnoma», Sa’diyning
«Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Montenning
«Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa
bag‘ishlangan asarlari ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy
fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning ana shunday
omuxtaligidadir.
Umuman olganda, insoniyatning intellektual tarixida, hatto nisbatan dahriylik asri bo‘lmish
XX asrda ham, insonni Xudo yaratgan, degan fikr kamida to‘qson foizni tashkil etadi. Biz ham
ana shu ko‘pchilik tomonidamiz. Ayni paytda, kamchilik bildirgan va bildirayotgan aksilfikr ham
yashash huquqiga ega ekanini tan olamiz. Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovning mana bu
gaplari bizning fikrlarimiz uchun e’tiborli xulosa bo‘la oladi deb o‘ylaymiz:
«Shu o‘rinda ta’kidlamoqchi edimki,
dunyoviylik, ayrim aqidaparast kimsalarning
da’volaridan farqli o‘laroq, aslo dahriylik emas. Biz bunday noto‘g‘ri va g‘arazli talqinlarga
mutlaqo qarshimiz».
1
Shunday qilib, axloq – oliy mavjudotga ato etilgan oliy ne’mat. Ya’ni axloqning kelib
chiqishi ilohiy manbadandir. Ana shu ilohiy asosni asrab–avaylab, taraqqiy toptirish har bir
insonning asosiy vazifasi, burchi. SHu bois o‘z–o‘zini va, iloji bo‘lsa, o‘zgalarni axloqiy
tarbiyalash barcha muqaddas kitoblarda savob sanaladi.
Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash kerakki, inson aynan hozirgi paytdagi ko‘rinishida
yaratilgan degan gap haqiqatdan yiroq. U mohiyatan har tomonlama mukammallikka, komillikka
qarab boruvchi, taraqqiyotining mohiyati tadrijiylik
bilan belgilanadigan jonzotdir, uning
jismoniy, aqliy va axloqiy taraqqiyoti o‘zaro bog‘liqlikda rivojlanadi: vaqt mobaynida insonning
ham ko‘rinishi, ham tafakkuri, ham axloqiy xatti–harakati o‘zgarib boradi. Shu jihatdan olib
qaraganda, odamzodning xunuklikdan chiroylilikka, nodonlikdan oqillikka, qo‘pollikdan
noziklikka yo‘nalganligi tabiiy hol. Demak, uning axloqiy xatti–harakatlari tadrijiy tarzda
noziklashib borgan. Biroq, bunday noziklashuv shaklan qo‘polroq bo‘lgan soddalikdan chekinib,
botiniy qo‘pollikni zohiriy nazokat bilan yopishga, niqoblashga ham olib kelgan.
Natijada
insoniyat tarixi qanchalik ko‘p davrni o‘z ichiga olsa, axloqning xilma–xil ko‘rinishlari shuncha
ko‘payib borgan. Lekin ularning hammasi, zamonaviy axloq nazariyasiga ko‘ra, ikki katta guruh
ostida voqe bo‘ladi, ya’ni axloqiy xatti–harakatlar asos–e’tibori bilan ikki turga bo‘linadi. Ulardan
biri – obro‘parvarlik (avtoritar) axloqi, ikkinchisi insonparvarlik – (humanitar) axloqi. Endi
qisqacha ularning mohiyati va sifatlari bilan tanishib chiqamiz.
«Obro‘parvarlik axloqiga ko‘ra, – deb yozadi Erix Fromm, – bir odam – obro‘ egasi inson
uchun nima yaxshiligini belgilab beradi, o‘zni tutish qonun–qoidalari va me’yorlarini ham o‘ylab
topadi, o‘rnatadi. Insonparvarlik axloqi esa bu qonun – qoidalar va me’yorlarni o‘zi yaratishi, o‘zi
boshqarishi hamda ularga o‘zi amal qilishi bilan farqlanadi»
2
Fromm obro‘parvarlik axloqinining ikki asosini ko‘rsatib o‘tadi: birinchisi – ratsional
obro‘parvarlik, unga ko‘ra, ratsional obro‘ egasi o‘ziga yuklangan vazifani omilkorlik vositasida
bajarib, mazkur vazifani yuklaganlar tomonidan hurmatga sazovor bo‘ladi. Biroq ratsional
obro‘parvarlik vaqtinchalik hodisa, u obro‘ egasi faoliyatining samaradorligi bilan bog‘liq.
Ikkinchisi – noratsional obro‘parvarlik, u bir tomondan hukmronlikka, ikkinchi tomondan,
qo‘rquvga asoslanadi va uzoq muddat davom etadi: muayyan tarixiy davrni o‘z ichiga oladi.
Noratsional obro‘parvarlik tanqidni na faqat tan olmaydi, balki taqiqlaydi. Ratsional
obro‘parvarlik obro‘ egasi tamonidan sub’ektga nisbatan axloqiy tenglikni taqozo etsa, noratsional
obro‘parvarlik aynan tengsizlik asosiga quriladi. Bunda obro‘ egasiga «gap qaytarmaslik», «quloq
solish» – fazilat, «quloq solmaslik» – illat hisoblanadi. Odatda, obro‘parvarlik axloqi deganda,
ko‘proq noratsional obro‘ egasi o‘rnatgan qonun–qoidalar, me’yorlar nazarda tutiladi.
Axloqshunoslikda inson xatti–harakatining ikki qutbi – axloqiylik bilan axloqsizlik holatlari
tahlil va tadqiq etiladi. Axloqiylik – fazilatlarda, axloqsizlik esa illatlarda namoyon bo‘ladi. Bu
ikki qutb – tushuncha kun–tun, oq–qora singari bir–birini inkor va ayni paytda, taqozo etgani holda
mavjuddir. Zero, fazilat, Arastudan tortib Ibn Sinogacha bo‘lgan
qadimgi faylasuflar
ta’kidlaganlaridek, ikki illat oralig‘ida ro‘y beradi. Boshqacha qilib aytganda, fazilat ikki
1
Karimov I.A. Donishmand hal
q
imizning musta
h
kam irodasiga ishonaman
.
«Fidokor» gazetasi, 2000, 8
iyun.
2
Dostları ilə paylaş: