Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org
Aurobindo Gxoshning vedantacha-yogacha integralizmi Zamonaviy hind falsafasining eng yirik vakillaridan biri Aurobind Gxosh (1872-1950) edi. Aurobindo falsafasining markaziy g‘oyasi – «hamma narsa Braxmandir». Vedanta va upanishadlarda Braxman ikki shaklda ifodalangan: namoyon bo‘lgan – Aparada, va namoyon bo‘lmagan, oliy – Parada. Aurobindo ikkinchi shakldan foydalanadi: uning Para –Braxmani – bu shaklsiz, sifatsiz narsa bo‘lib, borliqning o‘zgarmas ma'naviy birinchi asosidir. Para-Braxmanning mohiyati – uch birinchi ibtido bo‘lgan borliq, bilish nazariyasi va axloqiy tartibning birligidirki ular: sat (borliq), chit (bilim) va ananda (rohat-farog‘at) dirlar. Faylasuf aqlning faol ijodiy-yaratuvchilik tabiatini tan oladi, ammo buning inson aqliga taalluqligi yo‘q. Aurobindo fikricha, inson aqli faqat yaratuvchilikdagina emas, balki dunyoni bilishda ham ojizdir.
Aurobindo falsafasining xususiyatlaridan biri – uning involyusiya va evolyusiya haqidagi qoidasidir. Mutafakkir shundan kelib chiqadiki, «g‘arbning» tadrijiy rivojlanish g‘oyasi fizik va biologik tabiat tomonidan chegaralangan, «uning harakatida hyech qanday ruhiy uyg‘otish manbasi yo‘q, balki faqat tolmas moddiy zaruriyat kuchi bor xolos»218. U o‘zining tadrijiy rivojlanish haqidagi tushunchasini olg‘a surib, unga qo‘shimcha sifatida involyusiya kategoriyasini kiritadi. Involyusiya evolyusiya (tadrijiy rivojlanish) dan oldin kelib, umumiy aql dunyoning tabiatidan kelib chiqadi. Dunyoning demiurgi (yaratuvchisi) sifatida taraqqiyotini boshlab beradi.
Evolyusion va involyusion jarayonlar majmuasida inson alohida o‘rin tutadi. Inson Aurobindo ta'limotida – bu tarixdan tashqarida turuvchi, abstrakt – metafizik mohiyatdir. Inson uchun uning taqdiri sifatida tayyorlangan narsa – «ilohiy hayot» dir: har bir kishi «oliy ilohiy Voqyeylikka qadam qo‘yishi, u bilan o‘zini birikib ketgan his qilishi, unda yashashi, uning o‘zining ijodkori bo‘lishi lozim; … uning fikr-zikrlari, his-tuyg‘ulari, hatti-harakatlarining barchasi uning tomonidan chegaralangan va uning o‘ziga aylanib qolgan bo‘lishi zarur…. Bularning barchasi faqatgina shundagina tugallanishi mumkinki, kishi Bilmaslikdan Bilishllikka chiqib va Bilish orqali oliy ongga erishsa»219.
Robindranat Tagorning falsafiy qarashlari. Yozuvchi, ma'rifatparvar, shoir, adib va kompozitor bo‘lgan R.Tagorning (1861-1941) qarashlarida izchil falsafiy ta'limotni ajratib ko‘rsatish qiyin. U dunyoni falsafiy tadqiq qilishdan ko‘ra, uni hissiy-estetik jihatdan qabul qilish afzalligini o‘rtaga tashlaydi.
Tagor dunyoni asosi sifatida voqyeylikning birlamchi ekanligi g‘oyasini rivojlantiradi. Bu ma'no ostida u oliy ibtidoni tushunadiki, uni Xudo, Braxman, Oliy Shaxsiyat, dunyoviy Men deb ataydi. Bu ilohiy mohiyat tabiat va insondan mutlaq chegaralar bilan ajratilmagan balki, bilaks o‘zini barcha ashyolar, tabiat hodisalarida va inson hayotida namoyon etadi. U bunyodkorlik ibtidosiga ega. Borliq nazariyasida mutafakkir shundan kelib chiqadiki, borliq qandaydir qotib kolgan va o‘zgarmaydigan narsa emas. «Mening tomirlarimda kechasiyu kunduzi yurib turgan o‘sha hayot oqimi koinotda ham javlon urib, o‘lchovli raqsga tushishda davom etmoqda»220, - deb yozgan edi u. Bilish nazariyasida Tagor agnostitsizmga qarshi chiqdi. «Ba'zi faylasuflarning hukumlariga qarshi o‘laroq – deb ta'kidlaydi u, - inson dunyoni bilishdagi o‘z imkoniyatlarida qandaydir mutlaq chegarani tan olmaydi»221.
Mutafakkir hind falsafasi uchun an'anaviy bo‘lgan xayr (yaxshilik) va sharr (yomonlik) o‘rtasidagi qarama-qarshilik muammosiga ham murojaat etadi. Tagor bu tushunchalarni har bir ayri olingan kishining sub'ektiv qarashlariga tadbiqan nisbiy ekanligini, insoniyatga nisbatan tadbiq etganda esa umumiy tushunchalar sifatida namoyon bo‘lishligini qarab chiqadi. Sharr (yomonlik) o‘tkinchi xususiyatga ega.
Mohandas Karamchand (Maxatma) Gandining falsafiy-axloqiy ta'limoti. Gandi (1869-1948) dunyoqarashining asosida din yotadi. Unda u o‘z dasturini ifoda qilish shaklini topdiki, uning tufayli bu dastur xalq ommasiga yetib bordi. Dinning amaliy kuch ekanligi haqida gapiriib Gandi quyidagilarni yozgan edi: «Amaliy ishlarni hisobga olmaydigan va ular yechimiga yordam bermaydigan din, bu din emas»222.
Gandi uchun birlamchi voqyeylik – shaxsga ega bo‘lmagan barcha narsalarning sababi bo‘lgan mutlaq Xudodir. Uni tushunishda Gandi mantiqdan emas, balki e'tiqoddan kelib chiqadi: «Men Xudo haqida unga e'tiqod qo‘yganimdek gapiraman… Mening mantiqim ko‘plab taxminlarni tug‘dirishi mumkin va ulardan yuz o‘girishi ham mumkin. Xudosiz kishi bahsda meni mot qilishi mumkin. Ammo mening e'tiqodim mening ongimdan shunchalik kuchliki, men butun dunyoga jar solib, ayta olaman: «Xudo bo‘lgan, bor va har doim bo‘ladi»223.
Gandi nazarida haqiqat ham Xudo bilan bog‘langandir. Gandi ta'kidlagan ediki, men «Xudo haqiqatdir» degan qoidadan «haqiqat xudodir» degan xulosaga o‘tib «bir qadam olg‘a bosdim». Gandi «haqiqat» tushunchasini o‘ziga qandaydir bilim elementini qamrab olgan diniy-axloqiy kategoriya sifatida tushunar va uni shu ma'noda qo‘llar edi. Ilohiy mohiyatni bilib olish vositasi, ya'ni mutlaq haqiqat sifatida Gandi «ohista ichki ovoz»ni hisoblaydi. Haqiqat insonga har kuni ochiladi va agar buni hamma ham idrok qilavermasa, buning sababi shundaki, «ichki ovoz» qarshisida «biz quloqlarimizni bekitib olamiz»224. Ammo agar «ichki ovoz» orqali Haqiqat ochiladigan bo‘lsa, u vaqtda bu «vositaga» olib boradigan yo‘l-kuch ishlatmaslikdir. Gandi ta'kidlar edi: «Men uchun Haqiqat-bu Xudodir, va Haqiqatni axtarib topishda kuch ishlatmaslik yo‘lidan borishdan boshqa chora yo‘qdir»225. Gandining axloqiy ta'limoti asosida jaynizmning qoidasi bo‘lgan – aximsa (tirik mavjudotlarga ziyon yetkazishdan o‘zini tiyish) yotadi. Jaynizm e'tiqodidagilardan farqli o‘laroq, Gandi aximsaga nafaqat jismoniy balki ruhiy ziyon yetkazmaslik muammosini olg‘a suradi. Aximsaning sifatlaridan biri-insoniy munosabatlar asosida yotishi lozim bo‘lgan muhabbatdir. Aximsaning ikkinchi sifatiy belgisi «azob chekish qonuni» dir. Agar inson dushmanga kuch bilan emas, balki «muhabbat» bilan ta'sir o‘tkazish yo‘lini tanlasa, u vaqtda tayyor bo‘lmog‘i zarurki, toki u «muhabbat kuchi» ta'sirida mag‘lub bo‘lsin.
Taraqqiyotning maksadi – ma'naviy barkamollikdir. Uning birinchi qoidasi sifatida Gandi braxmachariyni tushundiki, u jaynizmning qoidasida eslatilgan kishining o‘zining ojizliklariga erk berishdan tiyilish va o‘zining fikrlari, nutqi va amallariga nisbatan qat'iy nazoratni bildirar edi. Boshqa vosita jasoratdir. Ammo jasorat Gandi fikricha, kurashda emas, balki o‘z-o‘zini qurbon qilishda, o‘z ustiga azob-uqubatlarni olishga tayyor turishda ifodalanar edi. Jasoratli kishining jismoniy kuchga ehtiyoji yo‘q: u o‘zini «haqiqat kuchi bilan» yoki «qalb kuchi bilan» himoya qilishi mumkin. Axloqiy taraqqiyotda muhim o‘rinni haqiqatgo‘ylik va adolatlilik ishg‘ol qiladi.
Gandi shuni tushunar ediki, axloqiy qoidalarni namoyon bo‘lishi va aniqlashda muhim sohalardan biri sifatida kishilar orasidagi mulkiy munosbaatlar turar edi. Bu masalani u jaynizm qoidasidagi manfaatparastlikdan qutilish yordamida hal qiladi. Mutafakkirning qayd etishicha, millionlab kishilar o‘z mavjudliklari uchun tirikchilik vositalaridan mahrum bo‘lgan bir vaqtda, qandaydir kishining boyib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi; «hamma egalik qilishi mumkin bo‘lgan yagona narsa, - bu manfaatparastlikdan qutilishdir»226. Axloqiy yetuklikning qoidalari o‘zining majmua sifatidagi ifodasini ro‘za tutish axlohida topadi. Ochlikni Gandi muayyan vaziyatlarda faqatgina xatti-harakat me'yori sifatidagina emas, balki siyosiy kurash vositasi sifatida qarab chiqadi.
Gandi ta'limotining eng yuqori nuqtaisi – kuch ishlatmaslik qoidasidir. E'tiqod va zo‘rlik ishlatmaslik Xudoga ishonishga tenglashtiriladi, haqiqat yo‘li esa, zo‘rlik ishlatmaslik yo‘li sifatida talqin qilinadi. Kuch ishlatmaslik ayrim olingan shaxs va jamiyatning hayotiy faoliyatining umumiy qoidasi sifatida maydonga chiqadi. Bu qoida inson tabiatining ichki xususiyatlariga xosdir: zo‘rlik qilmaslik – inson zotining qonuni bulsa, zo‘rlik – hayvonot olamining qonunidir. Keyinchalik, fashizmning qilmishlari qarshisida zo‘rlik ishlatmaslik g‘oyasining be'maniligiga ishonch hosil qilib, Gandi qurolli qarshilik ko‘rsatish imkoniyatidan foydalnishga yo‘l ko‘yishga majbur bo‘ldi.
Hindistonning o‘z istiqlolini qo‘lga kiritishi hind falsafasi rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu narsa mafkuraviy bo‘shliqni qayd etish bilan boshlandi. Hind falsafasining holati va kelajagi keskin bahslar ob'ektiga aylandi. Asosiy jihatdan hind falsafasi rivojidagi yangi bosqich uning milliy an'analari ta'sirini o‘zgartirmadi: ilgaridek vedantizmning ta'siri saqlanib qoldi. Shu bilan bir qatorda ko‘pchilik mutafakkirlar shuni yaxshi biladilarki, qadimgi Hindiston falsafiy tizimlari tarixiy jihatdan o‘z sabablariga ega bo‘lib, ularni hozirgi zamonga mexanik tarzda tatbiq qilib bo‘lmaydi.