Darsning borishi (reja): I.Tashkiliy qism: a)Salomlashish, b)tozalikni aniqlash,
d)davomatni aniqlash c) darsga tayyorgarlik ko`rish va dars rejasi
II. Ona tili darsligi bilan tanishtirish III.Yangi mavzu bayoni: 1-topshiriq. Berilgan matnni o‘qing. Uning mazmuni va asosiy g‘oyasini, matnning o‘zida va sarlavhada bu g‘oyaning ifodalanishini izohlashga harakat qiling.
Iftixor Bir gal ancha olis safarga chiqishga to‘g‘ri keldi. Avval Germaniyaga uchdik. Undan Amerikaga. So‘ng Shveytsariyaga. Keyin Angliyaga. Nihoyat, Londondan Toshkentga uchadigan bo‘ldik. Havo kemasiga chiqishimiz bilan osoyishta va yoqimli ovoz yang radi: «Assalomu alaykum, xonimlar va janoblar! Sizlarni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi nomidan muborakbod etamiz!» Rostini aytsam, ko‘zimdan
yosh chiqib ketdi. Bu so‘zlar mening tilimda, ona tilimda jarangladi! Vatanimdan minglab chaqirim narida, tag‘in yuzlab xorijiy yo‘lovchilar o‘tirgan kemada!.. Aqalli mana shu holatning o‘zi uchun Istiqlolga ming bora ta’zim qilishga tayyorman! (O‘. Hoshimov) 2-topshiriq.Taniqli tilshunos A. Nurmonovning «O‘zbek tilshunosligi tarixi» nomli asaridan olingan quyidagi parchani o‘qing. Undagi muallifning o‘ziga va Mahmud Koshg‘ariyga tegishli gaplar o‘rtasidagi munosabatni tushuntirishga harakat qiling.
Darhaqiqat, Mahmud Koshg‘ariy turkiy qabilalar yashagan hududlarni birma-bir kezib, ularning tilidagi farqli xususiyatlarni aniqladi, turkiy tillarni guruhlarga tasniflash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mahmud Koshg‘ariyning o‘zi bu haqda shunday yozada: «Puxta qo‘llanma bo‘lsin deb, har bir qabilaning o‘ziga xos xususiyatlariga qiyosiy qoidalar tuzdim... Bu masalaga qiziqqan mutaxassislarga asarni qo‘llanma qildim» (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit-turk. 1-tom. – Toshkent: Fan, 1960. 47-bet).
Gaplar ketma-ketligining bog‘lanishlilik asosida og‘zaki yoki yozma shaklda yuzaga kelgan tarkibiy, mazmuniy va kommunikativ yaxlitligi bo‘lgan matn tilning eng yirik birligidir. Har qanday matnda muayyan bir uslub voqelanadi. Shunga ko‘ra so‘zlashuv matni, ilmiy matn, rasmiy matn, badiiy matn va publitsistik matn farqlanadi. Odatda matndagi yaxlit mavzumazmun, asosiy g‘oya, muallifning maqsadiga muvofiq uning
nomi – sarlavhasi bo‘ladi. Muayyan bir kishi muallif bo‘lgan matnda boshqa matnlardan olingan katta-kichik parchalar bo‘lishi mumkin. Bunday parchalar ifodalanayotgan fikrni dalillash, isbotlash, boshqa fikrni ma’qullash yoki rad qilish, tahlil va tanqid qilish, unga munosabat bildirish kabi turli maqsadlar bilan matnga kiritiladi. Bir matndan boshqasiga kiritilgan parcha iqtibos deb yuritiladi. Iqtiboslar har qanday nutq uslublarida ham kuzatilsa-da, ayniqsa, ilmiy matnda alohida o‘ringa ega. Ilmiy matndagi iqtiboslar ilmiy matnning o‘ziga xos belgilariga aylangan. Badiiy matnda iqtiboslarning manbalari, ko‘pincha ataylab yashiriladi yoki turli ishoralar bilan ifodalanadi, bunda o‘quvchining bilimlari, umumiy badiiy-ma’rifiy tasavvurlari, badiiy-estetik idrokini harakatga keltirish nazarda tutiladi. Badiiy matnga iqtiboslarning kiritilishi badiiy tasvir usulidir. Masalan, yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romanidan olingan quyidagi parchada asar bosh qahramoni Yaxshiboyev nutqida Alisher Navoiyning mashhur «Bu gulshan ichra yo‘qdur baqo guliga sabot, Ajab saodat erur, chiqsa yaxshilik bila ot» bayti keltirilgan va uning manbasi, kimga tegishliligi aytilmagan, shu tariqa ijodkor maqsadiga – qahramon xarakterining bir qirrasini ochib berishga batamom xizmat qiladigan poetik ifoda yuzaga kelgan: Xullas, xotin, bu gulshan ichra yo‘qdur baqo guliga sabot, ajab saodat erur, qolsa yaxshilik bila ot. Lekin o‘shal otni qachon qoldiramiz, qoldirib ulguramizmi?.. Ilmiy matnda esa iqtiboslarning qayerdan olinganligi, kimga tegishliligi, manbasi aniq ko‘rsatilishi shart. Aks holda, bu holat qonunan plagiat, ya’ni o‘g‘irlik hisoblanadi. Ayni paytda ilmiy odob qoidalariga ham mutlaqo ziddir.