2. Faust Gyote
Johann Wolfgang von Goethe (Iogann Volfgang fon Gyote; 28-avgust 1749, Frankfurt, Germaniya — 22-mart 1832, Veymar, Germaniya) — nemis shoiri, faylasuf va tabiatshunos.
(GYOTE Goethe) Yoxann Volfgang (1749.28.8, Frankfurtmayn — 1832.22.3, Veymar) — nemis yozuvchisi va mutafakkiri. Yangi davr nemis adabiyotining asoschisi. Ijodi 18-asrning 70—80-yillari Germaniyada mavjud boʻlgan "Boʻron va hujum" adabiy harakatida ishtirok etishdan boshlangan. Shu davrda G. "Ges fon Berlixingen" (1773), "Prometey" (1773) kabi dramalar va lirik sheʼrlar yaratdi. G. adabiy faoliyatining ilk davriga mansub "Yosh Verterning iztiroblari" (1774) romani oʻsha davr nemis adabiyotida katta voqea boʻldi. Asarda ilgʻor nemis yoshlar avlodining ijtimoiy fojiasi oʻz aksini topgan. 1786—88 yillarda G. Italiyaga safar qiladi. Shu davrda u "Ifigeniya Tavridda" (1779— 81), "Egmont" (1788), "Torkvato Tasso" (1780—89) kabi dramalar yozadi. "Sheʼriyat va haqiqat" avtobiografik kitobi (1811—33), "Vilxelm Maysterning oʻqish yillari" (1793—96), "Vilxelm Maysterning darbadarlik yillari" (1821—29) romanlarida inson bilan jamiyat oʻrtasidagi munosabat masalasi aks etgan.
G. Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, adabiyotini chuqur oʻrganadi, Firdavsiy, Farididdin Attor, Rumiy, Nizomiy, Saʼdiy, Hofiz, Jomiy kabi shoirlar ijodi bilan tanishadi. Bu paytda Ibn Sino, Ulugʻbek, Alisher Navoiy ijodlaridan namunalar nemis tiliga tarjima qilingan edi. G. "Magʻribu mashriq devoni"ni (1814—19) Sharq sheʼriyatidan ilhomlanib yozgan. Devon "Mugʻanniynoma", "Hofiznoma", "Ishqnoma", "Tafriqnoma", "Ranjnoma", "Hikmatnoma", "Zulayxonoma", "Temurnoma", "Soqiynoma", "Matalnoma", "Forsiynoma", "Xuldnoma" kabi 12 boʻlimdan iborat. Devonda "bulbul", "hur", "fatvo", "mugʻanniy", "mufti", "tilsim", "mirzo", "darvesh" kabi soʻzlarni asliyatda qoʻllaydi. G.ning "Faust" fojiasi (1768—1832) jahon adabiyotidagi shoh asarlardan hisoblanadi. Bu asar G.ning butun ijodiy faoliyati davomidagi izlanishlarining samarasi boʻldi.
G. falsafa, huquqshunoslik, botanika, geol., geodeziya sohalariga oid asarlar ham yaratgan.
G. sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish 20-asrning yigirmanchi yillaridan boshlangan (Choʻlpon, Oybek, Shayx-zoda va boshqalar). Keyinchalik G.ning "Faust" (Erkin Voxidov tarjimasi, 1972—75), "Magʻribu mashriq devoni" (S. Salim Buxoriy tarjimasi, 1985—90), "Yosh Verterning iztiroblari" (Ya. Egamova tarjimasi, 1975) kabi asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan.
G. ijodi haqida oʻzbek adabiyotshunos va tanqidchilari (V. Zohidov, I. Gʻafurov, O. Olloberganov, Ya. Egamova, Poshali Usmon ugli va boshqalar) adabiy-tanqidiy makrlalar yozishgan. Germaniyaning maʼrifiy-madaniy tadqiqotlar olib boruvchi nufuzli markazi G. nomi bilan ataladi. Gyote institutining filiallari jahonning 78 mamlakatida, shu jumladan Toshkentda ham faoliyat koʻrsatmoqda (1998 yildan).
Dostları ilə paylaş: |