Reja: 1.Qishloq xo’jalik ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishda kuzgi shudgorning ahamiyati.
2. Kuzgi shudgorni o’tkazish muddatlari, chuqurligi.
3.Yerni kuzda qo’sh qavatlab shudgorlash, haydash chuqurligini tabaqalashtirish, haydalma qatlam qalinligi va uni oshirish usullari
1.Qishloq xo’jalik ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishda kuzgi shudgorning ahamiyati Yerni kuzda shudgorlash asosiy agrotexnika tadbirlaridan biri bo’lib, o’simliklarning o’sishi, rivojlanishi hamda erta yetilishida va yuqori hosil olinishida muhim ahamiyatga ega. «Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda» degan naql bejiz aytilmagan.
Ma’lumki, yerni xar qanday usulda haydashda xam tuproqning ustki qatlamini mayin, donador holatga keltirish; unda ko’proq nam to’plash va havo almashinishi uchun yetarli sharoit yaratish; begona o’tlar urug’ini hamda har xil zararkunanda va kasallik qo’zg’atuvchi mikroblarni chuqurroq qatlamga ko’mish; haydashgacha yerga solingan mineral va mahalliy o’g’itlarni o’simliklar imkoniyati boricha samarali foydalanadigan qatlamga tushirish; erta bahorgi va ekin ekish oldidan bajariladigan tadbirlarni belgilangan muddatda, ekishni eng yaxshi agrotexnika muddatlarida amalga oshiradigan, erta ko’chat olinadigan va ekinlarning tez rivojlanishini ta’minlaydigan sharoit vujudga kelishi nazarda tutiladi.
Kuzgi shudgorning eng muhim ahamiyatlari qo’yidagilardan iborat:
1.Kuzda shudgor qilingan yerlar kuz-qish-bahor oylarida havo haroratining keskin o’zgarishi natijasida uvoqlanib, mayda va donador bo’lib qoladi;
2.Sifatli shudgor qilingan dalalarda, yog’in-sochin suvlari tuproqning pastki qatlamlariga singib, tuproqda nam to’planishini yaxshilaydi;
3.Tuproqda havo almashinishini (aerasiya) yaxshilanadi, bu tufayli tuproqdagi mikrobiologik jarayonlar aktivlashadi, ildiz qoldiqlari, barglar, go’ng va boshqalar tez chiriydi. Bunda organik moddalarning minerallashuvi tezlashadi va o’simliklarning oziqlanishi yaxshilanadi;
4.Kuzgi shudgorda begona o’tlar, ayniqsa, ko’p yillik-ildizpoyali, ildiz bachkili o’tlar nobud bo’ladi, qishloq xo’jalik o’simliklarining kasallik tug’diruvchi va zararkunandalarining uyalari yo’qotiladi.
5. Sifatli shudgorlangan yerlarda ekinlarni o’sishi va ularning rivojlanishi uchun yaxshi sharoit hosil bo’ladi.
6.Yer ekin ekish oldidan yaxshi ishlanadi, ekishni optimal va qisqa muddatda o’tkazishga imkon beradi. Kuzgi shudgor bahorgi haydashga qaraganda paxta hosilini 15-20% oshiradi. Hosil erta va sifatli bo’lib yetiladi.
O’simliklarning o’sishi davrida o’tkazilgan tadbirlar va boshqa jarayonlar natijasida kuzda yerning ustki qatlamida pastki qatlamiga nisbatan qo’proq oziq elementlari to’planadi hamda yerni begona o’tlar va zararkunandalardan tozalash uchun eng qulay sharoit vujudga keladi.
Yer kuzda shudgorlanganda tuproqning tabiiy xossalari yaxshilanadi, urug’ tuproqning tabiiy namida unib chiqadi va gektarlarda to’liq ko’chatlar hosil bo’ladi. Kuzgi chuqur shudgorda begona o’tlar urug’i, har xil kasallik tarqatuvchi zararkunandalar to’proqning chuqur qatlamlariga tushadi, ildizpoyali ko’p yillik begona o’tlarning ildizpoyalari tuproq yuzasiga chiqib qolib muzlaydi va hayotchanligini yo’qotadi. Yer chimqirqarli, ya’ni ikki yarusli pluglar bilan o’z vaqtida chuqur haydalsa, kuzgi shudgor sifatli o’tkazilgan bo’ladi.
Kuzgi shudgor bahorda haydashga qaraganda tashkiliy jixatdan ham kata ahamiyatga ega, chunki yer ekish oldidan yaxshi ishlanadi va ekinlar o’z vaqtida sifatli ekiladi. Bahorgi haydashda yerni qisqa vaqt ichida ekin ekishga tayyorlash kerak. Texnika va ishchi kuchidan foydalanishda qiyinchilaklar tug’iladi, hamda ayrim tadbirlar sifatsiz bajariladi. Bahorgi haydashda vegetasiya davridagi birinchi suvni kuzgi shudgorlashga nisbatan bir necha kun oldinroq berishga tug’ri keladi. Kuzgi shudgorning erta bahorgi haydashda yana bir afzalligi shundaki, kuzda shudgor qilingan yerlarda g’o’za doimo barvaqt yetiladi va undan yuqori hosil olinadi.
Kuzgi shudgorlash samaradorligi uni o’tkazish muddatiga, yerni haydash chuqurligiga va sifatiga bog’likdir. Kuzgi shudgorlashning sifati ham yerni haydash sifatiga qo’yilgan talablar asosida aniqlanadi.
Kuzgi shudgorning sifatli bo’lishi uni o’z vaqtida o’tkazishga, yani shudgorlash muddatlarini to’g’ri belgilashga bog’liq. Paxtakor xo’jaliklarda yerni kuzgi shudgorlash muddatlari hosilni yig’ib-terib olishga qarab belgilanadi va kuzgi barqaror sovuqlar yoki yog’ingarchilikkacha, yani noqulay sharoit boshlanguncha yer shudgorlab bo’linishi zarur. Paxta yig’im-terimining cho’zilib ketishi, kuzgi shudgorlash muddatini kechiktirib yuboradi. Bu kelgusi yil hosiliga salbiy tasir ko’rsatadi. Kuzgi shudgor yer yetilganda tuproq yaxshi uvoqlanadigan vaqtda o’tkazilishi zarur. Tuproq namligi cheklangan dala nam sig’imiga nisbatan 40-60% bo’lganda yer sifatli haydaladi. Quruq va sernam tuproq haydalganda palaxsa va kesaklar hosil bo’ladi.
Respublikamizning shimoliy mintaqasida noyabr oyi, markaziy mintaqasida 15 noyabrdan 5 dekabrgacha, janubiy mintaqada 20 noyabrdan 5 dekabrgacha bo’lgan vaqt paxtadan bo’shagan yerlarni kuzgi shudgorlash uchun eng qulay muddat hisoblanadi. Kuzgi shudgor ko’rsatilgan muddatlarda chuqur va sifatli qilib o’tkazilsa, yog’in sochin suvlari tuproqda ko’proq jamg’ariladi, urug’lar tabiiy namida unib chiqadi, ko’chatlar to’liq bo’ladi va dastlabki suv kechroq beriladi.