YERGA EKIN EKISHDAN OLDIN VA KEYIN ISHLOV BERISH. QISHLOQ XO’JALIK EKINLARINI EKISH USULLARI
Reja: 1. Qishloq xo’jalik ekinlarini ekishdan oldin yerlarni tekislash. Tekislash usullari: joriy, qisman va asosiy tekislash.
2. Ekish oldidan tuproqqa ishlov berish: Qatqaloqni yumshatib, tuproqda nam saqlash; yumshoq qatlam hosil qilish; urug’larning qiyg’os unib chiqishi uchun sharoit yaratish; begona o’tlarga qarshi kurash.
3. Yerni ekin ekkandan keyin ishlash. Qator oralari ishlanadigan ekinlarga ishlov berish. Yoppasiga ekilgan kuzgi va bahorgi ekinlarga ishlov berish.
4. Qishloq xo’jalik ekinlarini ekish usullari, qishloq xo’jalik ekinlarini o’z vaqtida va sifatli ekishning ahamiyati. Ekish muddat- lari, ekish chuqurligi, urug’ ekish meyori va o’simliklarni oziqlanish maydoni.
1. Qishloq xo’jalik ekinlarini ekishdan oldin yerlarni tekislash. Tekislash usullari: joriy, qisman va asosiy tekislash. Sug’oriladigan yerlarni tekislash suv, mineral o’g’it va qishloq xo’jalik texnikalaridan samarali foydalanishning asosiy shartlaridan biridir.
Yaxshi tekislanmagan yerlarda suv bir xil taqsimlanmaydi. Suv isrofgarchiligi 2 - 3 barovar ko’payadi, tuproqlarni botqoqlanishi va sho’rlanishi kuchayadi, mineral o’g’itlardan foydalanish darajasi past bo’ladi. Sug’oriladigan yerlar yaxshilab tekislanganda, dalalar teng taqsimlanib, tuproqqa bir vaqtda sifatli ishlov berishga erishiladi, undagi tuproq bir tekis namiqadi, sug’orish meyori kamayadi, sug’orish shaxobchalarini qurish bilan bog’liq ishlarning hajmi kamayadi, qishloq xo’jalik ishlarini mexanizasiyalashtirish imkoni ko’payadi, sug’orish ishlariga kam mehnat sarflanadi, hosil ortadi.
Yaxshi tekislangan yerlarda suvchining ish unumdorligi kuniga 2-3 gektarni tashkil etsa, tekislanmagan yerlarda bor-yo’g’i 0,5-0,8 gektarni tashkil etadi.
Yerlarni tekislash, yangi va sho’rlangan yerlarni o’zlashtirish hamda yerlarni meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo’jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish garovidir.
Ekin maydonidagi baland joylar tuprog’ini uning past joylariga keltirib to’kish, yani undagi past balandliklarni, o’nqir-cho’nqir joylarni yo’qotish yo’li bilan shu maydon yuzasida malum nishab yaratish (yoki unda gorizontal yuza hosil qilish) yer tekislash deyiladi.
Yer tekislashda bajariladigan tuproq ishlari hajmiga bog’liq holda, tekislashni uch usulga ajratish mumkin.
a) asosiy (kapital) tekislash;
b) qisman tekislash;
v) joriy tekislash.
Asosiy (kapital) tekislash. Yer tekislash usulining eng ko’p mehnat talab qiladigan turi asosiy tekislashdir. Bu usul asosan yangi yerlarni o’zlashtirishda qo’llaniladi.
Asosiy tekislashda sug’orish uchastkasi sirtining tabiiy ko’rinishi butunlay o’zgaradi, nishablik esa sug’orish texnikasiga moslashtriladi. Shuning uchun, bunda juda katta hajmdagi tuproq ishlarini bajarishga to’g’ri keladi.
Asosiy (kapital) tekislash ishi maxsus loyiha-xarita asosida olib boriladi. Loyiha tarkibiga reja ko’rinishida yoki qator profillar ko’rinishida, maxsus ish chizmalari, shuningdek, ish hajmini hisoblash qaydnomalari, sxemalar ko’rinishidagi turli qo’shimcha materiallar va shunga o’xshashlar kiradi.
Tekislash vaqtida tuproqning ustki (unumdor) qatlamini iloji boricha saqlab qolishga, yani uni juda chuqur joylarga keltirib to’kmaslikka intilish kerak. Aks holda uchastka tuprog’ining unumdorligi kamayib ketadi va yerdan mo’l hosil olib bo’lmaydi.
Qisman tekislash. Qisman tekislashda sug’orish uchastkasi topografik yuzasining xarakteri o’zgarmaydi. Qisman tekislash ishlari loyixa-xaritaga asosan olib boriladi. Bunda yerning tabiiy nishabligi qisman o’zgartiriladi, qisman faqat do’ngliklar, o’nqir-cho’nqirlar, keraksiz eski kanallar, yo’llar tekislanadi. Qisman tekislash bilan sug’orishga yetarli darajada sharoit tug’dirish mumkin bo’lmagan holdagina asosiy tekislash ishlari qilinadi.
Joriy tekislash. Asosiy (kapital) tekislangan uchastka sirtida vaqt o’tishi bilan yer haydash, sug’orish va boshqa dehqonchilik ishlari tasirida o’nqir-cho’nqirlar paydo bo’ladi. Tuproqqa ishlov berishda hosil bo’lgan mana shu past-balandliklarni yo’qotish- joriy tekislash deyiladi. Xo’jalikdagi uchastkalar yilda bir marta, albatta joriy tekislanishi lozim. Joriy tekislash xo’jalikning o’z kuchi va mashinalari bilan bajariladi. Har yili shudgordan so’ng yoki ekish oldidan egat va pushtalar, o’qariqlar, ayrim do’ngliklar tekislanadi. Tekislash ishlari ko’z bilan chamalab olib boriladi. Kichik xajmdagi tuproq ishlari bajariladi. Tekislashda yengil texnikadan va qo’l kuchidan foydalaniladi. Bunda ish hyech qanday loyixasiz, dalachilik brigadasining brigadiri yoki xo’jalik gidrotexnigi rahbarligida olib boriladi.
Joriy tekislashda uzun bazali tekislagich juda qo’l keladi: bu mashina uchastka yuzini mexanik ravishda tep-tekis qilib ketadi.
2. Ekish oldidan tuproqqa ishlov berish: Qatqaloqni yumshatib, tuproqda nam saqlash; yumshoq qatlam hosil qilish; urug’larning qiyg’os unib chiqishi uchun sharoit yaratish; begona o’tlarga qarshi kurash. Respublikamizdagi ilg’or xo’jaliklar tajribasiga ko’ra, yerni ekin ekishga tayyorlashda har bir agrotexnika tadbirini xo’jalikning tuproq - iqlim sharoitini hisobga olgan holda amalga oshirish lozim. Yerni ekin ekish oldidan ishlash shudgorni boronalashdan boshlanadi. Boronalanganda dalaning yuzasi tekislanadi, o’sib chiqayotgan bir yillik begona o’tlar yo’qotiladi, kesaklar maydalanadi, hosil bo’lgan qatqaloq yumshatiladi va nam bug’lanishining oldini oladi.
Yerni ekin ekishdan oldin ishlashni yer yetilmasdan oldin boshlab yuborish ham katta zarar keltiradi, chunki yog’ingarchilikdan keyin tuproqda qalin qatqaloq hosil bo’ladi, uning yuza qismi zichlashadi. Shuning uchun tuproqning yetilganligiga etibor berish, bahorda shudgorning 8-10 sm chuqurlikdagi tuprog’i yetilishi bilan yerni ishlay boshlash kerak. Respublikamizning turli tuproq-iqlim sharoitiga bu muddat taxminan qo’yidagi davrlarda to’g’ri keladi: Surxandaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida – fevral oyining birinchi yarmi yoki mart oyining birinchi besh kunligi; Farg’ona vodiysi (Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlarida) mart oyining birinchi yarmi; Sirdaryo, Jizzax, Toshkent va Samarqand viloyatlarida mart oyining ikkinchi yarmi; Xorazm va Qaraqalpog’iston respublikasida mart oyining uchinchi un kunligi yoki aprel oyining birinchi besh kunligi, bahor qanday kelishiga qarab bu muddatlar biroz o’zgarishi mumkin.
Yerni ekin ekish oldidan ishlash usullari shudgorning holatiga va yerga yaxob berish hamda tuproqning sho’rini yuvish muddatiga qarab belgilanadi. Yaxob berilmaydigan, sho’ri yuvilmaydigan yerlarni ekin ekishga tayyorlash uchun bir ikki marta boronalanadi, so’ngra mola bostiriladi. O’t bosgan yerlarda yumshatgichlar va kultivatorlardan foydalanilgani ma’qul. Bunda ularga keng o’tkir g’ozpanjalar o’rnatish kerak, chunki o’tlar yaxshiroq qirqiladi.
Shudgor serkesak bo’lsa, yaxshilab maydalash va organik-mineral o’g’itlarni aralashtirish uchun diskli boronalardan foydalanish yaxshi natija beradi. Lekin ildizpoyali begona o’tlar tarqalgan maydonlarda bu usuldan foydalanib bo’lmaydi.
Yaxob beriladigan, tuprog’i sho’r va kuzgi shudgordan yoki asosiy haydashdan keyin sho’ri yuvilgan yerlarni chigit ekishga tayyorlashda maxsus qo’shimcha ishlar bajariladi, yani bahorda egat, marzalar va boshqa baland-pastliklar tekislanadi, so’ngra yaxob berish uchun egat va o’qariqlar olinadi. Tuproqning mexanik tarkibiga qarab, egatlar orqali gektariga 1000-1500 m3 hisobida suv beriladi. Yer yetilishi bilan o’qariqlar tekislanadi va dala ikkita ketma-ket ulangan boronada bir o’tishda bo’ylamasiga yoki ko’ndalangiga boronalanadi. Chigit ekishgacha yerni yaxshi yumshatish uchun chizel-kultivator, kultivator va diskli boronalardan foydalaniladi. Chigit ekish oldidan shudgor yana boronalanadi, so’ngra mola bostirilib, so’ng chigit ekiladi. Sho’ri yuvilgan yerlar ham ekin ekishga shu tartibda tayyorlanadi.
Bahorda yerni sayozroq bo’lsa ham qayta haydashga yo’l quymaslik kerak. Agar yaxob berilganda yoki tuproq sho’ri yuvilgandan keyin yer juda zichlashib, begona o’t bosgan bo’lsa, plugning ag’dargichlarini olib qo’yib yumshatish mumkin.
Ko’klamda haydaladigan yerlarni iloji boricha barvaqt yer yetilishi bilanoq ishlashga kirishish kerak. Shunday qilinganda, tuproq da nam ko’proq to’planadi, ekish davridagi qiyinchiliklar bartaraf etiladi, ekish kompaniyasi qisqa va qulay muddatlarda o’tkaziladi. Yer bahorda haydalganda zudlik bilan diskalash va boronalash kerak. Aks holda tuproqdagi nam tez bug’lanib ketadi.
O’suv davrining boshlarida g’o’za yaxshi rivojlanishi, keyinchalik ko’saklar yetilishini taminlash uchun azotli va fosforli o’g’itlarning bir qismini bahorda yerni ekin ekishga tayyorlash vaqtida solish foydalidir. O’g’it kultivator va chizelga o’rnatilgan o’g’itlagichlarda solinadi. O’g’it agregat soposhkalari bilan 14-16 sm chuqurlikka solinib yoki yer yuzasiga sepilib, so’ngra uni 8-10 sm chuqurlikda chizel yoki disk bilan yumshatib, tuproqqa aralashtirish va ko’mish ham mumkin.
Yerni ekin ekilgandan boshlab to hosili yig’ishtirib olinguncha o’z vaqtida sifatli qilib ishlash ulardan yuqori hosil yetishtirishda asosiy tadbir hisoblanadi. Chunki bu tadbirlar tufayli o’simliklarning o’sishi va rivojlanishi uchun muayyan sharoit yaratiladi.