www.ziyouz.com кутубхонаси
185
MIXAIL VASILEVICH LOMONOSOV (1711-1765)
Rus faylasufi Mixail Lomonosov o‘ziga to‘q xonadonda dunyoga keldi. Lomonosov kelib chiqishiga ko‘ra mayda savdogarlardan bo‘lgan. U Moskva shahridagi slavyan-yunon-lotin akademiyasida, keyin Kievdagi diniy akademiyada tahsil oldi. Shundan so‘ng Peterburg Fanlar akademiyasi qoshidagi universitetda o‘qidi. 1736-1741 yillarda esa Germaniyada bilim oldi. Uch yil olmon faylasufi Xristian Volf qo‘lida falsafa ilmini o‘rgandi. Mixail Lomonosov tabiatan mag‘rur, mustaqil fikrlovchi shaxs edi. U har doim vataniga biror foyda keltirishga intilib yashagan. Lomonosov modda va harakatning saqlanish qonunini kashf etgan. Faylasufning quyidagi asarlari ma’lum: «Issiq va sovuqning sabablari haqida mulohazalar» (1749), «Jurnalistlarning falsafa erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi maqolalarni yozish chog‘idagi vazifalari to‘g‘risida mulohaza» (1755), «Yerning qatlamlari haqida» (1763). 1753 yilning 1 martida Lomonosovga imperator Yelizavetaning farmoyishi bilan dvoryanlik martabasi beriladi. Shuningdek, Koporsk uezdidan 9 ming botmon yer va 212 nafar krepostnoy dehqon ajratildi. Lomonosov 1765 yilning 4 aprelida vafot etdi. Oradan bir yil o‘tgach, rafiqasi Yelizaveta Andreevna ham hayotdan ko‘z yumdi. Faylasufning yolg‘iz farzandi Yelena esa kievlik ruhoniy bilan turmush qurdi va 22 yoshida olamdan o‘tdi. * * *
Rivoyatlarga qaraganda, M.Lomonosov Rossiya hukmdori Pyotr I ning (1672-1725 yillari) nikohsiz
farzandi bo‘lgan. Ma’lumki, Pyotr I ning nimjon, bemehr shahzoda Alekseydan bo‘lak merosxo‘ri yo‘q
edi. Shu sababli bir kuni Pyotr I mastlikda: «Qaysi sohibjamol menga o‘g‘il tug‘ib bersa, kim
bo‘lishidan qat’i nazar, uni malika deb e’lon qilaman» deb yuboradi. Bundan foydalangan
Arxangelskdagi ruhoniy boyvachchalar 1711 yilning 17 yanvarida Ust Tosnoga dam olgani kelgan
Pyotr I ga xolmogorlik sohibjamol yetim qiz Yelenani «tuhfa» etadilar. Oradan ko‘p o‘tmay, Yelena
shaxsan Pyotr I ning farmoyishi bilan Dvinsk qishloq oqsoqoli Luka Lomonosovning jiyani Vasiliy
Dorofeevga unashtiriladi. Pyotr I qo‘shmachi boyvachchalarga: «Agar o‘g‘il farzand tug‘ilsa, unga
buvasining xotirasi uchun Mixaylo deb ism qo‘ying. O’g‘lim hamda unga otalik qilmish kimsa
Lomonosov familiyasini qabul etsinlar. Bu oila Luka Lomonosov qaramog‘ida, uning nazorati ostida
yashasin. Bu sir nihoyatda maxfiy saqlanishi zarurligini unutmang. Bolaning moddiy, moliyaviy
ta’minotini o‘z zimmamga olaman», — deya amr etgan.
* * *
Haqiqat va ishonch mohiyatan ikki tug‘ishgan opa-singil, ilohiy ota-ona farzandlaridir; ular hech
qachon o‘zaro sen-menga bormaydilar, faqat ba’zi birovlar shuhratparastlik orqasidan
o‘zbilarmonliklarini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida ularning o‘rtasiga nizo soladilar.
* * *
Xudoning irodasini pargar (tsirkul) yordamida o‘lchashga jazm etgan riyoziyotchi xato qiladi. Ammo
Injil orqali falakiyot yoki kimyo ilmini o‘rganish mumkin deb o‘ylovchi ilohiyotchi ham nohaqdir.
* * *
Amaliyot qonunini falsafiy bilimlar bilan to‘ldirmoq kerak.