kapalakni ko‘radi. Faylasuf uyg‘ongandan keyin boshi qotdi, u aslida kim — tushida o‘zini kapalak qiyofasida ko‘rgan Chjuan-tszimi yoki o‘zini Chjuan-tszi qiyofasida ko‘rgan kapalakmi? Chjuan-tszi ta’limoti ko‘pchilikka (zamondoshlariga ham, ulardan keyin yashaganlarga ham) omadsizlarning falsafasi bo‘lib tuyulgan. Uning asosiy asari «Chjuan-tszi» deb ataladi (bizgacha bu kitobning 33 bo‘limi yetib kelgan). * * *
Rivoyat qilishlaricha, Chjuan-tszi Pu daryosida baliq ovlayotganda Chu saltanatining ikki amaldori
kelib, hukmdorning nomasini topshiradilar. Nomada: «Zimmangizga davlat ishlarini yuklamoqchiman»
degan so‘zlar bor edi. Faylasuf qarmoqni suvdan olmay va hatto boshini ham o‘girmasdan
amaldorlarga shunday dedi:
— Eshitishimcha, Chu saltanatida bundan uch ming yil muqaddam o‘lgan muqaddas toshbaqaning
jasadi saqlanar ekan: Chu hukmdorlari uni o‘rab, sandiqchada asrashar va e’zozlasharkan. Aytaylik,
toshbaqa uchun ikki yo‘l bor. Yo suyaklarini e’zozlashlari uchun jasadligicha qolishi kerak, yo
bo‘lmasa, tirilib, dumini balchiqda sudrab yashashi kerak. Sizningcha, u qaysi yo‘lni tanlagan bo‘lardi?
— Albatta, tirik qolib, dumini balchiqda sudrab yashashni afzal ko‘rardi, — deb javob berdilar har
ikki amaldor.
Shunda Chjuan-tszi dedi:
— Ketaveringlar! Men ham dumimni balchiqda sudrab yashashni istayman.
* * *
Chjuan-tszi bir kuni Chu o‘lkasi tomon yo‘l olibdi. U yerga yaqinlashganda bo‘zarib ketgan, ammo
hali butun bosh chanog‘iga duch keladi. Faylasuf qo‘lidagi tayoq bilan kalla suyagini turtib:
— Sen qanday qilib bu ahvolga tushib qolding? Yashashga bo‘lgan telbalarcha ishtiyoqing seni shu
ko‘yga soldimi yoki kunda ustidagi oyboltami? Balki ota-onang, xotin, bola-chaqangni sharmanda
etgan nojo‘ya ishlaring yoxud qahraton sovuq va ochlik azobi seni shu ahvolga solgandir? Yo
bo‘lmasa, ko‘p yillik hayot yo‘ling shu darajaga olib kelgandir? — dedi. Keyin boshini kalla suyagiga
qo‘yib, uyquga ketdi.
Yarim tunda boshchanoq faylasufning tushiga kirib, dedi:
— Sen xuddi safsatabozlarga o‘xshab vaysaqilik qilding. So‘zlaring azobda qolgan barhayot
insonning tashvishlari bilan to‘lib-toshgan... Sen marhumning so‘zlarini tinglashni istaysanmi?
— Istayman, — dedi Chjuan-tszi.
— Marhumning tepada hukmdori, quyida esa xizmatkori bo‘lmaydi, — deya so‘z boshladi
boshchanoq. — Uning uchun yillarning almashinuvi ham yo‘q. Marhum xotirjamlik bilan osmon va
yerning yillik davriyligiga amal qiladi. Bunday erkinlik va baxt hatto podshohlarga ham nasib etmaydi.
Chjuan-tszi uning so‘zlariga ishonqiramay shunday dedi:
— Xohlaysanmi, men Yaratgandan senga jon, et va ruh ato etib, ota-onang, xotining, bola-
chaqang, do‘st-yorlaringni qaytarishini iltimos qilaman.
Boshchanoq faylasufga bir dam tikilib qoldi-da, so‘ng xo‘mrayib javob berdi:
— Men shohona baxtni insoniy azob-uqubatlarga almashtirishni istamayman.