Saida Jo\'rayeva. Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf
www.ziyouz.com кутубхонаси
64
— Marhamat qilib, bahsimizning boshlanish nuqtasiga qaytsak. Sen menga: «Baliqlarning nimadan
zavq olishini qaerdan bilasan?» deding. Demak, sen buning menga ma’lumligini yaxshi bilgan holda
shu savolni bergansan. Men baliqlarning nimadan zavq olishini Xao daryosi ustidagi ko‘prikda
yurganimda bilib oldim.
* * *
Chjuan-tszining bir rivoyatida shaxsning dao ta’limotiga muvofiq uzlatga chekinishi borliqning turli
shakllaridan bosqichma-bosqich begonalashishiga olib kelishi tasvirlangan.
«Donolik yo‘li»ga kirgan bir ayol yetarli darajada iqtidorga ega bo‘lgan, ammo hali bu yo‘ldan
bexabar Bu ismli kishini tarbiyalay olishi mumkinligini shunday hikoya qiladi: «Men uni bir dam
to‘xtatib, kerakli so‘zni aytsam, uch kun o‘tgandan keyin osmonu falakdan begonalashganini anglab
yetadi. Men yana u bilan suhbatlashaman. Va yetti kundan keyin u buyumlarga nisbatan begonalikni
his etadi. Shundan keyin yana u bilan uchrashaman. Oradan to‘qqiz kun o‘tib, bu hayotga nisbatan
begonalikni fahmlab yetadi.
Hayotdan begonalashgandan keyin u tong kabi tiniqlashadi. Tong kabi tiniq bo‘lgandan keyin esa u
yagonalikni ko‘ra olish qobiliyatini qo‘lga kiritadi. U yagonalikni ko‘rgach, o‘tmish va hozirgi voqelikni
unutadi. O’tmish va hozirgi voqelikni unutgandan so‘ng u hayot ham, o‘lim ham bo‘lmagan bir olamga
qadam qo‘yadi.
* * *
Ezgulik qiluvchi bir odam Chjuan-tsziga dedi: «Mening qo‘lansa shumtol deb ataluvchi daraxtim
bor. Uning tanasi shu qadar g‘urralarga to‘lib ketganki, yo‘nib tekislash amrimahol. Shoxlari esa shu
qadar egri-bugri va chigalki, ulardan chizg‘ich yoki pargar ham yasab bo‘lmaydi. Shu bois duradgorlar
yo‘ldagi bu daraxtga hatto qayrilib qaramaydilar ham. Sizning so‘zlaringiz ham buyuk, ammo
befoydadir. Ularning hech kimga keragi yo‘q».
Chjuan-tszi uning bu so‘zlariga shunday javob qaytardi:
— Yerga yotib olib, o‘z o‘ljasini poylayotgan tulki yoki yovvoyi mushukka hech e’tibor berganmisiz?
Ammo ular goh sharq tomon, goh g‘arb tomon, ba’zan pastga, ba’zan esa yuqoriga sapchib, o‘ljaga
tashlanadilar va ko‘pincha o‘zlari tuzoqqa ilinib, to‘r ichida halok bo‘ladilar. Osmonni qoplagan qora
bulut kabi ulkan qo‘tos esa o‘ta qudratli bo‘lsa-da, hatto sichqonga ham azob bermasligini bilasizmi?
Sizni katta daraxtning hech qanday foyda keltirmasligi tashvishga solayaptimi? Bu sizning g‘am
chekishingizga arzimaydi. Axir, daraxtni bepoyon cho‘l bag‘ridagi hosilsiz yerga ko‘chirib o‘tqazish
mumkin-ku. Xo‘sh, nega endi uning tegrasida sayr qilib, soyasi ostida mizg‘imaslik kerak? Daraxt
hech kimga foyda keltirmasdan kesilib ketishi mumkin. Ammo uning birovga zarari ham tegmaydi.
* * *
Narsalarning chegarasini so‘z bilan ham, sukut bilan ham ifodalab bo‘lmaydi.
* * *
Qorong‘u zulmatda ko‘rmoqlikni, sukunatda eshitmoqlikni o‘rganing. Shunda siz zulmat aro nurni
ko‘rasiz, sukunat aro uyg‘unlikni tinglaysiz.
* * *
Ba’zilar bir umr so‘zlaydilar-u, hech narsa aytolmaydilar. Ba’zilar esa bir umr sukutda bo‘ladilar-u,
ammo aytilmagan so‘z qolmaydi.
* * *
Fikrlamaslik va xayol surmaslik Daoni anglashning boshlanishidir. Hech yerda bo‘lmaslik va hech
narsaga tirishmaslik osoyishta Dao olamiga kirishning boshlanishi demakdir. Hech narsaga amal