Saida Jo\'rayeva. Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf
www.ziyouz.com кутубхонаси
79
* * *
Haddan ortiq foyda olishga intilish tashvish keltiradi. Tashvish esa betoblikka sabab bo‘ladi.
Betoblik donolikning kuchini qirqadi. Donolikning kuchi qirqilgach, me’yor hissi yo‘qoladi. Me’yor
yo‘qolgach, harakatlar tartibsiz tus oladi. Tartibsizlik esa baxtsizlik va azob-uqubatlarni yetaklab
keladi. Baxtsizlik va azob-uqubat yetib kelishi bilan betoblik insonning butun jismu jonini chulg‘ab
oladi. Tashqaridan kelgan baxtsizlik g‘am-anduhga sabab bo‘ladi. Agar azob-uqubat va og‘riq ichki
a’zolarga ham kirib borsa, insonni shafqatsizlarcha yaralaydi va azobli og‘riq kuchayadi.
Shafqatsizlarcha yaralangan inson og‘riqqa dosh berolmay, o‘zini ayblab, o‘zidan o‘pkalaydi. Demak,
ortga chekinish va o‘z-o‘zidan o‘pkalash foyda ortidan quvishning natijasidir. Shu bois: «Inson uchun
shaxsiy manfaat ketidan quvishdan ortiqroq xavf-xatar yo‘q», deyiladi.
* * *
Dono hukmdor o‘z xatti-harakatlari sababini yashiradi, toki amaldorlar ulardan foydalanmasin.
Hukmdor o‘zining donoligini pinhon tutib, iste’dodini past qilib ko‘rsatadiki, qo‘l ostidagilar uning bu
sifatlarini ham sezolmasinlar. Donishmand hukmdor amaldorlarni hukmdor bo‘lish umididan mahrum
etadi. U shunday yo‘l tutadiki, amaldorlarning o‘zlari hokimiyatdan yuz o‘giradilar.
* * *
«Har bir davlatning o‘z «tekinxo‘rlari» bor, — deb yozadi Xan Fey. — Ular besh toifaga bo‘linadi.
Agar hukmdor bunday kimsalarni tag-tomiri bilan yo‘qotib, risoladagidek fuqarolarni tarbiyalay
bilmasa, olamda halokatga mahkum davlatlar va sulolalar soni ko‘payaveradi. Davlatga tahdid
soluvchi o‘sha besh toifa quyidagilar:
1. Avvalgi hukmdorlarning insonparvarligi va burch tuyg‘usiga sodiqligini ro‘kach qilib, ularning
tutgan yo‘lini maqtovchi, ust-boshiga zeb berib, mahorat bilan so‘zlangan balandparvoz ma’ruzalari
vositasida mavjud qonunlarga nisbatan shubha uyg‘otuvchi va hukmdorning qalbida ikkilanish
tuyg‘usini tug‘diruvchi olimlar.
2. Turli bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni tashuvchi, tashqi kuchlarga tayanib, o‘zining shaxsiy manfaati
yo‘lida istalgan saltanatning timsoli bo‘lgan yer mehrobi va don-dun uchun foydali barcha
yumushlardan bo‘yin tovlagan vaysaqilar.
3. Beliga qilich taquvchi, olomon bo‘lib to‘planuvchi, nom chiqarish va oliy mansabdorlarning
taqiqlarini buzish uchun o‘z sifatlarini ko‘z-ko‘z qiluvchilar.
4. Bor mol-mulkini amaldorlarga pora uchun sarflab, yalinish yo‘li bilan og‘ir mehnatdan va harbiy
xizmatdan o‘zini olib qochuvchi, majburiyatdan qo‘rqib, uyga biqinib oluvchilar.
5. Qo‘pol va beo‘xshov, qalbaki narsalarga ruju qo‘ygan, o‘z uyida behisob zaxiralarni yig‘ib olib,
dehqonlarning foydasini tortib olish uchun payt poylagan, qish faslida yoki qahatchilik chog‘larida
mahsulotlarni olib-sotish bilan mashg‘ul bo‘lgan savdogar va hunarmandlar».
* * *
«Bugungi kunda qattiqqo‘l va ishonchli odamlarning soni o‘ntaga ham bormaydi. Ammo
mamlakatdagi amaldorlik lavozimlari yuzdan ortadi. Shu bois barcha lavozimlarga qattiqqo‘l va
ishonchli kishilarni tayinlashning imkoni yo‘q. Amaldorlik lavozimlarini to‘ldirish uchun loyiq odamlar
yetishmasligi oqibatida esa tartibni saqlab, himoya qiluvchilar kamayib, el-yurt orasida fitna
uyg‘otuvchilar ko‘payadi. Ma’rifatli hukmdor bundan qutilish uchun aqlli kishilarni izlab ovora bo‘lmay,
yagona qonun joriy etishi, qo‘l ostidagi ishonchli amaldorlar bilan faxrlanib yuravermasdan,
boshqaruv san’atini puxta egallab olmog‘i lozim. Ana shunda qonunga zarar yetmaydi, yovuz va
yolg‘onchi amaldorlarga barham beriladi».
* * *
Mamlakatda aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar ko‘payib ketsa, qonun buziladi. Qo‘l mehnati