Saida Jo\'rayeva. Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf
www.ziyouz.com кутубхонаси
97
EPIKTET (50 (taxminan) -135 yillar)
Epiktet Kichik Osiyoda joylashgan Gierpolis shahrida tug‘ilib o‘sdi. Hozirgi Turkiya davlatining poytaxti Anqaradan 75 chaqirim uzoqlikda joylashgan bu shaharda savdo- sotiq juda rivojlangan edi. Epiktet qul oilasida dunyoga keldi. Bolalik chog‘ida uni Rim shahridagi qul bozoriga keltiradilar. Epiktetni hukmdor Neronning tanqo‘riqchisi Epafrodit sotib oladi. «Epiktet» so‘zi — «sotib olingan» degan ma’noni anglatadi. Epafrodit Epiktetni sotib olayotganda uning chidamliligini tekshirish maqsadida tayoq bilan tizzasining pastiga uradi. Epiktetning oyog‘i sinib, bir umrga oqsoq bo‘lib qoladi. 68 yilda 30 yoshli imperator Neron vafot etadi. Yangi hukmdor Domitsian uning tanqo‘riqchisi Epafroditni qatl qiladi. Egasining o‘limidan so‘ng Epiktet qullikdan ozod bo‘ladi. U faylasuflar Evrat va Muzoniy Ruf qo‘lida tahsil oladi. Epiktet faylasuflarga xos qashshoqlikda kun kechiradi. U doimo: «Sabr qil va chida!» — degan naqlni takrorlashni xush ko‘rardi. Epiktet yoddan ta’lim olib, nutqini ham qog‘ozga tushirmasdan yodaki bayon etgan. * * *
Eng muhimi — Xudoning mavjudligi va U butun Koinotni donishmandlik ila boshqarib turmog‘iga
komil ishonch bilan qaramoqlik lozim. Sen Unga bo‘ysun, ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga qarshilik
ko‘rsatmay, barchasiga tan ber.
* * *
Men nimaman? Insonman. Agar o‘zimga boshqa narsalardan alohida va mustaqil bir jon deb
qaragudek bo‘lsam, u holda men so‘zsiz uzoq umr ko‘rishim, boy-badavlat, baxtiyor va sog‘lom hayot
kechirishim kerak. Agar o‘zimga butunning kichik bir zarrasi sifatida qaragudek bo‘lsam, u holda ana
shu butunga nisbatan har qanday xastalikka, muhtojlikka bo‘ysunishim yoki hatto bevaqt o‘limga ham
shay turmog‘im lozim. Shunday ekan, mening noshukrlik qilishga haqqim bormi? Axir men noshukrlik
tufayli yurishdan bosh tortib, tanadan ajralib qolgan oyoq kabi insonlikdan mahrum bo‘lib qolish
mumkinligini yaxshi bilaman-ku!
* * *
Sen dramada ishtirok etayotgan bir aktyor ekanligingni, katta yoki kichikligidan qat’i nazar, muallif
tomonidan topshirilgan rolni o‘ynashing kerakligini unutma. Agar u sening qashshoq timsolini
o‘ynashingni istasa, bu vazifani sidqidildan bajar. Biror nogiron kimsa yoki hukmdor, yo bo‘lmasa
oddiy fuqaro timsolini ham astoydil ado et. Sening vazifang zimmangga yuklatilgan rolni yaxshilab
bajarishdan iborat. Rollarni taqsimlab berish esa o‘zganing ishi.
* * *
Shuni yodda tutgilki, agar inson baxtsiz ekan, bunga uning o‘zi sababchi. Chunki Xudo barcha
odamlarni baxt uchun yaratgan.
* * *
Bizning qalbimiz suvli idishga, fikrlarimiz esa suvga tushayotgan nurga o‘xshaydi. Idishdagi suv
chayqalganda, unga tushayotgan nur ham chayqalib, sinayotgandek tuyuladi. Aslida esa bunday
emas. Qalb hayajondan junbushga kelganda go‘yoki fikrlarimiz ham chalkashib, zaiflashgandek
bo‘ladi. Ammo qalb osoyish topgach, fikrlarimiz ham o‘sha zahoti asliga qaytadi.