www.ziyouz.com kutubxonasi
174
— Sening muddaong, — dedi hoji, — marg‘ilonliq kelinni o‘g‘lingdan ajratib yuborish
va bu kelining bilan qoldirish — shundog‘mi?
— Albatta shundog‘!
— Mana bu harakatingni o‘rinsiz chiranish, deydilar. Nega desang, bilfarz o‘g‘lingni
oldingg‘a olsangda, undan so‘rasang «qaysi xotining bilan bo‘lishni xohlaysan?
Xohlamag‘aningni qo‘y», deb. Ana shu vaqtda o‘g‘ling nima der edi? Nima deyishini
o‘zing ham yaxshi bilsang kerak, xotin!
— Bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — marg‘ilonliq-ning domlasi kuchlik. O‘g‘lim
bechoraning boshini aylantirib, ko‘nglini xippa o‘ziga bog‘lag‘an.
Yusufbek hoji o‘zini kulgidan yana to‘xtata olmadi:
— Yaxshi, — dedi, — sen ham-ku uch yildan beri Toshkanddagi hamma
domlaxo‘jalarning eshigiga birma-bir kirib-chiqding. Bas, sen ham nega o‘g‘lingning
ko‘nglini Zaynabka xippa qilib bog‘lay olmading?
O‘zbek oyim erining bu savolidan hayron bo‘lib turmadi:
— Marg‘ilonlikning domlasi sihirchi hindi edi. Men bo‘lsam, bu yerdan hindi domla
topa olmadim.
Hoji endi kulmadi. Chunki xotinining holiga achina boshlag‘an edi.
— Bundog‘ aqlsiz ishlarni qo‘yayliq, xotin, — deb muloyimona so‘zlab ketdi, — bir oz
aqlg‘a yon berib ish qilg‘an kishi hech bir vaqt dard qilmaydir. Modomiki, ikkimizning
yolg‘iz ishonchimiz shu o‘g‘limiz ekan va uning sog‘liq, shodlig‘i bizning tirikligimizning
tiragi ekan, bas, bizga lozimi uning xursandlig‘i nima bilan bo‘lsa, shuni axtarishdir. Men
yaxshi bilamanki, sen bu ishlarni faqat o‘g‘lingni ayag‘aningdan qilasan va senda
shundan boshqa hech bir maqsad yo‘q, bu tarafdan qarag‘anda seni ham ayblab o‘lturish
oson emas... Shuni yaxshi bilg‘ilkim, o‘g‘lingning oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab turishi
seni xafa qilsa, meni ham sendan battar achchig‘imni qistatar, hatto ba’zi kezlarda so‘kib
yubo-rish darajalarigacha borib qaytar edim. Ammo sening jahlingni chiqarib kulishim
bo‘lsa, faqat «o‘lganimdan kulaman, yuzimni yerga suraman» qabilidan bo‘lib, bunga
sen tushunmas eding. Nihoyat sen aytkandek jonim hiqildog‘img‘a yetdi-da, o‘g‘lingni bu
gal Marg‘i-long‘a borma, deb yo‘ldan qaytarib qolg‘uchi ham men— o‘zim bo‘ldim...
O‘zbek oyim boshini tervatib so‘zni eshitib kelar edi. Bu keyingi so‘zni eshitkandan
keyin boshini ko‘ksigacha yetkuzib, «barakalla, rahmat» degandek qilib qo‘ydi.
Hoji davom etdi:
— Manim bu to‘xtatib yubormay qo‘yg‘animdan xabarsizlig‘ing uchun bo‘lsa kerak,
ko‘ngling dom-laxo‘janing duosiga ketib qoldi va men sening so‘zingdan kuldim. Chunki
haqiqatda buning sababchisi o‘zim edim...
O‘zbek oyim eridan o‘pkaladi:
— Nega axir meni xabardor qilmaysiz?
— Bu to‘g‘rida menda ham ayb bor, — dedi hoji, — sen bilan o‘zimning muddaolarimiz
bir, deb o‘ylag‘anim uchun Otabekni koyib to‘xtatqanimdan so‘ng seng‘a kengash
olmasdanoq qudalaringga bir xat yozg‘an va kelin bolani Toshkandga olib kelishlarini
so‘rag‘an edim. Haytovur so‘zimni yerda qoldirmag‘an o‘xshaylar, bu kun qudadan bitta
javob xati oldim. Aqlli kishilarning sadag‘asi ketsang ham arziydir: «Shu choqqacha
sizlarga ayttirmasdanoq ziyoratlaringizga borishimiz kerak edi. Xatingizni o‘qub
nihoyatda xijolat chekdik, ayniqsa kelin bolangiz bek oyimg‘a qaysi yuz bilan qarayman,
deb yuzini yuldi. Bu adabsizligini borg‘andan so‘ng albatta yuziga solmaslar, deb
ishonamiz», deydir...
O‘zbek oyim eriga anqayg‘ancha qarab turar edi. Haqiqatan ham hojining ustalig‘i
O‘zbek oyimdek dumbul tabi’atlik xotinlarni gangitarlik edi.
Ul xotinining javobini kutib o‘tirmasdanoq, tom ustiga tom yopa bordi: