www.ziyouz.com kutubxonasi
177
Otabek tinchsizlandi:
— Sababini... so‘zlang...
— Menga uylanganingizga qancha bo‘ldi?
— Ikki...
— Shu ikki yildan menga bo‘lg‘an aloqangiz bir zar-ra ham o‘zgargan emas, — dedi
Zaynab, — meni xotin o‘rnida ko‘rmaysiz!
— Bekor gap...
— Bekor gap emas, jonim, — dedi Zaynab qizishqan holda. — Marg‘ilondan
qaytkandan keyingi kunlaringizni mehmonxonada kechirib kelishingizdan albatta tona
olmassiz. Shu ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yg‘an edi, deb manim to‘g‘rimda
o‘ylab qaramas-lig‘ingizning sababi ham o‘zingizga...
Zaynab so‘zini bitira olmadi, chetka qarab ko‘z yoshisini to‘kdi. Otabek go‘yo tog‘
ostida qolg‘an edi.
— Siz tamom boshqacha tushunibsiz...
— Bo‘lmasa, bu gaplarning sababi nima?
— Sababi juda ochiq, — dedi Otabek. Lekin nimani sabab qilib ko‘rsatishni o‘zi ham
bilmas edi.
— Aytingiz axir?
— O‘zingiz ham bilarsiz, deb o‘ylayman.
— Men hech narsa bilmayman.
— Bilasiz!
— Xudo haqqi bilmayman.
— Bilmasangiz... — dedi bek, — bilmaganingiz yaxshi. Sizga o‘z og‘zim bilan iqror
qilishg‘a uyalaman...
— Mendan-a, xotiningizdan uyalasizmi?
— Uyalmayinmi?
— Uyalmang.
— Uyalmasam... mizojim zaif...
Zaynab ishonar-ishonmas unga qaradi.
— To‘g‘ri so‘zlamadingiz...
— Ishonmasangiz o‘zingiz biling, lekin haqiqat gap shu, sizdan uzoqda yurishimning
sababi ham shunda.
— Ishong‘animda ham bu hol tashqarida yotib yu-rishingiz uchun katta sabab bo‘la
olmaydir. Chunki men faqat shuning uchun sizdan o‘pkalamayman, — dedi va ko‘zini
to‘ldirib Otabekka qaradi. — Menga sizning mizojingiz kerak emas... O‘zingiz!.. — dedi
va yig‘lab yolborg‘an holda Otabekning quchog‘ig‘a o‘zini tashladi. Otabek Zaynabning
shu qadar yurak dardi borlig‘ini bi-rinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz
haykalni o‘pib quchoqlar va yolborar edi.