www.ziyouz.com kutubxonasi
183
deb shunga ketkan ekan. Boradirg‘an joyi uzog‘roqda bo‘lib, kechikkan va yo‘ldan
kelaturib bu gunohiga ikki mesh qimiz olg‘an... Hali qimizni menga berib: «Kirib ayting,
juda uyatlik bo‘ldim kechirsinlar», deydir, — dedi va kuldi.
Karima otin:
— Kechirilmaydir, qimiz o‘zi nima degan gap, — dedi.
Oftob oyim mehmonlarga qarab chiqg‘andan keyin Hasanaliga kulib javob berdi.
— O‘zimiz juda cho‘llab kelgan edik, shuning uchun kechirdik.
— Balli-balli! — dedi Hasanali, — men kechirganingizni chiqib aytaman.
— Chiqib ayting, — dedi Oftob oyim.
— Siz-chi? — deb so‘radi Hasanali Kumushdan.
Kumush baqadek qotib o‘lturgan Zaynabka qaradi va uyalinqirab javob berdi:
— Men ham kechirdim...
— Sizning ikki boshdan kechirishingizni o‘zim ham bilar edim, — dedi Hasanali.
Bo‘g‘oz-qisir uy ichini kulgi bosdi.
Kulgidan so‘ng O‘zbek oyim:
— Nega o‘zi kirmadi? — deb so‘radi.
— Qayin otasi bilan so‘zlashib o‘lturibdir...
Hasanali ketkandan keyin O‘zbek oyim Oybodoqqa, qimizni mis tog‘orag‘a
bo‘shatishka buyurdi. Qo‘y so‘yilib tayyor bo‘lg‘an edi. O‘zbek oyim qudachasining ra’yini
so‘radi:
— Nima buyurasiz?
— Mendan so‘rab o‘lturmang, mehmonlar nimani xohlasalar biz ham o‘shanga yormiz.
O‘zbek oyim tomoq buyurish uchun havliga tushdi. Zaynab mis tog‘orog‘a ag‘darilg‘an
qimizni cho‘michlab kosalarga quyib mehmonlarga tutdi.