www.ziyouz.com kutubxonasi
180
Eng keyin orqadan Zaynab ko‘rindi. Chunki ul uydan endi chiqib kelgan edi. O‘zbek oyim
kulib Kumushka qaradi.
— Qani, o‘zing tani-chi, kim ekan bu?
Kumush hayron bo‘lib qolmadi... Ipaklar ichiga g‘arq bo‘lg‘an Zaynabka qarab olib,
unga tomon adim tashladi:
— Zaynab opam! — dedi. Zaynab ham kulimsiragan holda Kumushka yaqinlashib
keldi... Ikki kundash «esonmisiz, omonmisiz, eson-omon yuribsizmi...» so‘z-lari bilan
ozorsiz qilib bir-birining yelkasiga va qo‘ltiq ostig‘a qo‘l yuborishdilar. Ular ko‘rishib
turg‘anda yo‘lakdan Yusufbek hoji ko‘rinib, qochadirg‘an xotinlar o‘zlarini chetka oldilar.
Hoji ularning oldig‘a — yuzaga chiqg‘ach,Oftob oyim salom berib ro‘ymoli bilan tomog‘
ostlarini o‘rab oldi. Hoji qudachasi bilan so‘rashib:
— Barakalla, singlim! Haytovur charchamay kelding-larmi, men sizlarni ovora
qildimov, — deb uzr aytib kulgan va uyalib borg‘an qudachasig‘a yengillik bergan bo‘ldi.
— Qani, bek otasi, ko‘rmanani bering-chi! — dedi O‘zbek oyim Kumushni imlab.
Kumush uyalib zo‘rg‘ag‘ina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib bo‘yin
egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig‘a
tegizib olg‘an o‘z qo‘lini o‘pdi:
— Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurg‘an
ekanmiz-da, — deb tevaragiga qarab kulindi va qo‘lini duog‘a ochdi. — Bizni shunchalik
siylab kelibsizlar, bu yaxshiliqlaringiz bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin. Olloh taolo
yoshlarg‘a tinch va barakatlik umr bersin. Ilohim, taqabbul duo...
Hamma duog‘a yuz siypashdilar. So‘ngra Yusufbek hoji Kumush bilan Zaynabka
qaradi:
— Men sizlarning ko‘rishib turg‘anlaringizni ko‘rib juda quvondim, — dedi. — Mundan
so‘ng ham shu yo‘sunda bir-birlaringizga egachi-singildek bo‘lmoq-laringizni tilayman, —
dedi va O‘zbek oyimg‘a:
— Qani, mehmonlarni ichkariga olinglar, — deb o‘zi tashqarig‘a burildi.