7. QUDALARNI KUTIB OLISH Kechagi kirgan savdogarlardan qudalarning bu kun aniq kirish xabarlarini bilgan
edilar. Nariroqdan kuzatib kirish uchun Hasanali yo‘l ustiga ketkan, Yusufbek hoji-ning
o‘zi ish boshida turib, Oybodoqqa tashqari havlini tozalatar edi. Ichkarida bo‘lsa, O‘zbek
oyim qo‘shni xotinlardan bir nechasini hasharga aytib, hammani joy-joyig‘a qo‘ydirg‘an,
havli yuzini ham yog‘ tushsa yalag‘undek holga kelturgan edi. Ammo o‘z uyini
bo‘shatdirib, gilam solib qo‘yg‘anig‘a endi uch kunlab bor, qudalarning ziyo-fati uchun
kerak bo‘lg‘an hamma narsalarni ham hozirlatqan, ular kelib tushdi deguncha,
bo‘g‘izlatish uchun, deb bir g‘o‘non qo‘yni og‘ilning ustuniga qantattirib qo‘yg‘an edi.