9. HOJI ETAK SILKKAN To‘rda qutidor, uning yonida mahallaning imomi Yunus Muhammad oxund, yurt og‘asi
Pirnazar jallod va Sotiboldi otalig‘ yana bir keksa o‘lturar edilar. Pirnazar jallodning
yonida Otabek va Sotiboldi akaning qatorida Yusufbek hoji edilar. Oyog‘da Hasanali
meshdan qimiz quyar edi.
So‘z to‘rtinchi kuni bo‘lib o‘tkan qipchoq qirg‘ini ustida ketib, Yusufbek hoji bu
to‘g‘rida so‘zlar edi.
— Men biz xalqning odam bo‘lishimizdan tamom umidimni kesib qo‘ydim... Esimni
tanig‘animdan beri amal demay, mansab demay faqat shu musulmonlar manfaatini
ko‘zlab kelib, oyog‘ida o‘zini qushbegi, mingboshi olg‘an uch-to‘rtta manfaatparastlardan
go‘yo yosh bola kabi aldandim... Ululamir bo‘lg‘an kishi ham shu manfaatparastlarning
xarob fikrlariga quloq berib, bizdek odamlardan bu to‘g‘rida bir og‘iz kengash so‘rashni
unutdi. Holbuki, Musulmonqul balosidan uni najotka chiqarg‘uchilarning bittasi biz edik.
Natijada ersa so‘zi — so‘z, kengashi — kengash bo‘lg‘anlar shu uch-to‘rtta kalla buzarlar
bo‘lib, bizga o‘xshag‘anlarning darajamiz yosh boladek aldanish ekan...
Yunus Muhammad oxund uning so‘zini bo‘ldi:
— Ey hoji, — dedi, — hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam bo‘lsa,
uch-to‘rtta muttahamning yomonlig‘i hech qayerg‘a bormas va buncha gunohsiz
bechoraning qoni o‘rinsiz to‘kilmas edi. Janobi payg‘ambari xudo hadisi shariflarida
aytadirlarkim, «Bismillahir-rohmanir-rohim qola an-nabiyu alay-hissalom: Izo vasada al-
amru ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata, ya’ni ul sarvari koinot marhamat qilurlarkim,
agar bir qavmning ishi noahl odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning
qiyomatini yaqin bil, ya’ni halokatiga muntazir bo‘l». Bas, bizning korlarimiz ham ko‘b