www.ziyouz.com kutubxonasi
184
fursatlardan beri noahl odamlarning qo‘lig‘a qolib va har zamon ul nobakorlar bizlarning
boshimizg‘a anvo’i kulfatlarni soladirlar. Ilohi kori badlari o‘z boshlari birlan daf’ bo‘lg‘ay.
— Saddaqta yo rasulilloh, — dedi hoji va hadisni takrorladi: — «Izo vasada al-amru
ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata» — voy bo‘lsin biz badbaxtlarning holiga,— dedi. Bir oz
ma’yuslanib to‘xtadi va domla tarafidan bo‘lingan so‘zini shu gaplar bilan tamomladi:
— Shu kungacha bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lib umrimning nihoyatiga yetib
qoldim, — dedi. Soqolini tutamladi. — Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu
manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin
ibodatimni janobi haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘an
sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lma-
g‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lg‘anim uchun bir kinoya-dir. Endi mundan keyingi besh
kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib to‘sha’i oxirat tadorikini qilmog‘im uchun
g‘animat ko‘rinadir.
Bu so‘z majliska bir ma’yusiyat berdi. Ko‘b vaqt hammalari sukutda qoldilar. Hojining
gapi ayniqsa Pirnazar akaga ta’sir qilg‘an edi. Ul o‘z hunari ruhida mulohazasini so‘zladi:
— Yomonlarni bitta-bitta, terib-terib bosh kesmasdan elni tinchitish qiyin, — dedi.
Bu so‘zdan keyin majlis ahli hojining og‘zig‘a qaradilar. Hoji kulib qo‘ydi, bir ozdan
keyin:
— To‘g‘ri aytdingiz, jallod, — dedi, — bu taqdirda yoningizda o‘lturg‘an bizning o‘g‘ulni
ham ko‘makingizga chaqira olasiz...
Hamma kulib yubordi. Qutidor yer ostidan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek
dadasining kinoyasiga tushunib qip-qizil lavlagidek bo‘ldi. Yaxshiki qutidor va
Hasanalidan boshqa hech kim bu kinoyaga tushunmas edi.
Pirnazar aka jiddiycha Otabekka qaradi.
— Otabek menga o‘xshag‘an jallodkina emas, amiri lashkar bo‘la oladir. Siz fotiha
bersangiz va Otabek amr bersa men xudo haqqi yomonning boshini olishdan qaytsam,
— dedi.
— Bizning kattadan-kichigimizning, — dedi hoji,— topqan-tutqanimiz faqat bosh
olish... Biz o‘ylaymizki, go‘yo bosh olish bilan olam tinchiydir va biz o‘z xohlag‘animizni
qila olamiz. Tuzik, jallod aytkanidek, yomonning boshini olmoqqa men ham qarshi
emasman va lekin buning nozik shartlari bor: avvalo manfaati shaxsiyasidan kechib,
faqat el baxti uchun bosh tikkanlar jamoasi kerak va bu jamoaning o‘z maslaki yo‘lida
kuzatkan ma’lum bir nishonasi bo‘lmog‘i zarur. Ana shundan keyin haligi nishonaga
qarab intilishda oyog‘ ostig‘a elashkan cho‘p-xaslarni supira borish lozim. Mana
shundagina to‘kilgan qonlar o‘rinlik va mashru’, berilgan boshlar chin qurbon
hisoblanadirlar. Yo‘qsa, sizning bosh olishingiz ham anovilarning qirg‘inidan farq-lik
bo‘lolmas, — dedi va bir oz to‘xtab olg‘andan keyin afsuslandi, — shu yoshg‘a yetib bu
xalq orasida haligi jamoani uch-to‘rt nafardan ortiq uchratolmadim, afsus.
Yana bir muncha gaplar o‘tkandan keyin hammalari masjidga chiqib peshinni o‘qub
kirish uchun qo‘zg‘al-dilar. Otabek ham ko‘bchilik bilan birga qo‘zg‘alg‘an edi, Hasanali
uni to‘xtatdi:
— Siz to‘xtangiz, Otabek, — dedi. Kishilar havli yuziga tushkandan keyin, — ichkariga
bir kirib chiq-masangiz ayb bo‘ladir... Boyag‘i ishingizni bo‘lsa zo‘rg‘a yolg‘on-yashiq
bilan ularning ko‘nglidan chiqardim.
Otabek nihoyatda bo‘shashqan holda qaytib o‘rniga o‘lturdi:
— Mayli, bo‘lmasa... — dedi.