8. ZIMNAN ADOVAT Shundan keyin O‘zbek oyim olding‘a tushib, qudasi bilan Kumushni uyga boshladi.
Ularning ketidan bosh-qa mehmonlar yurdilar. O‘zbek oyim yo‘l ustidan Oybo-doqqa:
— Tezroq choyingga qara, bechoralarning aravada ichagi uzulg‘andir,— dedi va Oftob
oyim bilan Kumushka,— men sizlardan juda xafaman,— deb qo‘ydi.
Oftob oyim Kumushka qaranib javob berdi:
— Aytsangiz, aytmasangiz biz juda uyatlik bo‘lg‘an-miz.
Uyning dahliziga kirdilar. O‘zbek oyim ularni to‘rga taklif qildi:
— Qani, yuqorig‘a! — dedi.
Oftob oyim to‘rga harakat qilsa ham, Kumush boshqa mehmonlardan uyalib to‘xtadi,
O‘zbek oyim uni qistab tushdi:
— Iymanma, Kumush otin, bu kun-erta bizga yangi kelinsan, uchunchi kundan
boshlab sen mug‘ombirning boshingda tegirmon yurgizishni o‘zim yaxshi bilaman! —
dedi. Oftob oyim va keyindagilar kulishdilar. — Yana hali sen manim sobunimga kir
yuvib ko‘rganing yo‘q! — deb qo‘ydi. Bu gal Kumush ham kulimsirab oldi. To‘rga Oftob
oyim va Mohira qudachalar o‘lturdilar. Oftob oyimning so‘liga Kumush, Kumushning
yonig‘a Xushro‘y, Mohira oyimning o‘ngiga Hanifa, undan keyin Karima otin, Sharofat
chevar va Mahinabonular qator chizilishdilar. Eng oyog‘da O‘zbek oyimning o‘zi o‘lturdi.
Karima otin qo‘l ochib duo qilg‘andan keyin, O‘zbek oyim «Xush kelibsiz» qildi. Mundan