www.ziyouz.com kutubxonasi
171
Otabekning boshig‘a bu gaplarning bir harfi bo‘lsin o‘rnashmas va o‘zi kutkan natijaga
borib yetish uchun-gina qiynalar edi.
— Shunchalik ishlarni qilib, nega oxirda qayin otangg‘a yo‘liqmay kelding?
— Shunga majbur edim.
— Marg‘ilong‘a endi qachon borasan?
Otabek o‘ylanib qoldi. Chunki bu «qachon borish» masalasini yaxshilab yeshmak
kerak edi va uni yeshmak ham qiyin edi, uzoq o‘ylang‘andan keyin:
— Ma’lum emas, — dedi.
Garchi bekning yuragi hozir bo‘lsa ham Marg‘ilong‘a qarab uchishka tayyor edi. Biroq
uning yuragidan ham kuchlik bo‘lg‘an yana bir narsa bu «borish» masalasini chuvaltirib
«ma’lum emas» bir holga qo‘yg‘an edi.
— Qayin otang kelin bolani olib shu hafta ichi yo‘lg‘a chiqmoqchi ekan, — dedi hoji, —
tarixiga qarag‘anda xatning yozilg‘anig‘a o‘n kunlab bor, ehtimolki, erta-indin kelib
qolsalar, to‘rdagi uyni bo‘shatdirib, polos yozish kerak edi...
Ul bu gapni eshitar ekan borliq, yo‘qliq — ish qilib allaqandog‘ qiziq bir holat kechirdi.
Issig‘ bir narsa badaniga tegib ketgandek hurkinib qo‘ydi va «nihoyat, endimi?”
degandek qilib entikdi. Ko‘z o‘ngidan birav-ning surati o‘tib sarxushlandi va til bilan
onglatib bo‘lmasliq bir sog‘inish chidamsizligi ichida bu ivir-jivir holatdan gangib ko‘z
ochdi. Ko‘z ochdi, biroq o‘ziga «nima deysan?” deb qarab turg‘uchi otasig‘a muvofiq
javob berishni bilmadi. Yusufbek hoji esa o‘g‘lining bu sustlikka o‘xshab ko‘ringan holini
yomong‘a yo‘ydi. Marg‘ilon degan shahardagi katta o‘zini kichik olib qizi ila kelayotgan
Mirzakarim akaga o‘g‘lining xo‘rliq keltirishidan cho‘chidi. Shunga binoan Otabekni
epaqag‘a olish uchun unga kulki tuyulgan bir qancha nasihatlarni chizdi:
— O‘g‘lim, — dedi, — siylag‘anni siylash kerak, endi senga qadrsizlang‘an bo‘lsalar,
ammo bizning qoshimizda ularning qadr-qiymatlari yuqori, qutidor bo‘lsa ko‘z ochib
ko‘rgan qudamiz, xotining bo‘lsa bosh kelinimiz. Agar sen meni otam deydirgan
bo‘lsang, shularning ko‘nglini olmoqqa tirish. Qayin otangdan meni quvladi, deb
ko‘ngling olinmasin, chunki u bechora ham bir shaytonning vasvasasi bilan bu xatoga
tushkan. Har holda hurmatlarini bajo keltir, Marg‘ilon degan shahardan sening yuzingni,
deb keladirlar.
Otasining bu so‘zlari go‘yo uning istiqboli uchun yaxshi ta’minotlar berar, go‘yo
majburiyat ostida ota nasihatini quloqqa oladirg‘andek bo‘yin egib o‘lturar edi.
— Agar ularning kelish kunlarini aniq bilsak, — dedi hoji, — sen yo‘ldan qarshilab kirar
eding.
Otabek javob bermadi.
— Har holda o‘ttasi kun mo‘ljal, sen chiqmasang ham Hasanali chiqsin yo‘lg‘a.
— Mayli chiqsin, — dedi Otabek.