www.ziyouz.com kutubxonasi
192
— Qaramang bo‘lmasa, — dedi Kumush yeshinar ekan, — «bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani
yo‘q» degan so‘zni besh-olti qayta takrorladi va o‘ringa kirib olg‘andan keyin ham
«bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani yo‘q» deb kular edi.
Otabek nihoyatsiz «bo‘lg‘ani yo‘q» dan zerikib qaradi:
— Aldamchi.
— Bu aldashlar — aldash emas, siz hali qarab turing, qochqoq.
— Aniq qo‘rqmaysizmi yolg‘iz?
— Nega qo‘rqay, ikki yil yolg‘iz yotib, endi juda o‘rgandim... Ehtimol siz yolg‘izliqdan
qo‘rqarsiz.
— Kinoyangiz...
— Bu kinoya emas, to‘g‘ri so‘zim, — dedi Kumush,— men bu holda yolg‘iz ham
emasman...
— Bu nima degan so‘zingiz tag‘in?
— Ya’ni hamrohim bor, deganim — mendan qo‘rqmang, deganim...
Otabek yana tushunmadi...
— Hamrohingiz...
— Hamrohimmi? — dedi Kumush, — hamrohim biravning xayoli, biravning fikri. Bas,
bundan ham yaxshi rafiq bormi? Ba’zi vaqtlarda bu yo‘ldosh uyqudan ham shirin.
Otabek «hamroh»ga tushundi va yotib Kumushning yuzidan o‘pdi:
— Lekin men bu so‘zingizga ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz?
— Negaki, siz anovi... kechasi hamrohsiz edingiz... Pish-pish uxlar edingiz...
Kumush Otabekning yelkasiga qo‘lini tashladi:
— O‘shal vaqtlarda hamrohsiz uxlag‘anim to‘g‘ri, — dedi, — chunki biravlardan
butunlay umidim kesilgan, hamrohim menga hamisha umidsizlikgina berar, dah-
shatimnigina ortdirar edi. Ammo o‘sha kunlarda uyqu menga juda shirin bir narsa bo‘lib
qolg‘an, men uyqudag‘ina biravlarni ko‘rar va kunduzlari ham uyqu qidirar edim. Endi
bo‘lsa yana yo‘ldoshim xayol... Tag‘in nima deysiz?
— Hech narsa demayman... Lekin siz ikki yil burung‘i Kumush emassiz.
Kumush ko‘rpaga burkanib oldi:
— Chiqing... uyqum keldi.
Otabek zo‘rg‘agina o‘rnidan turdi... Ul uzog‘lash-qandan keyin Kumush sekingina
yuzidan ko‘rpani oldi va mudroq ko‘zlari bilan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek
havlidag‘i oyog‘ tovshini eshitib, tokchadag‘i sham’lardan uchtasini o‘chirg‘an edi,
darichadan Zaynab ko‘rindi: «Hali ham shu yerda ekansiz, men sizni tashqarig‘a
chiqg‘ansiz, deb o‘ylabman...» dedi. Otabek javob bermay qolg‘an sham’larni o‘chirdi.
Zaynabning «hali ham shu yerda...» so‘zi bilan Kumushning ko‘zi uyqudan ochilib ketkan
edi... Otabek eshikni yopib chiqdi.