www.ziyouz.com kutubxonasi
193
ovlog‘roqda uchratib qolsa, «alhazar, o‘g‘lingizdan — uylangan xotinini qarang», deb
qo‘yar, hoji bo‘lsa, «o‘zing bilgan sihrchi hindi sening ham boshingni aylantiribdir...» deb
iljayganda, O‘zbek oyim «rost, bu kelinning husnidan ham boshqa yana tag‘in bir alohida
xosiyati borg‘a o‘xshaydir!» deb kular edi. Kumush o‘zini ko‘rgan kelguchi xotinlardan
ko‘proq olqish olsa (albatta oshkora emas), xotinlarning jo‘nashi bilanoq darrov O‘zbek
oyim Oybodoqdan isiriq tutatdirib avval Kumushka, undan keyin ko‘ngli qolmasin, deb
Zaynabka soldirar, agar Otabek ko‘rinib qolsa, uni ham quruq qoldirmas edi.
Egasini siylag‘an itiga suyak tashlar, qabilidan qizlari tufayli qutidor va Oftob oyimlar
ham juda yaxshi izzat ko‘rar edilar. Qutidor kelganidan beri bir soat ham uyda bekor
qolmay, har kun Yusufbek hojining muxlislaridan birining uyida mehmon va hojining
suhbatidan mamnun edi. Oftob oyimni bo‘lsa O‘zbek oyim o‘tqizg‘ali joy topmas, quda
so‘zi o‘rniga — singlim deb xitob qilar, oshni ham uning ra’yini so‘ramasdan buyurmas
edi.
Kelganlarining o‘n beshinchi kunigacha shaharning kazo va kazo xotinlarini qabul qilib
o‘tkardilar. Ya’ni Oftob oyim Toshkandning yuz boshi oyimidan tortib, ponsadboshi,
qo‘rboshi to o‘rda oyimlarig‘acha tanishib oldi va ularning har birlaridan kutilmagan
darajada izzat, hurmat ko‘rdi. Bu oyimlarning har birlaridan — «albatta biznikiga
mehmon bo‘lmasdan ketmaysiz, egachi degan takliflar ham hisobsiz edi. O‘zbek
oyimning lozim topishicha, bu takliflardan faqat o‘n chog‘lug‘i ijobat etiladirgan bo‘lib va
birinchi martaba Normuhammad qushbegining xotini Sorabek oyimnikiga, ya’ni o‘rdaga
borilmoqchi edi.
O‘n oltinchi kun mehmon oyog‘i tovsillanib, O‘zbek oyim Sorabek oyimga o‘zlarining
borishlaridan xabar yubordi va Hasanaliga aravani qo‘shmoqqa buyurdi. O‘rda
oyimlarining turmushlarini ko‘rmagani uchun Kumushning ham ular bilan birga borg‘usi
keldi va ertalab choy ustida Zaynab tilga kelturib, «Zaynabingiz ham boradimi» deb
so‘rag‘anida, O‘zbek oyim: «Zaynab bir martaba borish bo‘lsa borg‘an», deb javob berdi.
— Men-chi?
— Sen ham bormaysan.
Kumushning ma’yuslanib qilg‘an sukutidan keyin, O‘zbek oyim mundog‘ izoh berib
chiqdi:
— Sen Toshkanddagi Yusufbek hojining kelini bo‘lasan, bolam! Chorlamag‘an joyga
borish uchun se-ning kafshing ko‘chada qolg‘an emas, — dedi.
Otabek qayoqqadir ot minib ketgan edi. Yusufbek hoji bilan qutidor Solihbek
oxundning Ko‘kaldosh hujrasiga mehmon bo‘lib ketganlar. Faqat bu kun uyda
qoladirg‘anlar — Kumush, Zaynab va Oybodoq edilar.
O‘zbek oyim yo‘lakkacha kuzatib chiqg‘an Kumush bilan Zaynabka qarab arava
yonidan kuldi:
— Ikki kundash uyni xoli topib tag‘in yulishmanglar! Oybodoq, sen kundashlardan
xabarsiz qolma!
Oftob oyim aravaga minar ekan:
— Xudoy saqlasin, oyi! Shukur, ikkalasining ham aql-hushi boshida! — dedi.
— Bular kundash emas — egachi-singil-ku! — dedi otning jilovidan ushlab Hasanali.
— Meni tashlab ketkaningiz alamini Zaynabdan olmasam kimdan olay, — dedi kulib
Kumush va darbozaning halqasi bilan o‘ynar ekan: — a, yulishamizmi?— deb Zaynabdan
so‘radi. Zaynab javob bermadi.
O‘zbek oyim Oybodoqqa ba’zi ta’limotlarni bergandan keyin kelinlariga:
— Tushda issig‘siz qolmanglar! — dedi. Arava qo‘zg‘aldi.