13. ESON BO‘LSAQ KO‘RISHARMIZ Toshkandga kelishning yigirmanchi kunidan qutidor Marg‘ilong‘a qaytish fikriga
tushdi. Hoji va Otabeklar yana bir necha hafta qolishg‘a qistasalar ham, bo‘lmay uzr
aytdi: «Uy yolg‘iz, faqat To‘ybeka bilan Oysha ona; hollari nima kechti, nima qo‘ydi
ma’lum emas. Boshqa tarafdan o‘zimning savdo ishlarim ham o‘lda-jo‘lda, shunchalik
mehmon bo‘ldiq. Bas, qilg‘an izzat va ikrom-laringiz uchun rahmat», dedi. Hojining:
«Endi kelin bolani yubormaymiz-da», deb kulishiga — «Manim bolam emas — sizniki, u
yer ham bu yer ham o‘zining uyi, janobingiz nimani muvofiq ko‘rsalar, menga ham
ma’quli o‘sha», dedi. Hoji birmuncha gap aylantirib, «O‘rtadan anovi gaplar o‘tmagan
bo‘lsa edi, albatta bu yerda olib qolmas, zeroki, sizning bag‘ringizni bo‘sh qo‘yish
insofdan bo‘lmas edi. Agar sizga og‘ir tushmasa yurtdagi gap-so‘z bosilg‘uncha birar yil
Toshkandda tur-sin, so‘ngra Marg‘ilon borsin, derdim», dedi. Qutidorg‘a ham bu
mulohaza juda ma’qul tushib «bu mulohazalari beandoza to‘g‘ri, albatta munda birar yil
turishi lozim va lobid!» deb javob berdi.
Kumushning Toshkandda qolishig‘a otasi shunday yovosh qaradi, bu to‘g‘rida Oftob
oyimning fikr va rizolig‘i bilan hisoblashish emas, hatto uni ko‘ngliga ham kelturib
ko‘rmadi. Holbuki Marg‘ilondan chiqishda Oftob oyimning «Kumushni Toshkandda
qoldirmaysiz!» deb qo‘yg‘an birinchi shartiga qayta-qayta qo‘l qo‘yg‘uchi shu qutidor edi.
So‘zni cho‘zmoqqa hojat yo‘q: erlarimizning Oftob oyimlarg‘a qarashi hamisha shundan
boshqa emas.
Qaytish xabari Oftob oyim qulog‘ig‘a yetishkandan keyin uning avvalg‘i uchrashishi
qizi bilan edi. Chunki eriga qarag‘anda ham ko‘broq ixtiyorni qizida bo‘lg‘anini yaxshi
bilar edi.
Shu xabarni Hasanalidan eshitishi ila to‘g‘ri Kumushning yonig‘a kirdi: