www.ziyouz.com kutubxonasi
198
Xo‘rak orasi Otabek Zaynabdan so‘rab, Kumushning uxlab yotqanini bildi. Tomoqdan
keyin Otabek ham bir oz uxlab olish uchun yotdi. Ko‘zi uyqug‘a borg‘ach, faqat shuni
kutib o‘lturgan Zaynab qo‘lida yelpug‘ichi bilan yostiq yoniga keldi. Eri juda uxlab
ketkandan so‘ng yelpiy boshladi... Yelpir ekan, Zaynabning ko‘zi Kumushning uyida
edi...
Zaynab o‘zining bu tasodufiy muvaffaqiyatini kundash nazaridan o‘tkuzib olmoqchi va
boyag‘i da’vosini bir daraja amalda ham ko‘rsatmakchi edi.
Zaynab shu holda uzoq fursat erini yelpidi va natijada ma’lum ko‘rukni odatdan
tashqari bir muvaffaqiyat ichida kundash nazaridan o‘tkazdi: nima yumish bilandir uydan
chiqg‘an Kumush Otabekning yostig‘i yonida qo‘lig‘a yelpug‘ich ushlagan Zaynabka ko‘z
qirini tashlab o‘tdi.
Birar soatdan keyin Otabek uyg‘ondi. Zaynab ham kundash yuragini un qilg‘uchi yel
tegirmonini to‘xtat-moqqa majbur bo‘ldi.
Otabek uyga kirganda yostiq betini tartibsiz soch o‘rimlari bilan chulg‘atib Kumush
uxlar edi. Otabek bir necha daqiqa uning uyquliq holatiga termulib qoldi va unga
rohatsizlik bermas uchun sekingina orqasig‘a qayt-di. Uy eshigidan chiqar chog‘ida yana
bir qarab oldi... Endi uyquliq ko‘z ochilg‘an edi.
— Tinch uxlay bering, men ketaman.
Kumush ko‘z yumish o‘rniga yostiqdan boshini uzdi va yerga tushkan ro‘ymolini o‘rab,
o‘lturdi. Uning ko‘zi uyqudan qolg‘an kishilarning ko‘zidek qizarg‘an edi. Otabek qaytib
kirdi.
— Nega qo‘zg‘aldingiz, uxlang, — dedi. Kumush javob bermadi, qovog‘i solig‘ edi. —
Ko‘zingiz qizarib ketipti, uxlay olmadingizmi?
— Tobim yo‘q...
— Xudoy saqlasin, — dedi bek va Kumush yonig‘a o‘ltirdi, — qayeringiz og‘riydir?
— Bilmayman, — dedi. Ko‘zi tokchadag‘i allanarsalarda edi.
Otabek bu ters javobni hazil fahmlab kuldi va Kumushning manglayig‘a qo‘lini tegizdi:
— Nega bilmaysiz?
— Qo‘lingizni oling.
— Nega olay?
— Mendan hazar lozim...
— Sizdan hazar qilmayman...
Kumushning ko‘zida bir turlik g‘iltillash bor edi:
— Zaynabdan-chi? — deb so‘radi.
Otabek daf’atan javob beralmay havli tomong‘a qarab qo‘ydi:
— Buni... mendan ham siz yaxshi bilasiz.
Otabekning alang‘lab javob berishi Zaynabning boyag‘i da’vosini chinga chiqarg‘andek
bo‘lib, Kumush juda ham to‘nini teskari kiydi va yuzini chetka burdi:
— Yalhaqlikni qo‘ying.
Otabek bu holga tushunolmay, Kumushning ko‘ziga jiq to‘lg‘an yosh yana uni
shoshirib qo‘ydi. Shundog‘ ham bo‘lsa kulimsirab:
— Uyqudan so‘l yoningiz bilan turibsiz, — dedi.
— Chunki manim o‘ng yonim bilan turg‘uzadigan kishim yo‘q...
— Adovat shuning uchunmi hali? — dedi bek va kulib yubordi.
Kumush ko‘z yoshisini artdi:
— Ha, shuning uchun.
— Shuning uchun bo‘lsa arzimaydi...
Kumush ko‘tarilib ketdi:
— Ikki yuzlamalig‘ingiz va til tegida til saqlag‘a-ningiz ham arzimaydimi?