www.ziyouz.com kutubxonasi
200
— Bo‘lmasa bu yurak so‘zi emas.
— Albatta yurak so‘zi.
— Yuragingizning ishonma, deyishka birar vaji bordir?
— Bor.
— Bo‘lsa ayting.
— Yuragim: quvlanishg‘a kim sazovor, deb sizdan so‘raydi... Siz o‘z yuragingizdan
olib javob bering.
Otabek maqsadga tushundi, daf’atan javob berishka hayron bo‘lib qoldi. Darhaqiqat,
Kumush eng nozik joydan ushlag‘an edi.
Kumush Otabekdan javob kutib o‘lturmay yana dedi:
— Boshqalar yuragini sinab ko‘rishka qudratim yetmasa ham manim yuragim ikki
narsani o‘z ichiga sig‘dira olmaydir...
— Sening yuraging ikki narsani o‘z ichiga sig‘di-radir, demakchisiz.
— Demakchi emasman, — dedi Kumush, — chunki hech vaqt bo‘ladirg‘an gap emas...
Kumush hamon yuqorida aytilgan bir ma’nonigina ifoda qilmoqchi bo‘lar edi. Ammo
Otabek Kumushning to‘sindan o‘zgarib ketkan xarakter qat’iyatiga va bir kundayoq,
bunchalik masofani o‘tkan keskinlikka juda taaj-jubda, qarshisidag‘ining suratida emas,
siyratida qiziq bir o‘zgarish ko‘rar edi.
— Maqsadingizga yaxshi tushunaman, — dedi oxirda,— har jihatdan qaralg‘anda ham
siz bu to‘g‘rida haqlisiz. Ammo o‘shang‘acha... balki buni o‘zingiz his etarsiz, deb
o‘ylayman...
Kumush indamay qo‘ydi. Ehtimolki, ul keyingi masala to‘g‘risida erining fikrini bilib
qo‘ymoqchi edi...