www.ziyouz.com kutubxonasi
201
— Kumush, — dedi kulimsirab, — qaytar emishmiz, dadang aytibtilar.
Kumush qo‘lida nimadir tikib o‘lturg‘an edi. Ko‘zini ishdan olmadi:
— Qaytsalaringiz, xayr-xo‘sh.
Bechora ona qizining louboli bu gapidan bo‘shashib ketdi va ne zaylda o‘lturib
olg‘anini bilmadi:
— Nima deysan?
Kumush iljayib onasig‘a qarab qo‘ydi, yana ishini tika berdi:
— Ketsalaringiz xayr-xo‘sh.
— Sen-chi?
— Men qolaman.
Oftob oyim tushunolmay qizig‘a bir necha vaqt tiki-lib turdi. Kumush unga qaramay
nina sanchar edi.
— Hazilingni qo‘y.
— Hazilim emas — chinim.
— Uyat emasmi?
Kumush kuldi:
— Nega uyat bo‘lsin?
— Qo‘y-chi!
— Qolsam o‘z erimniki, — dedi Kumush, — begona emaski uyat bo‘lsa...
Oftob oyim o‘t ichida qolg‘andek toblandi:
— Birav qol, demasa ham qolaberasanmi?
Kumush ishini yonig‘a qo‘yib endi onasig‘a qaradi:
— Avvalo bu yerda qolishimg‘a sizdan boshqa hech bir qarshi kishi yo‘q. Zaynab
sizning yoningizg‘a o‘tsa ham, biroq uning xohishini menga ahamiyati yo‘q.
— Esing o‘zingdami, bola?
— O‘zimda, — dedi kulib, — man sizning qizingiz Kumush... Hozir Toshkandda o‘z
erimnikida o‘lturibman...
— Erim, deb tuqqan onangdan kechasanmi, yuzsiz?
— Yo‘q, kechmayman, faqat bir necha vaqt sog‘i-nibqina yuraman.
Oftob oyim qizining bu gapini eshitib yig‘lab yubordi:
— Onangning o‘sha sog‘inishqa toqati yo‘q, — dedi,— man sani kundashlik uyga
ishonmayman...
— Kundashim bitta bo‘lsa, do‘stlarim sakkizta.
Oftob oyim ko‘z yoshisini artdi:
— Kundash bilan hazil o‘ynama, qizim.
Kumush go‘yo Zaynab ustiga hujum yasayturg‘andek hurpaydi:
— Ul kundash bo‘lg‘anda men kundash emasmi?
— Ming qilg‘anda ham, — dedi onasi, — sen chin kundash bo‘lolmaysan.
— Nimaga?
— Nimagaki ering sen tarafda, chin kundashlik va chin dushmanlik Zaynab tarafda.
Kumush kulimsirab onasining qulog‘ig‘a shivirladi:
— Bu to‘g‘rida xotirjam’ bo‘ling.
— Nima uchun xotirjam’ bo‘lay?
— Agar Zaynab manga kundashlik qilabersa, ku-ya-vingiz uning javobini bermakchi...
Shuning uchun ham manim bu yerda qolishim ma’qul.
— Javobini bersa, qaytib kelishlik qochmas...
— Man ketsam, — dedi Kumush, — hech qachon Zaynabka javob bermaydir.
— Nega bermaydir?