11. KUMUSHNING SO‘Z O‘YUNI Shomga yaqin mehmonlar tarqalishdilar. Mehmon-xonada hoji, qutidor, Hasanali va
Otabek qolg‘an edilar.
Ichkarida O‘zbek oyim mehmonlarni kuzatib bo‘lib, Kumush bilan onasidan ho‘ppak
olar edi.
— Men sizlardan juda xafa bo‘lg‘an edim. Sizlarni churuk lattaga tugib, tokchag‘a
tashlash darajasiga yetgan edim. Nahotki uch yil bo‘lsayu — bir yo‘li o‘z bilgularingizcha
kelmasalaringiz. O‘g‘lim bechora oy o‘tmasdan bo‘zchining mokisidek qatnab tursa...
Axir manim ham o‘zimga yarasha obro‘m bor. Toshkandda kimsan, Yusufbek hoji
deganing ko‘chiman. Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib bizga mehmon bo‘ldilar...
Qushbegining uy ichlari bo‘lsa, bir ishni manim kengashimsiz qilmaydirlar... Shuncha
obro‘ ko‘rgan bir kishi kelib-kelib nahotki o‘z qudasidan va kelinidan munchalik
obro‘sizlik ko‘rsa... Shahardagi kattadan kichik ertayu kech quloq-miyamni yeydirki,
hoy, marg‘ilonliq keliningiz keldilarmi, nega shundog‘ keliningiz bo‘laturib Marg‘ilong‘a
tashlab qo‘yibsiz? Men bo‘lsam hech so‘z topolmag‘animdan aytaman: — Kelinimning
onasi kasal emish... Ikkinchi vaqtda: — Kelinim bechora munglug‘... deyman. Endi
ko‘rsam miltiqning o‘qidek, pushti gulning to‘qidek kelinim bor ekan... Men bu adabsizga
tag‘in o‘zim o‘lturgan uyimni bo‘shatib beribman-a, — der edi.
O‘zbek oyimning dali-g‘ulilig‘idan Oftob oyim va Kumush unga juda o‘zlashib olg‘anlar,
uning so‘ziga goh kulib, goh uzr aytar edilar. Hozir uyda Otabek bo‘lmag‘ani uchunmi,
nimadan bo‘lsa ham har nuchuk Zaynab o‘z uyida kuymalanishib yotar va mehmonlarni
O‘zbek oyimning tanho o‘ziga tashlag‘an edi.
Tokchalarga sham’lar yoqilib, vaqt xuftanga yaqinlashib qolg‘andan so‘ng uyga
Otabek kirdi. Ul kirgandan keyin Oftob oyim bilan O‘zbek oyim ular oldida o‘ltirishni eb
bilmadilar-da, sirlashish uchun boshqa uyga chiqib ketdilar. Ularning chiqib ketishini