www.ziyouz.com kutubxonasi
188
— Yanglishdingiz, oyi, — dedi, — bundagi farqni Yusuf-Zulayho qissalarini o‘qug‘an
kishi biladir... Uch oy degan fursat ozg‘ina vaqt emas, Kumush xonimning ozg‘ani
sog‘inishniki!
Karima otin qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarayozdi. Ya’ni Otabek bilan Kumushni
Yusuf-Zulayxoga o‘xsha-tib, Zaynab va qarindoshlarini o‘t ichiga tashlag‘an edi.
— O‘zbek oyimniki to‘g‘ri, — dedi Mohira oyim, — Zaynab quvnoq, Kumushnisa
manim ko‘zimga ham serfikrga o‘xshab ko‘rinadirlar...
— To‘g‘ri-to‘g‘ri, — dedi Xushro‘y.
Kumush bilan Oftob oyim oradan kechkan sirga tushunib jim o‘lturar edilar. Kumush
yer ostidan Otabekka rizosizcha ko‘z tashladi.
— To‘xtanglar-chi, — dedi Otabek, hamma unga qaradilar, — hech qaysilaringiz ham
topolmadingiz.
— Topolmag‘an bo‘lsaq o‘zingiz ayting! — dedi Sharofat chevar.
— O‘zlaringiz topolmag‘andan keyin men aytib nima qilay?
— Men topdim, xax shayton! — dedi Karima otin, — qizil gulning ham o‘z oldig‘a, oq
gulning ham o‘z oldig‘a isi bor, demakchi!
Hamma birdan kulishib:
— Xudda-xudda! — deyishdilar.
Otabek kulib o‘rnidan turdi va «topolmadingiz, topolmadingiz» degancha uydan
chiqdi. Kumush bilan Oftob oyimning ko‘nggillari birdek bo‘lsa ham bu kashfdan keyin
Zaynab bilan Mohira oyim ancha yengillashdilar. Bu qiy-chuv orqasidan mehmonlarga
quyuq-suyuq berildi.