www.ziyouz.com kutubxonasi
80
Otabekka yana kulib qarab turar edi-da, go‘yoki shu ku-lish bilan o‘z sihrining qaysi
darajalarda kuchlik bo‘lg‘anini so‘zlab faxrlanar edi.
* * * O‘rtadan o‘n besh kunlar vaqt o‘tdi. Kumushning qaytalab so‘rashig‘a:
— Chindan-chindan: mundan so‘ng Toshkand bormayman, — degan javobni berar
edi. Kumush bu gapka ajablanar, to‘g‘risi, shodlanar edi.
* * * Marg‘ilon kelganning yigirmanchi kuni. Otabek hozirg‘ina qayoqqadir chiqib ketkan
edi. Qutidor odatig‘a qarshi bozordan kunduz soat uchlarda qaytib keldida, Otabekni
so‘radi, yo‘qlig‘ini bilgandan so‘ng xotinini mehmonxonag‘a boshlab chiqdi.
— Tinchlikmi? — deb so‘rag‘uchi Oftob oyimg‘a so‘yinch va yo quvonchlig‘i
bilinmagan bir vaziyat bilan javob berdi:
— Tinchlik.
Mehmonxonada eru xotin yonma-yon o‘lturishdilar. Oftob oyim bu boshi-oyog‘i yo‘q
ishdan yorilar darajasiga yetayozgan edi.
— Otabekdan hech bir so‘z eshitdingmi? — deb so‘radi qutidor.
— Qanday so‘z eshitay, har qachon so‘zlaydir, albatta men eshitaman.
— Toshkand to‘g‘risida hech gap aytmaydimi?
— Toshkandga bir gap bo‘lg‘anmi?
— Toshkandga hech gap bo‘lmag‘an, — deb kulimsiradi qutidor. — Manim muddaom
boshqa to‘g‘rilarda. Qizingdan ham hech gap eshitmadingmi?
— Hech gap... Ha, aytkandek kecha, erining mundan keyin Toshkand bormaslig‘ini
so‘zlag‘andek bo‘lg‘an edi.
Qutidor bir ishka tushungandek ko‘zini o‘ynatib oldi va so‘radi:
— Endi Toshkand bormas emishmi?
— Bilmadim; chinmi, chin emasmi, haytovur qizingizdan eshitkandek bo‘lg‘an edim.
Nima, ota-onasi bilan urishib kelganmi?
— Yo‘q, — dedi qutidor va cho‘ntagidan bir narsani ola-ola aytdi, — men bu kun
Toshkanddan qiziq bir xat oldim.
— Kimdan?
— Qudangdan, — dedi qutidor va xatni ocha-ocha,— shuni sanga o‘qub
bermakchiman, — dedi.
— Axir o‘zi nima gap? — deb so‘radi Oftob oyim.
— Eshitsang bilasan.
«Qudamiz Mirzakarim qutidorg‘a va qudachamiz xo-nimg‘a yetub ma’lum bo‘lg‘aykim, bizlar munda sog‘-salomatdirmiz va ul jonibdagi siz hurmatlik va izzatliklarni parvardigori olamdin sihhatlaringizni saloti xamsa oldida so‘rab turmoqdamiz. Ba’da maxfiy qolmag‘aykim, kuyav o‘g‘lingiz xizmatlariga yuborilg‘an edi. Inshoolloh, salomat yetkan bo‘lsa kerak. Ammo siz hurmatlularga ma’lumdir, bizning shul Otabekdan o‘zga farzandimiz bo‘lmay, dun-yoda o‘zimizdan keyin qoldiraturg‘an tuyoqimiz va ko‘z tikkan orzu-havasimiz, umid hadafimiz faqat shul Otabekdir. Muhtaram siz burodarimizning shul yagona o‘g‘limizni farzandlikka qabul qilib, ammo bizning kelin bolamizni Toshkandga yubormag‘anlari bizning janobla-ridin bo‘lg‘an minnatdorlig‘imizni va yana o‘g‘limizg‘a bo‘lg‘an marhamatlarini bir oz tugallay olmadilar. Ammo kaminalari bu xususdagi aybni sizning ustingizga butunlay yuklay olmaymiz, zeroki, bizning boshimizda bo‘lg‘an «yolg‘iz tuyoqliq» savdosi sizning ham boshingizda bordir. Nachukkim, Otabekning ko‘p umri Marg‘ilonda o‘tib, bizlarni ham siz o‘ylag‘an og‘irliqqa