2. UNUTMAYSIZMI?.. Uning bu galgi Marg‘ilon yo‘liga qo‘zg‘alishi ortiqcha bir og‘irliq bilan, ikkilanish bilan
o‘ralg‘an edi. Kumushbibi uchun dunyoga sig‘masliq bir shodliqning, ko‘rguchi ko‘zlariga
ishona olmasliq bir baxtning bu gal ko‘tarib bo‘lmayturg‘an bir qayg‘u, chidab
bo‘lmayturg‘an bir hasrat bo‘lib borishini ul yaxshi tushunar edi. Har bir gal Marg‘ilon
borg‘anida olib boraturg‘an nafis sovg‘alari bu gal juda zaharlik, ortiqcha alamlik bir
sovg‘ag‘a aylangan, Kumushbibi bu sovuq kundash sov-g‘asini ko‘rganda ehtimol...
nimalar bo‘lar va qandog‘ hollarga tushar edi. Bu mudhish sovg‘ani ehtimolki, uning ota-
onalari ham qabul qilmaslar: birdan-bir yolg‘iz qizlari uchun bunday gapning
yarashmasini aytib: «Sovg‘ang ham kerak emas, o‘zing ham» degan javob bilan yuziga
ham urarlar. Mana, uning bu galgi og‘ir harakati va qo‘zg‘alishig‘a nimalar sabab edi.
Bu og‘riqqa orzu egalarining qistoqlari nihoyat berdi. Ya’ni chor-nochor bu tuturiqsiz
sovg‘ani ko‘tarib yo‘lg‘a tushishka majbur bo‘ldi.
Otning boshini o‘z ixtiyoriga qo‘yg‘an, ilgarigidek yurak oshiqishlari ichida otni tez
yurishka qistamay suvga tushkan nondek bo‘kib-bo‘shashib, yuz xil sovuq, yaramas
xayollar qo‘lida ezilib, o‘zining dunyoda bormi-yo‘qmilig‘ig‘a ham tushunmay keta
beradir.
Hozir ko‘klam kunlari: qirlar, tog‘lar, soylar; ko‘k-qizil, oq-qora, sariq-zangor, pushti-
go‘las va tag‘in allaqancha ranglik chechaklar bilan ustlarini bejab, qishi bilan to‘nggib
arang yetishkan oshiqlarig‘a yangi hayot, yangi umid beradilar. Qish bo‘yi alla qaysi go‘r