www.ziyouz.com kutubxonasi
88
— Sizga nazrim bor.
Bu so‘zni eshitib, devona yo‘lg‘a tushdi. Ko‘z og‘rig‘i uning ketidan yugirdi va:
— Mang! — deb pul ko‘rsatdi. Devona iltifotsiz ketabergan edi: — To‘xta deyman! —
deb do‘q urdi. Devona narida to‘xtadi:
— Kelma, kelma, ko‘z og‘rig‘i!
Ko‘z og‘rig‘i o‘n adimcha narida turdi:
— Hali, kim o‘g‘lini uylantirdi, deding?..
— Kim uylantirdi, deding?
— Aytding-ku choyxonada!..
— Aytding-ku choyxonada...
— Belboqni qayerdan olding?
— Buving berdi.
— To‘g‘ri ayt!
— To‘yga keldingmi?
— To‘yga keldim...
— Yusufbenikigami?
— Yusufbenikiga.
— Belbog‘ing yo‘qmi?
— Yo‘q.
— To‘y o‘tkanda kelibsan.
— Yusufbe qaysi o‘g‘lini uylantirdi?
— Nechta o‘g‘li bor?
— Nechta o‘g‘li bor!
— Bitta... Qorategindan keldingmi, opang omanmi?
— Omon... qachon uylantirdi?
— O‘zing uylanganmisan?.. Qorategindan necha kunda kelding?
— Besh kunda. Qachon uylantirdi?
— Eshakka minibmi, yayov?
— Eshakka minib.
— Nashang bormi?
— Bor.
— Qitta ber-chi.
— Beraman, oldin ayt; qachon uylantirdi?
— To‘y o‘tkanda kelibsan, tentak... Manga-chi, bir tog‘ora osh tegdi.
— Bozordan osh olib bersam yeysanmi?
— Yuzingga qachon chechak chiqdi?
Ko‘z og‘rig‘i bu tutal so‘zlardan asabiylashib ketdi:
— Qachon uylantirdi deyman?
— To‘y o‘tkanda kelibsan dedim-ku... Bir hafta bo‘ldi, o‘n kun bo‘ldi, bir oy bo‘ldi. Ha,
ha, charlari endi bo‘lar emish... charlarga bor. Qorategin.
— Toshkanddan uylantirdimi?
— Xi, xi, xi, ahmoq. Toshkanddan bo‘lmay, Qorategindan uylantirsinmi?
Shundan keyin ko‘z og‘rig‘i choyxonaga qaytdi...