Etiologiyasi. Aortal klapan yetishmovchiligiga quyidagi kasalliklar: revmatizm, yuqumli endokardit, Marfan sindromi, sifilis, shikastlanish sabab bo‘lishi mumkin. Revmatizmda, yallig‘lanishning rivojlanishi bilan tavaqalar deformatsiyalana boshlaydi: tavaqalar cheti qalinlashib, uzunasiga qo‘shilishi, shuningdek sog‘lom klapanda rivojlanishi mumkin. Bunda nuqson tavaqalar perforatsiyasi, yorilishi yoki ularning chetini buzilishi natijasida vujudga keladi. O‘tkir jarayondan keyin tavaqalar deformatsiyasi chandiqli burishishi va kalsinozi hisobiga davom etishi mumkin. Marfan sindromi va aortal klapan fibroz halqasining kengayishi bilan boradigan boshqa kasalliklarda klapan tavaqalarining nisbiy yetishmovchiligi vujudga keladi va u diastola vaqtida kengaygan aortal teshikni berkita olmaydi. Sifilisda klapan yetishmovchiligi aorta o‘zagining kengayishi va tavaqalarning yetishmovchiligi, uning bujmayishi yoki prolapsi natijasida vujudga keladi. Travmatik yetishmovchilik aortada birdaniga bosimning keskin ko‘taralib ketishi (diastola davrida) bilan kechuvchi ko‘krak qafasiga yetkazilgan keskin to‘mtoq zarbadan vujudga keladi.
Gemodinamikasi.Aortal klapan yetishmovchiligi yurakda ko‘p o‘zgarishlarga olib keladi (4.3-rasm). Diastola vaqtida qonning ko‘p miqdorini qaytishi chap qorincha hajmini kengaytiradi va shu bilan birga miokard gipertrofiyasi hamda chap qorincha dilatatsiyasiga olib keladi. Bu o‘z navbatida mitral klapanlarning nisbiy yetishmovchiligiga va kichik qon aylanishi doirasida qonning dimlanishiga olib keladi.
Aortal klapan yetishmovchiligi.
Bemorlar yuragi og‘irligi 1000-1300 gr ga yetadi. Aortada diastolik bosimning pasayishi miokard og‘irligi va koronar qon tomirlari turlari o‘rtasidagi disproporsiyaga hamda koronar qon tomirlardagi organik o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Klinikasi va diagnostikasi. Nuqsonning kompensirlangan bosqichida odatda subyektiv shikoyatlar bo‘lmaydi. Eng dastlabki shikoyatlar: yurakning tez urishi va hansirash. Chap qorinchadan qonning katta hajmda chiqishi va arterial sistemadagi bosimning keskin pasayishi boshning chayqalishi hissi, bo‘yin va qo‘llar arteriyasidagi pulsatsiyaga sabab bo‘ladi. Nafas yetishmasligi dastlab jismoniy xarakatda, keyinchalik chap qorincha yetishmovchiligi rivojlanishi bilan hatto tinch holatda ham kuzatiladi va yurak astmasi ko‘rinishida bo‘ladi.
Keyinchalik koronar qon aylanishining buzilishidan darak beradigan yurak sohasidagi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Miyada qon aylanishi buzilganda bosh aylanishi va hushdan ketish kuzatiladi. Yurak sohasidagi to‘mtoq va suqiluvchi og‘riqlar jismoniy mehnatga bog‘liq bo‘lmay hatto tinch holatda ham kuzatiladi. Ba’zi bemorlarda og‘riqlar stenokardiya xarakterida bo‘ladi. Og‘riq xurujlari vaqtida sistolik bosim – 250-300 mm simob ustunigacha kutarilishi mumkin.
O‘ng qorincha yetishmovchiligi boshlansa, o‘ng qovurg‘a osti sohasidagi og‘irlik va og‘riqlar, oyoqlarda shish paydo bo‘ladi.
Klapanlar yetishmovchiligi ko‘p ifodalanganda butun arterial sistemadagi bosimning keskin o‘zgarishlari bilan bog‘liq alomatlar: kichkina arteriolalardan qonning tez oqib ketishi natijasida paydo bo‘ladigan terining oqligi, uyqu arteriyalarining bosh bilan sinxron titrashi (Myusse simptomi) uyqu arteriyalari pulsatsiyasi (karotidlar raqsi – plyaska karotidi) shuningdek chakka va yelka arteriyalari pulsatsiyasi kuzatiladi. Bu alomatlar guruhiga kapillyar o‘ynashi deb nomlangan – tirnoq sathi rangining o‘zgarish alomati ham kiradi.
Bemorlarning yurak sohasini ko‘rganda va palpatsiya qilganda yurakning uch qismi turtkisining kuchayganligi va tarqalganligi (4-qovurg‘a orasigacha), uning o‘rta qo‘ltiq osti chizig‘idan pastga surilganligi aniqlanadi.
Perkutor ko‘rilganda, yurak chapga va pastga surilgan, kengaygan aorta hisobiga to‘shning yuqori qismida to‘mtoqlik aniqlanadi. Auskultativ, I ohang bo‘g‘iq, II ohang susaygan yoki butunlay eshitilmaydi. Asosiy auskultativ alomat –diastolik shovqin bo‘lib, u aortadan chap qorinchaga qaytib tushayotgan qon oqimi tovushi hisoblanadi. Bu shovqin to‘shning ikkala tomonidan III qovurg‘a oralig‘i va ba’zan uch qismida eshitiladi.
Tavaqalar perforatsiyasida diastolik shovqin jiringlagan “musiqiy” ohangli bo‘ladi. Agar aortal stenoz, birgalikda bo‘lsa – sistolik shovqin ham eshitiladi.
Aortal klapan yetishmovchiligida diastolik bosim 60 mm simob ustunigacha va xatto 0 gacha pasayadi. Sistolik bosim odatda 140-200 mm.sim.ustunigacha ko‘tariladi.
Periferik qon tomirlar ustida ikkilangan Traube ohangi va ko‘pincha ikkilangan Dyuroze shovqini eshitiladi.