§ 5. Mahalliy ijroiya hokimiyat organlari. Hokim maqomi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga asosan Hokimlar viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi hisoblanadi (1-modda). Hokim lavozimini o‘rnatilishi, ijro hokimiyatida boshqaruv yakka boshchilik prinsipida amalga oshirilishini belgiladi. Yakka boshchilik prinsipi faqat mansabdorga keng vakolatlar va huquqlar berish emas, ularni mas'uliyatini kuchli bo‘lishini nazarda tutadi.
Yodda tuting!
Viloyat, Toshkent shahar hokimi Prezident va tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida, tuman va shahar hokimlari yuqori turuvchi hokim va tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida hisobdorligi qonunning 1-moddasida belgilab qo‘yilgan.
|
Tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Tumanlarga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Konstitutsiyada alohida hollarida, tuman va shahar hokimlarini lavozimidan ozod qilish tartibi ham belgilangan. Konstitutsiyaning 93-moddasi 15-bandiga binoan: “Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki o‘z sha'ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini Prezident o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqlidir”.
§ 6. O‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning vazifalari
O‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarida ishtirokini taminlovchi, ularning ma'naviy tarbiyasiga, ijtimoy himoyasiga ta'sir qiluvchi va boshqa manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shuvchi muhim tuzilmadir.
Konstitutsiyaning 32-moddasida ham o‘z ifodasini topgan. Unga asosan fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda o‘zini o‘zi boshqarish orqali ishtirok etadi.
Konstitutsiyaning 105-moddasida “Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ularning tarkibidagi mahallarda hamda shahardagi mahallarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni(oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saydaydi” – deb belgilab qo‘yildi.
Konstitutsiya normasini mazmuniga e'tibor bersak, birinchidan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bu fuqarolar yig‘inidir. Ikkinchidan, fuqarolar yig‘ini doimiy ishlovchi organ, faqat ular har ikki yarim yilda raislarni (oqsoqollarni), rais maslahatchilarini saylashadi. Uchinchidan, fuqarolar yig‘ini shaharcha va qishloqlarda shuningdek, shahardagi mahallalarda faoliyat ko‘rsatadi. Fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatadigan hudud uchta - shaharcha va qishloqlar, uning mahallalari, shahar mahallalari.
Qonunlarda va boshqa dasturiy hujjatlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan vazifalarni bir necha guruhga bo‘lib ko‘rsatish mumkin. Bular:
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xududlarida xo‘jalik ishlari, kichik biznes, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, aholini ish bilan ta'minlash, aholini ijtimoiy himoya ishlari bilan shug‘ullanadi. Turli madaniy tadbirlar va boshqalarni o‘tkazish bilan aholini huquqiy bilimini o‘stirish, huquqiy madaniyatini shakillantirishga ta'sir qiladi.
Fuqarolik jamiyatini shakllanishi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni taqozo etmoqda. Bu ishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ishtiroki zarur bo‘lib qolmoqda, yoki boshqacha aytganda ijro hokimiyati organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish shakllaridan biri fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarifaoliyati bo‘lib,bu ham fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning muhim vazifalariga aylanmoqda.
Qonunning 11-moddasida shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar yig‘inining vakolatlari belgilangan. Unga asosan:
Shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar yig‘ini tegishli ravishda shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlariga qonun hujjatlari bilan berilgan istalgan masalani o‘zi ko‘rib chiqish uchun olish va hal etish huquqiga ega.
Shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar yig‘ini:
fuqarolar yig‘inining raisini (oqsoqolini) va uning maslahatchilarini, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarning raislarini va a'zolarini saylaydi, yilning har choragida ularning hisobotlarini eshitadi;
raisning (oqsoqolning) maslahatchilari va fuqarolar yig‘ini Kengashi devonining miqdor tarkibini belgilaydi, raisning (oqsoqolning) taqdimnomasiga muvofiq fuqarolar yig‘inining mas'ul kotibini tayinlaydi;
qonunlarga rioya etilishi hamda boshqa qonun hujjatlari va o‘z qarorlari, shuningdek shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inining qarorlari ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
pul mablag‘larining sarflanishi ustidan nazoratni tashkil etadi, fuqarolar yig‘inining taftish komissiyasini saylaydi, komissiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi, yilning har choragida uning hisobotlarini eshitadi;
hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tadbirlar rejasini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish va bolali muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlash masalalarini hal etadi, oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratiladigan mablag‘lardan o‘z o‘rnida va samarali foydalanilishini ta'minlaydi.
Fuqarolar yig‘ini organlari quyidagilardan iborat:
fuqarolar yig‘ini Kengashi;
fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar;
fuqarolar yig‘ini taftish komissiyasi;
tuman markazidan olisda joylashgan va borish qiyin bo‘lgan shaharchalar, qishloqlar va ovullarda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tuziladigan ma'muriy komissiya.
2004-yil 29-avgustda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”7 qonun asosida mazkur lavozimlarga tegishli hududda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqiy hamda milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy hamda ijtimoiy mavqyei, ma'lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqiga egaligi belgilangan.
O‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat hokimyati organlari tizimiga kirmaydi, shunday ekan ularning aloqasi, munosabati hamkorlikka asoslanadi.
“Mahaliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasi shu masalani tartibga solgan bo‘lib, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashi va tegishli hokimlar, o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadilar, ularning faoliyatini yo‘naltirib turadilar deb munosabatni asosini mustahkamlangan.
Fuqarolarning deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqi ham o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan amalga oshadi, ushbu Qonunning 22-moddasida, “Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlariga nomzodlar siyosiy partiyalarning tegishli tuman, shahar organlari tomonidan hamda fuqarolar yig‘inlarida (vakillarning yig‘ilishi) ko‘rsatiladi”, – deb belgilab qo‘yilgan. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolarning bu huquqlarini ro‘yobga chiqarish, amalga oshirishga ko‘maklashar ekan, o‘z navbatida tuman va shahar hokimyati vakillik organlarini tashkil etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, natijada mahalliy vakillik organi bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida tegishli munosabat vujudga keladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga juda ko‘p masalalarida hokimiyat idoralariga takliflar kiritish huquqi belgilangan bo‘lib, bu ham navbatida o‘zaro munosabatlar tizimida ma'lum munosabatlarni vujudga keltirib chiqaradi. Masalan, rais davlat organlariga boquvchisidan mahrum bo‘lgan oilalar, nogironlar, ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz onalar, shuningdek tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarning moddiy va uy-joy, maishiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritadi. Bu takliflar hokimiyat idoralarida ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |