B. T. Musayev, K. R. Aliyeva, B. Narimanov O‘zbekiston respublik-fayllar.org
§ 3. Prokuraturaning davlat organlari tizimidagi o‘rni Prokuraturaning davlat organlari tizimidagi o‘rnini ularning alohida vazifasi borligi, o‘zini alohida ish uslubiga egaligi va har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysinib ish olib borishi belgilaydi Bu Konstitutsiyaning 120-moddasida qonuniy belgilanib, unga asosan: “O‘zbekistan Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradi”.
Konstitutsiya va qonunda prokurorlarni mustaqilligini ta'minlovchi bir necha qoidalar belgilab qo‘yilgan. Shu 120-moddada “Prokurorlar o‘z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a'zolikni to‘xtatib turadilar” degan qoida bo‘lib, u prokurorlarni siyosiy partiya va siyosiy harakatlar ta'siriga kirib qolmasligiga qaratilgandir.
Prokuratura organlari fuqarolarning ariza va shikoyatlarini hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadilar, ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radilar.
Prokuror o‘ziga tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni tekshirish vazifasini zarur hollarda tegishli davlat boshqaruvi, nazorat va tekshirish organlariga, korxona, muassasa va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga topshirish hamda ulardan tekshirishga taalluqli barcha materiallar bilan birga tekshirish natijalariga doir yozma axborot berishlarini talab etish huquqiga ega.
Fuqarolarning ariza va shikoyatlari hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha prokuror qaror qabul qiladi, bu qaror ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini ta'minlash maqsadida tezkor-qidiruv faoliyatni, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiradigan tegishli organlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar davlat hokimiyati va boshqaruvning tegishli va quyi organlari majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etishga haqli.
Prokuratura xodimlari ham sudyalar kabi deputat bo‘la olmaydi, siyosiy partiya va harakatlar a'zosi bo‘la olmaydi va boshqa haq to‘lanadigan ishda ishlay olmaydi.
Prokuratura organlari faqat qonuniylikni mustahkamlash bilan shug‘ullanmasdan, qonunlarni vujudga kelishi, takomillashuvida, ya'ni qonunchilik jarayonida ham ishtirok etadi. Konstitutsiyaning 83-moddasida asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 119-moddasida prokuror O‘zbekistonning ma'muriy-hududiy tuzilishlarida: Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda, tumanlarda, shaharlarda faoliyat ko‘rsatishi belgilanib, prokuratura tizimining konstitutsiyaviy asosi o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunida “Prokuratura organlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori rahbarlik qiladigan yagona markazlashgan tizimni tashkil etadi hamda quyi turuvchi prokurorlar yuqori turuvchi prokurorlarga va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga bo‘ysunishi hamda hisobdorligi asosida faoliyat ko‘rsatadi” – deb belgilangan.
Yuqori turuvchi prokuror quyi turuvchi prokurorga ko‘rsatmalar berishga yoxud uning har qanday qarorlarini o‘zgartirish, bekor kilish xuquqiga egaligi, shuningdek, o‘z bo‘ysunividagi boshqa prokurorlarning ishlari to‘g‘ri tashkil etilishi uchun to‘liq javobgarligini o‘rnatilganligi prokuratura tizimini markazlashganligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasida quyidagi prokuratura organlari tashkil qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi.
Viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturasi.
Tumanlar va shaharlar prokuraturalari.
Viloyat prokuraturalariga tenglashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi transport prokuraturasi.
Tuman prokuraturalariga tenglashtirilgan harbiy okruglar, xududiy xarbiy, transport va ixtisoslashtirilgan prokuraturalar.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘limlari.
Barcha prokurorlarning vakolat muddati besh yil.
Konstitutsiyaga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi va bu haqdagi Prezident farmoni Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlanadi.
Bosh prokuror o‘rinbosarlari ham Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Oliy vakillik organi tomonidan tayinlanadi.
Viloyatlarning prokurorlari, Toshkent shahar prokurori, tuman va shahar prokurorlari, ularga tenglashtirilgan prokurorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.