13. Baholovchiga nisbatan qo‘yiladigan malaka talablari Baholovchining malaka sertifikati jismoniy shaxsga, agar u baholovchi tashkilot shtatida tursa yoki agar baholovchi tashkilot tomonidan u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan bo‘lsa, baholashni amalga oshirish huquqini beradi.
-Baholovchining malaka sertifikati talabgor tomonidan malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan beriladi. Malaka imtihonini tashkil etish, o‘tkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
- Baholovchining malaka sertifikatini olishga talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik ma’lumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida so‘nggi besh yilda kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lish;
yoxud oliy ma’lumotga, so‘nggi besh yilda mol-mulkni baholashda baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lishi.
Bunda xorijiy davlatlarda olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasidagi ma’lumotga ekvivalent deb e’tirof etilgan taqdirda e’tiborga olinadi;
b) baholovchilarning professional birlashmalari takliflari hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan dastur bo‘yicha baholovchilar tayyorlash markazlarida maxsus o‘quvdan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikatning mavjudligi, o‘quv tugagan paytdan boshlab hujjatlar topshirilgungacha o‘tgan vaqt bir yildan oshmagan taqdirda.
-Baholovchining xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar baholovchilar tayyorlash markazlarida maxsus o‘quvdan o‘tmasdan malaka imtihoni topshirishga qo‘yiladi.
- Baholovchining malaka sertifikati 5 yil muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatlarga uzaytirilishi mumkin.
14. Baholovchi tashkilotlar faoliyatini tashkil etish Baholovchi tashkilotlar o‘z faoliyatida mustaqildir va har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin, ochiq aksiyadorlik tashkiloti bundan mustasno. Baholovchi (baholovchilar) faqat bitta baholovchi tashkilotning muassisi bo‘lishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan baholash faoliyatini amalga oshirish, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, taqiqlanadi.
Baholovchi tashkilotlar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Baholovchi tashkilotni baholovchining malaka sertifikatiga ega bo‘lgan rahbar boshqaradi.
Quyidagilarni:
qimmatbaho qog‘ozlar, ulushlar, intellektual mulk obyektlari va boshqa nomoddiy aktivlardan tashqari, ko‘char mulkni baholovchi tashkilotlar — eng kam oylik ish haqining kamida 1500 baravari miqdoridagi ustav kapitaliga va shtatida kamida ikki nafar baholovchiga ega bo‘lishi kerak;
mulkiy kompleks sifatidagi korxonadan tashqari, ko‘chmas mulkni baholovchi tashkilotlar — eng kam oylik ish haqining kamida 2000 baravari miqdoridagi ustav kapitaliga va shtatida kamida uch nafar baholovchiga ega bo‘lishi kerak;
biznesni (mulkiy kompleks sifatidagi korxonani, barcha turdagi moddiy va nomoddiy aktivlarni) baholovchi tashkilotlar — eng kam oylik ish haqining kamida 2500 baravari miqdoridagi ustav kapitaliga va shtatida kamida to‘rt nafar baholovchiga ega bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, ustav kapitalining kamida 30 foizi pul mablag‘lari tarzida kiritilgan bo‘lishi kerak.
Baholovchi tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tadbirkorlik subyektlariga Davlat xizmatlari markazlari, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.