Kommandit shirkat o‘zining huquqiy xususiyatlari bilan ham to‘liq shirkatga, ham xo‘jalik jamiyatlariga o‘xshab ketadi. Shuning uchun uni to‘liq shirkat bilan xo‘jalik jamiyati oralig‘idagi yuridik shaxs desa ham bo‘ladi. Shuning uchun ham to‘liq sheriklar bilan bog‘liq munosabatlar to‘liq shirkatga oid normalar bilan tartibga solinadi. Kommandit shirkatni ham to‘liq shirkat kabi ishtirokchilarning soni uncha ko‘p bo‘lmagan tijorat tashkilotlariga o‘xshatish mumkin. Bunda ishtirokchilarning eng kam miqdori ikki shaxs (bitta to‘liq sherik, bitta kommanditchi)dan iborat, eng ko‘p miqdori esa qonun bilan cheklanmagan. Kommandit shirkatdagi to‘liq sheriklar to‘liq shirkatdagidek shirkatning nomidan xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishadi.
Kommanditchilar shirkat faoliyatini boshqarishga hamda uning nomidan faoliyat ko‘rsatishga haqli emaslar. Shirkat nomidan vakolatnoma berilgan hollar esa bundan mustasno, shuning uchun ham kommanditchilar shirkat faoliyatida passiv ishtirok etadilar. Biroq kommanditchi to‘liq shirkatga nisbatan muayyan ustunliklarga ega, ya’ni birinchidan, uning shirkat majburiyatlari buyicha javobgarligi qo‘shgan hissasi bilan cheklangan bo‘lsa; ikkinchidan, shirkat tugatilayotganda kreditorlarning talabi qondirilgach, kommanditchilarning ham talabi qondiriladi.
Agar kommandit shirkatning firma nomiga kommanditchining nomi qo‘shilgan bo‘lsa, u to‘liq sherikka aylanadi hamda o‘ziga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulklari bilan shirkat majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘ladi.
Yuqorida kommandit shirkat ayrim xususiyatlari bilan xo‘jalik jamiyatiga o‘xshab ketishligi aytilgan edi. Bu yerda kommanditchini xo‘jalik jamiyati azosi yoki aksiyadordan farqini bilib olish katta ahamiyat kasb etadi. Agarda xo‘jalik jamiyatining ishtirokchi (aksiyador)lari umumiy majlis orqali jamiyat boshqaruvida ishtirok etishsa, kommanditchi esa, shirkat boshqaruvida ishtirok eta olmaydi, balki uning faoliyatini nazorat qiladi, xolos.
Kommandit shirkat kommanditchilarning barchasi undan chiqib ketganda yoki bo‘lmasa to‘liq shirkatni tugatish uchun asos bo‘lgan holatlar vujudga kelganda tugatilishi mumkin. Kommandit shirkatda kommanditchilar qolmaganda, u to‘liq shirkatga aylantirilishi mumkin. Shuning uchun Fuqarolik kodeksining 58-moddasida yakka tadbirkorlar va (yoki) tijoratchi tashkilotlar to‘liq shirkatlarning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarda to‘liq shirkatlar bo‘lishlari mumkinligi ko‘rsatilgan, chunki aynan ular tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin. Mazkur talab O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi qonunida ham o‘z aksini topgan.