Davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish O‘zbekiston bozor munosabatlariga o‘tishining asosiy tamoyil-laridan biri bu – davlatning bosh islohotchi ekanligidir.
Mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganlaridek, “Davlatning boshqaruv sohasidagi roli inkor etilsa, ma’muriy buyruqbozlik tizimidan iqtisodiyotning bozor tamoyillariga o‘tishini ta’minlash qiyin kechadi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bozor munosabatlari me’yori mustahkamlanib, islohotlarning ortga qaytmasligi ta’minlanib borgan sari davlatning ta’siri ham shunga muvofiq ravishda izchillik bilan kamayib boraveradi”. [I.A.Karimov. “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari taraqqiyot kafolatlari”. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 199. 189-bet.] Shu nuqtai nazardan davlat iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning hamma sohalarini o‘zgartirish rejalarini tuzib, uni izchillik bilan amalga oshirishni ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi. Bu esa bozor sharoitida iqtisodiyotni davlat yo‘li bilan boshqarish va tartibga solish hamda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bevosita huquqiy vositalar yordamida hal etishga imkoniyat yaratadi.
Davlat tadbirkorlik huquqi sub’ektlariga xos bo‘lgan xususiyatlarga ega.
Tadbirkorlik huquqining sub’ekti sifatida davlat bir vaqtning o‘zida boshqa tadbirkorlik huquqining sub’ektlaridan farq qiladi.
Masalan: Davlat iqtisodiy munosabatlarga kirishar ekan, boshqa sub’ektlar kabi o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun ruxsatnoma olishi talab etilmaydi. Shu bilan birga iqtisodiyotga rahbarlik qilishni yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ hujjatlar asosida amalga oshirilishi ham unga xos bo‘lgan xususiyatlardan bo‘lib hisoblanadi.
Davlatning tadbirkorlik huquqi sub’ektlari qatoriga qo‘shmaslik, tadbirkorlik faoliyatiga oid masalalarni hal qilishda ko‘pgina noaniqliklarni kelib chiqishiga, bu boradagi masalalarni qaysi huquq sohasi normalari bilan tartibga solinishi lozimligi to‘g‘risidagi masalalarda chalkashliklarni kelib chiqishiga sabab bo‘lar edi. Davlatning tadbirkorlik huquqining sub’ekti sifatida o‘ziga xos xususiyatlarini birma-bir tahlil qilishga harakat qilamiz.
Amaldagi qonunlarimizga muvofiq xususiy va ommaviy mulk shakllari mavjud. Ommaviy mulk davlat mulkidan iborat bo‘lib, u ikki xil turdagi mulkdan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi mulki va munitsipal mulkdan tashkil topadi.
Shu yillar mobaynida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlaridagi davlat mulki hisoblangan 31 mingdan ziyod korxona xususiy mulkdorlar va aksiyadorlar ixtiyoriga berildi… Biz iqtisodiyotimizda davlatning ulushi va o‘rni qanday bo‘lishini tanqidiy ko‘z bilan baholab, uni strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirishimiz lozim. (I.Karimov - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi) Yuqoridagi mol-mulklar asosida davlat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi va ularni o‘z organlari orqali korxonalarning tadbirkorlik faoliyati yuritishiga berib, yangi sub’ekt korxonalarni tashkil etadi. Shuningdek, mulkdor sifatida davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish masalalarini o‘zining maxsus organlari vakolatiga bergan.
Davlat mulki bo‘lgan maxsus ob’ekt - davlat xazinasiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan tushadigan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha davlat kreditor hisoblanadi. Shuningdek, davlat nomidan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha g‘azna mablag‘lari hisobidan javobgar hisoblanadi. Davlatning vakolati tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan boshqaruv faoliyati bo‘lib hisoblanadi.
Davlat insonlarning moddiy va manaviy ehtiyojlarini qondirishdek ulkan vazifani bajarish maqsadida erkinlik asosidagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bir vaqtda, hisob-kitob yuritish, moliya, soliq, sub’ektlar imtiyozlari kabi institutlarni tartibga solish ishini olib boradi va ular yagona dastur sifatida ko‘rinadi.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish usuli umumiy va alohida asoslarda amalga oshiriladi. Umumiy asos bo‘lib qonun chiqarish bo‘lib hisoblansa, alohida asosda turli-tuman sohalar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga nisbatan o‘z ta’sirini o‘tkazadi, ya’ni iqtisodiy faoliyatning turli jihatlarini tartibga soladi.