3-modda. Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-iyuldagi PF-6255-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasining 8-kichik bo‘limi. 4-modda. Terrorizmga qarshi kurashning asosiy prinsiplari Terrorizmga qarshi kurashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
shaxs huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
terrorizmning oldini olish choralari ustuvorligi;
jazoning muqarrarligi;
terrorizmga qarshi kurash oshkora va nooshkora usullarining uyg‘unligi;
jalb etiladigan kuchlar va vositalar tomonidan terrorchilikka qarshi o‘tkaziladigan operatsiyaga rahbarlik qilishda yakkaboshchilik.
5-modda. Terrorchilik faoliyatining oldini olish Terrorchilik faoliyatining oldini olish davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa profilaktik choralar majmuini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Quyidagilar taqiqlanadi:
terrorizmni targ‘ib qilish;
terrorchilik guruhlari va tashkilotlarini tuzish hamda ularning faoliyat ko‘rsatishi;
terrorchilik faoliyatiga daxldor yuridik shaxslarni, ularning bo‘linmalari (filiallari) va vakolatxonalarini (shu jumladan chet el va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini) akkreditatsiya qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyat ko‘rsatishi;
terrorchilik faoliyatiga daxldor chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi;
tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlariga oid ma’lumotlar va faktlarni yashirish.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-iyuldagi PF-6255-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasining 2-kichik bo‘limi.