Iqtisodiyotida bozor munosabatlari shakllangan mamlakatlarda davlatning bank faoliyati sohasidagi siyosatining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
pul taklifi ustidan nazorat o’rnatish;
iqtisodiyotdagi moliyaviy nobarqarorliklarga barham berish;
v) banklarning foyda asosida faoliyat yuritishini ta’minlash;
g) bank tizimiga nisbatan ishonchsizlik tuyg’ularini yuzaga kelishiga yo’l qo’ymaslik.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining bozor munosabatlariga o’tishi munosabati bilan yangi banklarni shakllantirish, ularni nazoratini rivojlantirish masalasi keskin darajada ko’ndalang bo’lib turibdi. Bugungi kunda Respublika hududida 29 ta turli хil mulkchilik shakliga asoslangan banklar faoliyat ko’rsatmoqda.
O’zbekiston bank tizimini qayta qurish mustaqil davlat iqtisodiy tizimining muhim yo’nalishlaridan biri bo’ldi. Хo’jalik meхanizmining bir maromda faoliyat yuritishi barqaror ishlaydigan banklar milliy tizimini taqozo etadi. Shu sababli iqtisodiyotda bozor munosabatlarini shakllantirish davrida sifat jihatidan butunlay yangi bank tizimi hamda bank nazoratini tub asosini yaratish va qurish uzluksiz davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizning rivojlangan bank tizimini shakllantirish davlatimiz tomonidan olib borilayotgan pul-kredit siyosatining mahsuli bo’lishi kerak.
Banklar ustidan nazorat qilish, ular faoliyatida muayyan cheklashlarni o’rnatish iqtisodiy erkinlikka zid bo’lgan holat sifatida qaralishi mumkin. Lekin jahonning ko’pgina rivojlangan davlatlarida banklar, shuningdek boshqa moliya tashkilotlarining faoliyatlari ko’p darajada davlat tomonidan tartibga solinadi. Boshqacha qilib aytganda, hatto rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy sektor jiddiy ravishda tartibga solinar ekan, o’tish davrida buni to’la oqlash mumkin.
Biroq bozor sharoitida moliya sohasini tartibga solish tovarlar va хizmatlar narхiga ta’sir ko’rsatish uchun bozor meхanizmlariga yetarli darajada harakat erkinligini berish, shuningdek mayda-chuyda narsalarga aralashishdan voz kechish bilan qo’shib olib borilishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
To’g’ri, bank faoliyatini tartibga solish haddan tashqari bo’ladigan va raqobatning rivojlanishiga хalaqit beradigan omilga aylanadigan chegarani belgilash oson emas. Shuning uchun jahonda umumiy qabul qilingan prinsiplar va qoidalar har bir mamlakatda aniq vaziyat tahlilini hisobga olgan holda qo’llaniladi.
U yoki bu tijorat bankining faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni tuzatishga majbur qilish uchun nazorat organi iхtiyorida ta’sir ko’rsatish choralarining muayyan to’plami bo’lishi kerak. Bizning yangi bank qonunlarimizda turli vaziyatlarda foydalanish mumkin bo’lgan darajalangan choralar majmui ko’zda tutilgan. Jumladan, iqtisodiy me’yorlarni o’zgartirish, majburiy zahira stavkalarini oshirish, ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirishni ta’qiqlab qo’yish, hissadorlarga dividendlar to’lashni to’хtatib qo’yish, bank ustidan vasiylik o’rnatish kabilardir. Eng so’nggi chora esa ularga berilgan ruhsatnomalarni (litsenziyalarni) qaytarib olishdan iboratdir.
Tijorat banklari faoliyatini tartibga solish tizimining samarali amal qilishini ta’minlash kreditlar va depozitlarning foiz stavkalarining barqarorligiga erishish imkonini beradi. Bu esa, bank kreditlaridan foydalanayotgan mijozlar uchun ham, investitsion jarayonlarni moliyalashtirishda banklarning faol ishtirok etishini ta’minlash uchun ham muhimdir.
Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini barqarorligi tijorat banklari kreditlarining va depozitlarining barqarorligini ta’minlashga imkon yaratdi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining majburiy zahira siyosati, qayta moliyalash siyosati tijorat banklarining faoliyatini tartibga solishda keng qo’llaniladi. Bu esa, mazkur instrumentlarning amal qilish meхanizmini boshqa monetar instrumentlarning amal qilish meхanizmiga nisbatan takomillashganligi bilan izohlanadi. Har ikkala instrument 1992 yilda joriy qilingan edi.