Mehnatni muhofaza qilishni moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratiladigan byudjet mablag‘lari;
- ish beruvchining o‘z mablag‘lari;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan mehnatni muhofaza qilish jamg‘armalarining mablag‘lari;
- yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Mehnatni muhofaza qilish uchun byudjet mablag‘lari tegishli (respublika va mahalliy) byudjetlarda alohida qayd bilan ajratiladi, bu mablag‘lardan boshqaruv organlarining, nazorat qiluvchi va tekshiruvchi organlarning ta’minoti, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, mehnatni muhofaza qilishga oid davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni bajarish uchun foydalaniladi.
Har bir ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni qonun hujjatlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek jamoa kelishuvlarida yoki boshqa ichki normativ hujjatlarda belgilanadigan miqdorda ajratadi. Xodimlar ana shu maqsadlar uchun biror-bir chiqim qilmaydilar.
Tashkilotlar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘armani o‘zining tijorat faoliyati va boshqa faoliyatidan olinadigan foyda (daromadlar), shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil etishga haqlidir.
Mehnatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan mablag‘lardan boshqa maqsadlar uchun foydalanilishi mumkin emas.
Mehnatni muhofaza qilish uchun ish beruvchi tomonidan mablag‘lar ajratish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘armalarni tashkil etish va ularning mablag‘laridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishtirokida belgilanadi.
16.Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazorati?
3. Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish. Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari tomonidan ham amalga oshiriladi. Bular jumlasiga quyidagi davlat organlarini kiritish mumkin:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi;
- O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi;
- “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi;
- “O‘zdavenergonazorat” - elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi havo, suv va tuproqni ifloslantirishdan ogohlantirish, shovqin va titrashni yo‘qotish, korxonalarda sanitariya holati talab darajasida bo‘lishni ta’minlash (harorat, nisbiy namlik, yoritilganlik va h.k.) ishlarni nazorat qiladi. Jumladan kasb kasalliklari kelib chiqishini oldini oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi yong‘inlarni oldini olish prafilaktikasi va unga qarshi tadbirlarni, o‘t o‘chirish vositalarining holatini, yong‘in haqida xabar berish vositalarining ishini nazorat qiladi.
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bug‘ qozonlarining to‘g‘ri ishlashini, bosim ostida ishlaydigan idishlarni, yuk ko‘tarish texnikalari (ko‘tarma kranlar, liftlar), ekskavatorlar, gaz uskunalari, magistral quvurlar ishini, korxonalardagi ionlashtiruvchi manbalar xolati, ionlashtiruvchi manbalar va portlovchi moddalarni ishlatish, saqlash va tashish ishlarini nazorat qiladi.
“O‘zdavenergonazorat” davlat inspeksiyasiningasosiy vazifalari:
- elektr energiyasi, issiqlik energiyasi oqilona va samarali ishlab chiqarilishi, uzatilishi, iste’mol qilinishini va ko‘mirdan foydalanilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- elektr energiyasini, issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda, uzatishda, iste’mol qilishda va ko‘mirdan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan oldini olish chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazorat qilish;
- elektr energiyasi, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, iste’mol qilish va ko‘mirdan foydalanish sohasida zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish.