Naqd pullarning holati, ulardan foydalanish bilan bogʻliq savollar koʻpchilikni qiziqtiradi. Markaziy bankka ijtimoiy tarmoqlar va boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali kelib tushgan savollarga Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin BOZOROVdan javob oldik.
– Baʼzida eski, gʻijimlangan qogʻoz pullarni savdo shoxobchalarida qabul qilishmaydi. Bu qanchalik toʻgʻri? Naqd pullar qachon yaroqsiz hisoblanadi? – Xoʻjalik yurituvchi subyektlar qanday holatdagi banknotlarni moneliksiz toʻlovga qabul qilishlari lozimligi va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari mumkinligi belgilangan. Xususan, bular:
har qanday qismida teshik yoki yirtilishlar, siyqalanishlar, (jumladan gʻijimlangan) dogʻlar, qalam, siyoh va flomaster bilan yozilgan yozuvlari mavjud boʻlgan pullar;
yirtilgan va yelimlangan pullar, agar pulning ikkala qismi shak-shubhasiz bitta banknotga tegishli boʻlsa;
boʻyoq moddalari va kislota toʻkilgan, tabiiy rangi oʻzgargan, kuygan, boʻyalgan yoki chizilgan pullar;
shikastlanish turi va joylashishidan qatʼi nazar, banknot toʻliq hajmining 55 foizidan kam boʻlmagan qismi saqlanib qolingan pullardir.
Bu talablar Markaziy bankning “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnoma” “soʻm”ning toʻlovga yaroqlilik belgilarni aniqlash qoidalari (2018-yil 29-iyunda 3028-son bilan roʻyxatga olingan)da belgilab berilgan.
Yanada aniqroq boʻlishi uchun tushuntirib oʻtaman.
Banklarda naqd pullarni saralash jarayonida ular “muomalaga yaroqli”, “eskirgan”, “toʻlovga yaroqsiz” pullar toifalariga ajratiladi.
Siyqalanmagan, yaʼni banknot qogʻozining mustahkamligi, uni yana muomalada aylanishi uchun imkoniyat beradigan darajada mustahkam pullar “muomalaga yaroqli” banknotlar toifasiga kiradi.
Bunday banknotlarning shikastlanganligi quyidagi darajada boʻlishi talab etiladi:
hech qanday shikastlanish belgilariga ega boʻlmagan banknotlar;
banknotning ayrim qismiga (yoki qismlariga) yozilgan yozuvlar yoki boʻyalgan (boʻyoq toʻkilgan) joyi banknot umumiy hajmining 5 foizidan oshmaydigan hamda pulning nominalini yoki uning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan banknotlar;
banknotning yirtilgan, teshilgan joyining diametri yoki yirtilib tushgan burchagi (qismi) 1 sm.dan oshmaydigan hamda ushbu shikastlanishlar banknotning nominalini yoki uning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan banknotlar;
rangi keskin tarzda oʻzgarmagan banknotlar.
“Eskirgan” banknotlarga esa yuqoridagi talablarga javob bera olmaydigan pullar kiradi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Eskirgan pullar savdo nuqtalarida qabul qilinadimi? Albatta. Eskirgan pullar toʻlovga yaroqli hisoblanadi. Shu bois ular savdo nuqtalarida qabul qilinishi shart.
– Qanday pullar toʻlovga yaroqsiz hisoblanadi va qabul qilinmaydi? – Banknot yuzasining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan pullar “toʻlovga yaroqsiz” hisoblanadi va ular savdo shoxobchalarida qabul qilinmaydi. Shuningdek, pul oldi-berdisida banknotlarning tegishli himoya belgilariga ega boʻlishiga jiddiy eʼtibor qaratish zarur. Banknotdagi uning nominal qiymatini aks ettiruvchi yozuv va raqamlarni oʻzgartirish orqali hosil qilingan “qalbaki”, “soxta” pullarga aldanib qolmaslik zarur.
– Bir-biriga yelimlangan pullar yaroqli hisoblanadimi? – Yelimlangan banknot qismlari bitta banknotga tegishli boʻlsa, yaʼni seriya, raqamlari bir xil boʻlganda “yaroqli pul” sifatida toʻlovga qabul qilinishi lozim. Ayrim hollarda, bir xil nominaldagi, biroq 2 ta banknotning qismlarini bir-biriga yelimlanganligini uchratish mumkin. Yaʼni banknot qismlaridagi seriya, raqamlar turlicha boʻladi. Ushbu banknotlarning har ikki qismi alohida olinganda, banknot umumiy yuzasining 55 foizidan kam boʻlsa “toʻlovga yaroqsiz” deb topiladi. Aksincha boʻlsa, qabul qilinadi.
– Eskirgan, yirtilgan pullarni banklarda almashtirib olish mumkinmi? Buning tartibi qanday? – Agar banknot yuqorida aytib oʻtilgan “toʻlovga yaroqsiz” pul toifasiga mansub boʻlmasa, ularni banklarda hech qanday muammosiz almashtirib olish mumkin. Bunda banklar kassalari orqali shikastlangan, eskirgan banknotlar qabul qilinib, ularning umumiy summasiga teng boʻlgan miqdorda yaroqli banknotlar bilan almashtirib beriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunda ham banklar shikastlangan pul belgilarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq cheklovlarsiz almashtirib berishi qayd etilgan. “Eskirgan” pullar banklarda qabul qilingach, ular qayta muomalaga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Eslatib oʻtaman, “toʻlovga yaroqsiz” pullar banklarda almashtirib berilmaydi.
– Hozirda tangalardan foydalanish koʻnikmasi shakllandi. Savdo shoxobchalarida baʼzida tangalar va mayda pullar yetishmasligi holatlari kuzatilmoqda. Bankka borib, qogʻoz pullarni kichik qiymatdagi kupyuralar va tangalar koʻrinishida “maydalab” olish mumkinmi? – Markaziy bank tomonidan kichik nominaldagi banknotlarni bosqichma-bosqich muomaladan qaytarib olinishi, ularning oʻrniga shu nominaldagi tanga koʻrinishidagi pul belgilarining chiqarilishi natijasida aholida tangalardan foydalanish koʻnikmasi shakllanib bormoqda. Buni juda ijobiy holat sifatida qabul qilish lozim.
Zero, koʻpgina xorijiy davlatlarda ham aholi tomonidan tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda, qaytim qaytarishda tangalardan keng foydalaniladi. Asosan, kichik qiymatdagi pul belgilari tanga koʻrinishida muomalaga chiqariladi.
Xabaringiz bor, 2018-yilda yangicha koʻrinishdagi va oldingi tangalarga nisbatan yengilroq, ixchamroq koʻrinishda 50, 100, 200, 500 soʻmlik yangi namunadagi tangalar chiqarildi va savolingizda qayd etilgan yetishmaslik holatlari yuzaga kelmasligini taʼminlash uchun doimiy ravishda tangalar muomalaga chiqarib borilmoqda.
Misol uchun, 2018-yilda 8,3 mlrd. soʻmlik, 2019-yilda 12,5 mlrd. soʻmlik yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 17,1 mlrd. soʻmni tashkil qildi.
Fuqarolar, shu jumladan, savdo shoxobchalari ham banklardan qogʻoz pullarni kichik qiymatdagi kupyuralar va tangalar koʻrinishida “maydalab” olishlari, shuningdek, savdo shoxobchalari ularga xizmat koʻrsatuvchi bankdan hisob raqamlaridagi mablagʻlar doirasida naqd pullarning bir qismini tanga koʻrinishida olishlari ham mumkin.
Banklarni esa ularning talablariga koʻra Markaziy bank tangalar bilan taʼminlaydi. “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunda ham Markaziy bank va banklar talabga koʻra bir nominal qiymatdagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday toʻlovsiz yoki vositachilik haqisiz ayirboshlashni amalga oshirishi belgilangan.
Lekin ayrim savdo shoxobchalari orqali aholiga qaytim qaytirish uchun tangalarning mavjud boʻlmay qolishi yoki qaytim oʻrniga kam baholi tovarlar, masalan, saqich, konfet, gugurt berilishi tadbirkor uchun foydaliroq hisoblanadi.
Shuning uchun, buni tanga yetishmovchiligi sifatida baholanishi notoʻgʻri boʻlib, avvalo, aholiga savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlarning oʻzlari qaytim qaytarish uchun yetarli tanga pullarga ega boʻlishi lozim. Tangalarni esa tadbirkor xohlagan bankidan qogʻoz pullarni “maydalash” orqali yoki oʻz hisob raqamidagi mablagʻlar hisobidan olishi mumkin.
Bemorning qayeri ogʻriyotganini oʻzidan boshqa hech kim his qilmaganidek, tadbirkorning tangaga boʻlgan talabini ham banklar yoki Markaziy bank bilishi yoki oʻzicha baholashi qiyin.
Misol uchun, bugungi kunda keng tarmoqqa ega boʻlgan yirik supermarketlar, “Toshkent metromoliteni”, avtobus saroylari ularga xizmat koʻrsatuvchi banklarga murojaat qilib, zarur miqdorda tanga pullarni olishmoqda.
Oʻz navbatida, Markaziy bankning joylardagi hududiy bosh boshqarmalarida doimiy ravishda mayda qiymatdagi pullar, jumladan, tangalar zaxirasi shakllantirilmoqda va talabga asosan yetkazib berilishi taʼminlanmoqda.
– Agar pul suv toshishi, yongʻin yo boshqa sabablar tufayli shikastlansa, uni bankda almashtirib olish mumkinmi? Bunda biror bir cheklov belgilanmaganmi? – Adliya vazirligida 2018-yil 29-iyunda 3028-son bilan roʻyxatga olingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnoma”ga asosan favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar oqibatida naqd pullar jiddiy shikastlangan boʻlsa, ularning haqiqiyligi va toʻlovga yaroqli ekanligiga bank kassirlari toʻliq ishonch hosil qilgach, almashtirib berilishi mumkin.
Bank kassalarida shikastlangan, lekin toʻlovga yaroqli ekanligi shubha uygʻotmaydigan banknotlar va tangalarni almashtirib berilishi, hech qanday kassa hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda amalga oshiriladi.
Ushbu shikastlangan pullar bank tomonidan saralash jarayonida “eskirgan” toifasiga oʻtkaziladi va qayta muomalaga chiqarilmaydi hamda Markaziy bankka yuboriladi.
– Hozirda 1000 soʻmlik qogʻoz pullar juda eskirib ketgan. Hatto shu eskirgan pullarni topish ham muammo boʻlmoqda. Buning sababi nimada? Pullarni yangilab borilishi tartibi mavjudmi? Yaqin muddatda 1000 soʻmlikni muomaladan chiqarish kutilyaptimi? – Bilasiz, 1000 soʻm nominal qiymatdagi banknot 2001-yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada boʻlganligi sababli xaqiqatda urinib qolganligini kuzatish mumkin.
Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan koʻproq muomala jarayoniga kirishi, yaʼni qoʻldan-qoʻlga oʻtishi faol boʻlganligi sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qoʻlida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin.
Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda.
Biroq bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotganligi va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 soʻmlik banknotlar muomaladan kamayib borayotganligi haqiqat. Bu tabiiy jarayon boʻlib, xuddi tovarlarga oʻxshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi.
“Bankomatlarga 1000 soʻmlik ham joylashtirilsa boʻlmaydimi?” degan savol tugʻilishi tabiiy.
Boʻladi. Lekin banknotlar sigʻimi cheklanganligi sababli ularni bir martalik toʻldirish orqali imkon qadar koʻproq aholiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlishi, yaʼni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun koʻproq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi.
Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda zarur hollarda bir qismini 1000 soʻmlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq.
Taʼkidlash lozimki, Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullarning qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning oʻrniga yangi banknot va tangalarni muomalaga kiritib borish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqin orada 1000 soʻmlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi koʻzda tutilmagan.
– Naqd pullarning haqiqiyligini tekshirish uchun asosan nimalarga eʼtibor qaratish kerak? – Markaziy bank yangi namunalardagi pul belgilarining muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisidagi xabar va ularning tavsiflarini eʼlon qilib boradi. Pul belgilarining himoya elementlariga doir talablar “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq belgilanadi.
Yaʼni jahonda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham banknotlarning haqiqiyligini taʼminlash, qalbakilashtirishga qarshi bir qancha himoya elementlaridan foydalaniladi. Banknot nominali oshgan sari himoya elementlari ham kuchaytirib boriladi.