Naqd puldan toʻgʻri foydalanish uchun fuqaro yana qanday maʼlumotlardan xabardor boʻlishlari maqsadga muvofiq? – Bugungi kunda ming afsuski, muomalaga chiqarilgan milliy valyutamiz banknotlariga putur yetkazish, ularni gʻijimlash, yirtish, ustiga turli xil ismlar, telefon raqamlari, summalar va boshqa narsalarni yozib qoʻyish holatlari ham uchrab turibdi.
Avvalo qayd etish lozimki, milliy valyutamiz – respublikamiz iqtisodiy mustaqilligining ramzlaridan biri hisoblanadi hamda ularda davlat ramzlari – Gerb, Bayroq tasvirlari ham aks ettirilgan.
Garchi milliy valyutaga jismonan zarar yetkazishga nisbatan qonunchilikda javobgarlik belgilanmagan boʻlsa-da, oʻz yurtini hurmat qilgan har bir fuqaro, uning pul birligiga ham hurmat bilan qarashi va muomaladagi nufuziga putur yetkazmasligi lozim. Bu oʻzini hurmat qilgan, odob-axloq etikasi normalarini bilgan har bir insonning qoʻlidan keladi, albatta.