1-rasm: Erkak o’t tupining umumiy ko’rinishi va har xil turga mansub erkak o’tning organlari. Sistematikasi: Erkako’t – Agropyrum avlodiga mansub. Bu avlodning 13 ta turi bo’lib, ko’proq 4 tasi ekiladi.
Keng boshoqli taroqsimon erkak o’t – Agropyrum Pectiniforme.
Keng boshoqli erkak o’t – Agropyrum cristatum.
Tor boshoqli sibir erkak o’ti – Agropyrum sibiricum.
Tor boshoqli dasht erkak o’ti – Agropyrum desertorum.
Ildizi yaxshi rivojlangan popuk ildiz, tuproqning 2-2, 5 m chuqurligicha kirib boradi. Haydalma qatlamda zich chim hosil qiladi. Poyasi somonpoya, tik o’sadi. Bo’yi 50-80 sm gacha bo’lib, yaxshi tuplaydi. Bargi oddiy, ingichka va uzun. To’pguli – boshoq, boshog’i keng va tor bo’ladi. Gullari tukli yoki tuksiz bo’ladi. Boshoqchalari kalta qiltiqli (1-4 mm). Mevasi qobiqli doncha. 1000 ta urug’ vazni 1,6-2,2 kg 1 gektarga ekish me’yori o’rtacha 8-12 kg. Pichan tayyorlash uchun boshoq tortish fazasida o’rilsa to’yimliligi yuqori bo’ladi.
Oq so’xta– yaylov va pichanzor o’simligi bo’lib, uni bir yilda 2-4 martagacha o’rish mumkin. U ayniqsa gullash davrigacha to’yimli bo’ladi. Shu fazasida o’rilgan pichanini 100 kg da 55 oziq birligi va 4 kg hazm bo’luvchi oqsil bo’lsa, yashil ozuqasini 100 kg da 21,1 oziq birligi, 1,5 kg hazm bo’luvchi oqsil, 69 foiz suv, 8,9 foiz to’qima va 14,4% AEM bor. O’rtacha hosildorligi 50-60 sentner. Oq so’xta Dactylis gromerata L. O’simlik ildizi popuk ildiz. Poyasi tik o’sadi, somonpoya. Bo’yi 80-150 sm, yashil-sarg’ish rangda. Bargi sodda, keng va uzun. Bargining vazni poyaga nisbatan ikki marotabagacha og’ir bo’ladi. To’pguli zich ro’vak. Ro’vagining uzunligi 20-30 sm. Mevasi – qobiqli doncha, shakli cho’zinchoq. 1000 ta donining vazni 1,0-1,5 gramm. Oq so’xta uzun kun o’simligi. Yer osti suvi yaqin bo’lgan yerlarda yaxshi o’sadi. Urug’lari 5-6 0 S da bo’rtadi. Yaxshi o’sib rivojlanishi uchun 20-22 0S haroratni talab etadi. Oq so’xtaning Krasnodarskaya – 20 va Moskovskaya – 222 navlari ko’p ekiladi. U erta bahorda, kuzda va qisholdi davrida yoppasiga yoki qatorlab ekilishi mumkin. Ekish me’yori gektariga sof holda 12-14 kg, aralash holda esa 8-10 kg. Oq so’xtani pichan uchun ro’vak chiqarish paytida o’rib olinadi. O’rish bundan kechiksa poyasi dag’allashadi va hosil kamayadi. Oq so’xtani pichan uchun ro’vak chiqarish paytida o’rib olinadi. O’rish bundan kechiksa poyasi dag’allashadi va hosil kamayadi.
Sudan o’ti – Sorhum sudanense turiga mansub bir yillik serhosil yem-xashak o’simligi. Undan ko’kat, pichan, silos, senaj tayyorlanadi. Ildizi yaxshi rivojlangan popuk ildiz, yon tomonga 75 sm gacha tarqalgan, tuproqqa 2,5 m chuqurlikgacha kirib boradi. Poyasi – somonpoya, tik o’sadi, silindrsimon, silliq, tuksiz, parenxima to’qimalari bilan to’lgan. Rangi och yashil, bo’yi 0,5-3,0 m gacha. Yaxshi tuplanadi, o’rtacha bir tupida 12,25 ta poya bo’ladi. O’rimlardan keyin qayta tez o’sadi. Naviga qarab asosiy poyasida 3 tadan 12 tagacha bo’g’in bo’lib, har biridan bittadan barg chiqadi. Bargi oddiy, yirik, uzunligi 60 sm gacha, tuksiz, yashil rangli, ro’vak chiqarish davrida o’simlik serbarg bo’ladi. Ro’vagi tik o’sadi, shakli tuxumsimon, yoyiq, uzunligi 25-40 sm gacha va undan ortiq bo’lishi mumkin. Ro’vagi yaxshi shoxlanadi, yon shoxlarining uchida 3 tadan boshoqchalar joylashadi, ulardan o’rtada joylashgani meva hosil qiladi. Boshoqchada 2 ta gul bo’ladi, bittasi meva beradi. Gul qobiqlari mayin, boshoqcha qobiqlari qattiq, silliq, sarg’ish-jigar, kul, jigar va qora rangda. Mevasi – qobiqli don, tuxum shaklida. Donning rangi sariq, jigar, qizg’ish-qizil rangda. 1000 ta urug’ining vazni 5-15 g. Sudan o’ti pichan, senaj tayyorlash, ko’kat oziq va yaylov o’ti sifatida foydalanish uchun o’stiriladi. 100 kg pichani 52 ozuqa birligiga teng.