5-masala. Drozofila pashshasi qanotining uzun bo’lishini dominant A geni va kalta bo’lishini retsessiv a geni ta’minlaydi. Gomozigotali uzun qanotli pashshalar kalta qanotli pashshalar bilan chatishtirilganda, F1 pashshalarining qanoti qanday bo’ladi? F1 da olingan urg’ochi va erkak pashshalar o’zaro chatishtirilsa, F2 da olinadigan pashshalarning genotipi va fenotipi qanday bo’ladi? F1 pashshalari uzun va kalta qanotli pashshalar bilan qayta chatishtirilsa-chi?
6-masala. Uzun qanotli pashshalar chatishtirilganda keyingi bo’g’inda olingan pashshalarning hammasi uzun qanotli bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan pashshalarning genotipini aniq aniqlash mumkinmi? Aniq aniqlash uchun qanday chatishtirish o’tkazish kerak?
7-masala. Tut ipak qurtining tuxumlarida po’stlog’ining kulrang bo’lishi oq rangi ustidan to’liq dominantlik qiladi. Tuxumlari kulrang bo’lgan ipak qurtining urg’ochi kapalaklari oq rangli tuxumlardan chiqqan erkak kapalaklar bilan chatishtirilganda, birinchi avlodda olingan kapalaklar kulrang tuxumlar qo’ygan. Birinchi avlod kapalaklari o’zaro chatishtirilganda esa ikkinchi avlodda olingan kapalaklar qo’ygan tuxumlarning 75% i kulrang va 25% i oq rangda bo’lgan. Birinchi avlodda olingan kapalaklar dastlabki chatishtirish uchun olingan kapalaklar bilan qayta chatishtirilsa, keyingi avlodda o’rganilayotgan belgining irsiylanishi bo’yicha qanday natija olish mumkin?
8-masala. Qizil mevali pomidor o’simliklari sariq mevali o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 1/2 qismi qizil mevali va 1/2 qismi sariq mevali bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
9-masala. Silliq donli no’xat o’simliklari o’zaro chatishtirilib, keyingi avlod o’simliklari o’rganilganda, ularning donini fenotip bo’yicha ikki guruhga, ya’ni silliq donlarga va burishgan donlarga ajratish mumkin bo’lgan. Silliq donlar burishgan donlarga nisbatan 3 barobar ko’p bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan silliq donli o’simliklarning genotipi haqida nima deyish mumkin? Belgining irsiylanish qonuniyatini aniqlang.