15-masala. Yumaloq mevali ikkita qovoq o’simliklari chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklarning mevasi yassi (disksimon) bo’lgan. F2 da olingan o’simliklarning 9/16 qismi yassi, 6/16 qismi yumaloq va 1/16 qismi uzunchoq (noksimon) bo’lgan. Nima uchun F2 da 9:6:1 nisbatda ajralish ketganligini tushuntiring va chatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
16-masala. Yassi mevali qovoq o’simliklari uzunchoq mevali o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklarning mevasi yassi bo’lgan. F1 o’simliklari o’zaro chatishtirilib, F2 o’simliklari olingan. F2 o’simliklarining 9/16 qismi yassi, 6/16 qismi yumaloq va 1/16 qismi uzunchoq mevali bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan va chatishtirishdan keyin olingan barcha o’simliklarning genotipini aniqlang hamda o’rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini tushuntirib bering.
17-masala. Yumaloq mevali qovoq o’simliklari o’zaro chatishtirilganda 25% i yassi mevali, 25% i uzunchoq mevali va 50% i yumaloq mevali bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
18-masala. Yassi mevali qovoq o’simliklari uzunchoq mevali o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklarning 1/4 qismi yassi, 2/4 qismi yumaloq va 1/4 qismi uzunchoq mevali bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
19-masala. Oq junli dengiz cho’chqachalari qora junlilari bilan chatishtirilganda, ularning bolalari kulrang junli bo’lgan. F2 da esa oligan cho’chqachalarning 9 qismiga yaqini kulrang, 3 qismi qora va 4 qismi oq junli bo’lgan. O’rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini aniqlang. Nima uchun F2 da 9:3:4 nisbatda ajralish ketganligini tushuntiring. Tahliliy chatishtirish o’tkazilsa, genotip va fenotip bo’yicha qanday natija olish mumkin?
20-masala. Yashil donli javdar o’simliklari oq donli o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da yashil donli o’simliklar olingan, F2 da olingan 89 ta o’simlikning doni yashil, 28 tasiniki sariq va 39 tasiniki oq bo’lgan. O’rganilayotgan belgi qanday irsiylanadi? F1 o’simliklari gomozigotali sariq va oq donli o’simliklar bilan chatishtirilsa, don rangi bo’yicha qanday natija olish mumkin?
21-masala. Makkajo’xori o’simligining ikkita naviga mansub oq donli o’simliklari chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklar qizil donli bo’lgan. F1 o’simliklari oq donli nav o’simliklari bilan qayta chatishtirilganda, keyingi avlodda (FB) oligan o’simliklarning 50% i qizil donli va 50% i oq donli bo’lgan. F1 o’simliklari o’z-o’ziga chatishtirilganda esa F2 da olingan o’simliklarning 9/16 qismi qizil donli va 7/16 qismi oq donli bo’lgan. Chatishtirish uchun va chatishtirishdan keyin olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
22-masala. Ikkita navga mansub oq donli makkajo’xori o’simliklari chatishtirilganda, birinchi avlodda olingan o’simliklarning hammasi qizil donli bo’lgan. Bunday duragay o’simliklar boshqa navga mansub oq donli makkajo’xori o’simliklari bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 3/4 qismi oq donli va 1/4 qismi qizil donli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan barcha o’simliklarning genotipini aniqlang. O’rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini tushuntirib bering.