Biotexnologiya yangi maʼnaviy va axloqiy savollarni keltirib chiqaradi
Biotexnologiyada jamiyat va inson foydasi uchun xizmat qiladigan potensial imkoniyatlar mavjud. Ammo u jamiyat hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi yoki kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Albatta, texnologiyalarning barcha shakllarida ham shunday. Lekin biotexnologiyaning boshqa texnologiyalarga nisbatan foydali jihatlari koʻproq va, shu bilan birga, turli dilemmalarni ham keltirib chiqaradi.
Biotexnologiya yutuqlarini (boshqa texnologik ixtirolar kabi) ommaga keng foydalanish uchun taqdim etishdan oldin ularni yaxshilab tahlil qilish va tekshiruvlardan oʻtkazish juda muhimdir. Klinik tadqiqotlar va hukumat nazorati biotexnologiya mahsulotlarining bozor rastalarida inson uchun xavfsiz, yaroqli va samarali boʻlishini taʼminlashga yordam beradi. Biroq baʼzida yangi tarqalgan maʼlumotlar kompaniyalar va hukumat idoralarini innovatsiyalarning xavfsizligi yoki foydaliligini qayta koʻrib chiqishga majbur qiladi. Bu jarayonni biz baʼzi bir dori vositalarining savdosi toʻxtatilishida koʻramiz.
Bundan tashqari, biotexnologiya innovatsiyalari biotexnologiya maʼlumotidan, usulidan va bilimidan qanday foydalanish kerak yoki kerak emasligi haqidagi yangi axloqiy savollarni ham yuzaga keltirishi mumkin.
Ulardan baʼzilari maxfiylik va kamsitmaslik holatlari bilan bogʻliq. Masalan, agar sizda kasallik tugʻdirishi mumkin boʻlgan gen mavjud boʻlsa, tibbiy sugʻurta kompaniyasi sizdan koʻproq pul olishi kerakmi? Agar maktabingiz yoki ish beruvchingizda sizning genomingizga kirish imkoniyati boʻlsa, oʻzingizni qanday his qilgan boʻlardingiz?
Boshqa shu kabi savollar biotexnologiyaning xavfsizlikka, salomatlikka va ekologiyaga taʼsirlari bilan aloqador. Misol uchun, kimyoviy vositalar ishlatilishini kamaytirish uchun oʻsimliklar genetik moslashtiriladi. Bunda oʻsha oʻsimlik oʻzining insektitsidlarini hosil qiladi. Ammo bu oʻz navbatida boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. Yovvoyi tabiatga tushib qolgan yoki mahalliy populyatsiyalar bilan aralashgan oʻsimlik kutilmagan ekologik oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.
Biotexnologiya odamlarni qiyin ahvolga solish ehtimoli boʻlgan maʼlumot bilan taʼminlashi mumkin. Masalan, ota-ona prenatal tekshiruvlar orqali tugʻilajak farzandida genetik nuqson bor yoki yoʻqligini aniqlashi mumkin. Shunga oʻxshash holda, bir inson qiziqib, genomi ketma-ketligini aniqlatish orqali oʻzida hayot davomida paydo boʻluvchi Hantington kabi bedavo genetik kasallik yuzaga kelishini bilib olishi mumkin.
Ilmiy tadqiqotlar va ilm-fanning rivojlanishi yangi maʼlumotlar, tadqiqot usullari va bilimlarni yuzaga keltiradi. Vaholanki, faqatgina ilm-fanning oʻzigina yangi texnologiyalardan foydalanish kerakmi yoki yoʻqmi kabi savollarga javob bera olmaydi. Hayotimizga oʻzining taʼsirini koʻrsatadigan biotexnologiya innovatsiyalari va mahsulotlari haqidagi suhbatlarda jamiyatimizning har bir aʼzosining oʻz ovozi boʻlishi barchamiz uchun muhimdir.
Dostları ilə paylaş: |