Bir va ko’p korpusli vakum bug’latgichlar.
Asosiy qism.
II.1. Bir korpusli bug’latgichning tuzilishi va ishlash prinsipi bilan tanishish.
II.2. Ko’p korpusli bug’latgichning tuzilishi.
II.3. Vakum bug’latgichning ish unumdorligini aniqlash.
II.4. Vakum bug’latgichning issiq uzatish koefsientini aniqlash.
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Kirish Uchuvchan bo`lmagan moddalar eritmalarini, uning tarkibidagi erituvchini qaynatish paytida chiqarib yuborish yo`li bilan quyuqlashtirish jarayoni bug`latish deb yuritiladi. Agar bug`lanish jarayoni qaynash temperaturasidan past temperaturada suyuqlikning yuzasida ro`y bersa, bug`latish jarayonida bug` eritmaning butun hajmidan ajralib chiqadi.
Quyuqlashtirilgan eritmalar va bug`latish natijasida hosil bo`lgan qattiq moddalarni oson hamda arzon qayta ishlash, saqlash va boshqa joylarga jo`natish mumkin.
Bug`latish jarayonida isituvchi agent sifatida asosan suv bug`i ishlatiladi, bunday bug` birlamchi bug` deb yurtiladi. Qaynayotgan eritmadan ajralib chiqayotgan bug` ikkilamchi bug` deb ataladi. eritmani bug`latish uchun zarur bo`lgan issiqlik miqdori devor orqali beriladi. Faqat ayrim hollarda eritmani quyuqlashtirish uchun kerak bo`lgan issiqlik tutun gazlari yoki boshqa gazsimon issiqlik tashuvchi agentlarning suyuqlik bilan o`zaro kontakti orqali beriladi.
Bug`latish jarayoni vakuum sharoitida, atmosfera va yuqori bosimda olib borilishi mumkin. Eritmalarning xossalari va ikkilamchi bug`ning issiqligidan foydalanish zaruratiga ko`ra yuqoridagi usullardan biri qo`llaniladi.
Vakuum sharoitida bug`latish bir qator afzalliklarga ega: jarayonni ancha past temperaturada olib borish mumkin, bu hol ayniqsa yuqori temperaturada parchalanib ketishi mumkin bo`lgan moddalar eritmalarini quyuqlashtirishda juda qo`l keladi. Bundan tashqari, bu usulda isituvchi agent va eritma temperaturasi o`rtasidagi foydali farq ko`payadi, bu esa qurilmaning isitish yuzasini kamaytirish imkoniyatini yaratadi; vakuum sharoitida bug`latish uchun nisbatan past parametrli (temperatura va bosim) isituvchi agentdan foydalanish mumkin. Bu usulda ikkilamchi bug`dan isituvchi agent sifatida foydalanish imkoni tug`iladi. Vakuum sharoitida bug`latish kamchiliklardan ham xoli emas: bu usulda bug`latish qurilmasining narxi oshadi; vakuum hosil qilish uchun kondensator, tomchi ushlagich va vakuum-nasoslar kerak bo`ladi, bundan tashqari, qurilmani ishlatish uchun zarur bo`lgan sarf ham ko`payadi.
Atmosfera bosimidan yuqori bo`lgan bosimda bug`latishda hosil bo`lgan ikkilamchi bug`dan qaytadan bug`latish jarayonida hamda bug`latish bilan bog`liq bo`lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin. Boshqa maqsadlar uchun foydalanilayotgan ikkilamchi bug` ekstra-bug` deb ataladi. Yuqori bosim bilan bug`latish jarayonida ekstra-bug`ni ajratib olib ishlatish vakuum sharoitida bug`latishga nisbatan issiqlikdan to`laroq foydalanish imkonini beradi. Yuqori bosim bilan bug`latish eritmaning qaynash temperaturasining ortishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori bosim bilan bug`latishni amalga oshirish uchun yuqori temperaturali isituvchi agent kerak bo`ladi. Shu sababli bu usul yuqori temperaturaga chidamli moddalarning eritmalarni quyultirishda ishlatiladi.
Atmosfera bosimi sharoitida bug`latishda ikkilamchi bug` ishlatilmaydi, u atmosferaga chiqarib yuboriladi. Bunday usul eng oddiy, ammo iqtisodiy jihatdan eng tejamsiz hisoblanadi.
Sanoatda bug`latish jarayoni bir va ko`p korpusli qurilmalarda amalga oshiriladi. Asosan ko`p korpusli, ya`ni bir necha korpusdan tashkil topgan bug`latish qurilmalari ishlatiladi. Ko`p korpusli qurilmalarning faqat birinchi korpusiga isituvchi (birlamchi) bug` beriladi, keyingi korpuslarini isitish uchun esa oldingi korpuslardan chiqqan ikkilamchi bug` ishlatiladi. Natijada isituvchi bug`ning umumiy sarfi kamayadi.
Ishlash rejimiga ko`ra bug`latish qurilmalari davriy va uzluksiz bo`ladi. Kichik masshtabdagi ishlab chiqarishlarda va ayrim vaqtda, eritmalarni yuqori kontsentratsiyalargacha bug`latishda davriy ishlaydigan bug`latish qurilmalari qo`llaniladi. Sanoatda asosan uzluksiz ishlaydigan bug`latish qurilmalaridan foydalaniladi. Zamonaviy bug`latish qurilmalari ancha katta isitish yuzasiga ega, ba`zan bitta qurilmaning isitish yuzasi 2000 m2 dan ortib ketadi.